Tojdorvirus pandemiyasiga qarshi kurashishning ikki usuli haqida mulohazalar
Hozirgi kunda butun dunyo, BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ta'kidlaganidek, nafaqat koronavirusga qarshi, balki Covid-19 haqida noto'g'ri axborot ko'payishiga qarshi ham kurashmoqda. Chunki yolg'on ma'lumotlar koronavirusdan-da xavfliroqdir.
Bu fikrning qanchalik asosli ekaniga shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli xabar va chiqishlar misolida ham ishonch hosil qilish mumkin. Ularning ko'pchiligi BMT, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning bu boradagi qaror yo bayonotlariga asoslanmagan. Shuningdek, koronavirusga qarshi kurashda ibratli natijaga erishgan mamlakatlar tajribasiga yoki ko'plab bemorlarni davolagan fidoyi vrachlar amaliyotiga tayanilmagan.
Dunyo bemisl pandemiya balosiga to'qnash kelgan, u bilan bog'liq ko'p narsalar hali noma'lum bo'lgan, vaziyat deyarli kundan-kun o'zgarib turgan hozirgi davrda, albatta, odamlar hamma joydan axborot izlamoqda. Bunday paytda, afsuski, ko'pchilik turli uydirmalarning jabrini chekmoqda.
Facebook tarmog'i tomonidan birgina mart oyida koronavirus to'g'risida yolg'on ma'lumot berilgan 40 millionta post aniqlangan. Kompaniyaning ta'kidlashicha, Facebook mutaxassislari «insonlar salomatligiga putur yetkazuvchi koronavirus haqidagi yuz minglab dezinformatsiya ma'lumotlari»ni o'chirishgan. Bunday uydirmalar orasida "koronavirusga qarshi kirlarni oqartiruvchi moddalarni ichish foydali" ekani, "odamlar orasida xavfsiz masofaga rioya qilish esa samarasizligi" to'g'risidagi asossiz ta'kidlar ham bor.
Aytmoqchimizki, ijtimoiy tarmoqlardagi tojdorvirusga doir chiqishlarning aksariyati internet sahifalarida "yomg'irdan keyingi qo'ziqorin" kabi urchib borayotgan ana shunday yolg'onlarning davomidir. Ularda bir qator bema'ni da'volar ko'tarilayotgani ham buni tasdiqlaydi.
Masalan, bunday chiqishlarda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida turli davlatlarda joriy etilgan karantin, o'zini o'zi yakkalash kabi muayyan cheklovlar go'yoki samarasiz ekanini uqtirishga harakat qilinmoqda. Buning isboti sifatida qat'iy cheklov choralarini joriy etish orqali tegishli natijalarga erishgan Xitoy va Janubiy Koreyaning tajribasi tanqid ostiga olinmoqda. Yevropa qit'asidagi karantin e'lon qilmagan ayrim mamlakatlarning befarqligi, aksincha, targ'ib etilmoqda.
Sodda qilib aytganda, haqiqatning oyog'ini osmondan keltirib "tushuntirilmoqda". Eng yomoni, pandemiyani hatto siyosiylashtirishga urinishlar bo'lmoqda. Holbuki, bu qattol virus sayyoramizda, 20 aprelning birinchi yarmi holatiga, 2 million 404 ming 249 kishiga yuqqan bo'lib, shundan 165 ming 229 nafar insonning yostig'ini quritdi.
Shu bois mazkur masalaning mohiyatiga batafsilroq to'xtalamiz. Gap shundaki, bugun jahon amaliyotida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashning ikki xil usuli kuzatilmoqda. Bulardan biri – «xitoycha usul» bo'lsa, ikkinchisi «amerika-yevropacha usul» hisoblanadi.
Ekspertlarning ta'kidlashicha, «xitoycha usul» qat'iy karantin choralari majmuining tatbiq etilishida namoyon bo'ladi. Bu usul asosan aholining o'zini o'zi yakkalagan holda himoyalanishi, ijtimoiy masofani saqlash va gigiena talablariga qattiq rioya etishni nazarda tutadi.
Shu bilan birga, transport harakatlanishi cheklanadi. Ishlab chiqarish korxonalari, dam olish maskanlari vaqtincha yopib qo'yiladi. Ommaviy tadbirlarni o'tkazishga ham cheklovlar qo'yiladi. Bundan ko'zlangan maqsad – virusning yuqishi zanjirini aniqlash va bemorlarni aholining asosiy qismidan alohida ajratib davolashdir.
O'z navbatida, «amerika-yevropacha usul» fuqarolarning shaxsiy intizomi va mas'uliyatiga tayanadi. Ya'ni, davlat tomonidan hech qanday cheklov choralari joriy etilmaydi. Infektsiya tarqalishi uchun javobgarlik fuqarolarning zimmasiga yuklanadi.
Mutaxassislarning baholashicha, «amerika-yevropacha usul» zamirida aholining «tabiiy tanlanish» tamoyili yotadi. Bunda aholining aksariyat qismi koronavirusga chalinishi oqibatida tabiiy immunitet yuzaga kelishi ehtimoliga ishoniladi.
Ushbu usul fuqarolar hayoti va sog'lig'i ko'p jihatdan ularning immunitetiga, kasallikka bardosh bera olish imkoniyatiga bog'liqligini nazarda tutadi. Ammo, afsuski, koronavirusdan tuzalgan insonlarning organizmi keyinchalik duch keladigan asoratlar oxirigacha o'rganilmagan.
Hozirgi kunda hatto Buyuk Britaniya ham koronavirusni yuqtirgan bemorlar soni keskin ko'paygani tufayli «erkin choralar» deb ataluvchi usuldan voz kechib, qat'iy karantin yo'lini tanladi. Ayni vaqtda bu yerda koronavirusga chalingan bemorlar soni, 20 aprel` holatiga, 121 ming 170 nafardan, vafot etganlar esa 15 ming nafardan oshgan.
Shuni ham ta'kidlash kerakki, avvalboshda «amerika-yevropacha usul»ni tanlagan Italiya, Ispaniya, Yaponiya kabi ko'plab rivojlangan davlatlar ham pirovardida qat'iy karantin choralarini qo'llashga o'tdi. Buning asosiy sababi mazkur mamlakatlarda koronavirusdan xastalangan va vafot etganlar soni keskin ortib ketgani bilan izohlanadi.
Xususan, AQShda koronavirus, 20 aprel holatiga, 759 ming 569 nafar kishida aniqlangan bo'lsa, shundan 41 ming nafari vafot etgan. Ispaniyada 198 ming 674 kishi bu kasallikni yuqtirgan, 20 ming nafardan ortig'i vafot etgan. Italiyada ushbu achinarli ko'rsatkichlar tegishincha 178 ming 972 nafar va 23 ming nafardan ziyodni tashkil etmoqda.
Qiyoslash uchun: G'arbiy Yevropadagi karantin choralari tatbiq etilmagan yagon mamlakat hisoblanuvchi Shvetsiyada koronavirusga chalingan bemorlar 13 ming nafardan ko'proq bo'lib, 1 ming 400 nafardan ziyod kishi shu kasallik tufayli vafot etgan.
Shunga qaramay, hozirda hatto Shvetsiyada ham cheklov choralarini joriy etish ustida bosh qotirmoqda. Mamlakat bosh vaziri S.Lyovenning aytishicha, insonlarning hayoti va sog'ligi, ish joylari katta xavf ostida qolmoqda, hali yana qancha odamlar koronavirusni yuqtirib oladi va ko'pchilik o'z qadrdonlari bilan vidolashishiga to'g'ri keladi.
Inson – mukarram zot. U aslo "tajriba o'tkaziladigan quyon" emas. Yanada muhimi, koronavirus bo'yicha karantin – inson hayoti va sog'lig'ini saqlab qolishga qaratilgan vaqtinchalik choralardir. Buni insoniyatni boshqarishga qaratilgan qandaydir o'yin deb o'ylayotganlar qattiq yanglishadi.
Siz esa yanglishmang, yurtdoshim. O'zingizni va yaqinlaringizni asrang. Bebaho sog'lik bilan go'zal hayotning qadriga hech narsa yetmaydi.
G'ulom Mirzo
- Qo'shildi: 20.04.2020
- Ko'rishlar: 5557
- Chop etish