Shu kunlarda yana bir muhim xalqaro sanani nishonlash arafasida turibmiz. YUNESKO tomonidan 1991 yil 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni deb e'lon qilingan.
So'ng oradan uch oycha vaqt o'tib, 1991 yil 31 avgustda O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishdi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining, matbuotning jamiyatdagi o'rni va rolini oshirish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida so'z, axborot, matbuot erkinligi kafolatlab qo'yildi.
Bugungi kunda Konstitutsiyamiz va qonunlarimiz talabiga ko'ra, so'z, axborot, e'tiqod, fikr va g'oyalar erkinligi hamma fuqarolarga tegishli hisoblanadi. Davlatimiz rahbari a'kidlaganidek, «fuqarolarning fikr, so'z va e'tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir».
So'z erkinligi, matbuot erkinligi, fikr erkinligi aslida ham fuqarolik jamiyatining mazmun-mohiyatini bor bo'y-basti bilan ochib beruvchi adolat, oshkoralik, demokratiya tushunchalariga to'la hamohang. Istiqlol yillarida bu tushuncha va qadriyatlar jamiyat hayotida mustahkam o'rin egallashi yo'lida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda qonunchilik sohasida va amaliy hayotimizda, ommaviy axborot vositalari va matbaachilikning erkin faoliyati uchun zarur kafolat hamda sharoit barpo etish, jurnalist kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida qo'p ishlar qilindi va qilinmoqda.
Bu haqda so'z borganda, avvalambor, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so'ng qo'shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri bo'lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan asosiy tamoyillar o'zining to'la ifodasini topganligini alohida ta'kidlash lozim.
Deklaratsiyaning 19-moddasida qayd etilgan fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi hamda har kimning o'zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga egaligi shular jumlasiga kiradi.
Konstitutsiyamizdagi “Omaviy axborot vositalari” nomli bob bitta moddadan iborat. Ushbu 67-moddada quyidagi normalar o'z aksini topgan: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to'g'riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo'l qo'yilmaydi”.
O'zbekistonda jurnalistlik faoliyatining huquqiy asoslari va kafolatlari avvalo xuddi shu konstitutsiyaviy normalar bilan mustahkamlangan. Shu asosda o'tgan davrda Konstitutsiyamizdagi tegishli moddalar hamda sohaga taalluqli bir qator qonun hujjatlari majmuidan iborat ommaviy axborot vositalari erkinligini ta'minlashga qaratilgan huquqiy asos vujudga keldi.
Xususan, “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi kabi o'ndan ortiq qonun qabul qilindi.
Jumladan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi qonunda “Tsenzuraga yo'l qo'yilmasligi” masalasiga alohida modda bag'ishlangan. Ushbu 4-moddaga ko'ra:
“O'zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarining senzura qilinishiga yo'l qo'yilmaydi. Hech kim jurnalistdan e'lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o'zgartirilishini yoxud ularning nashrdan butunlay olib tashlanishini (efirga berilmasligini) talab qilish huquqiga ega emas”.
O'z navbatida, “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi qonunning 5-moddasida ommaviy axborot vositalarining erkinligi quyidagicha kafolatlangan:
“O'zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir. Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o'z fikri va e'tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.
Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi”.
Shuningdek, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida”gi qonunning 4-moddasida axborot erkinligiga doir qoidalar qayd etilgan. Ya'ni:
“O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega.
Axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning ma'naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini ta'minlash maqsadida cheklanishi mumkin”.
Mazkur qonunning 5-moddasida axborot erkinligining asosiy printsiplari sanab o'tilgan:
“Ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkinligi va haqqoniylik axborot erkinligining asosiy printsiplaridir”.
Keyingi davrda ushbu soha qonunchiligi tubdan takomillashtirilmoqda. Bir tomondan, amaldagi qonunlarga jiddiy o'zgartirishlar kiritilayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, sohaga doir yangi va ilg'or qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.
Bunda Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi» ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Chunki ushbu dasturiy hujjat boshqa sohalar qatori jamiyatda so'z, fikr, axborot erkinligini yanada ta'minlash yo'nalishini rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi.
Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta'sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko'makchisi va hamdardiga, demokratiya ko'zgusiga aylanishi zarur, deb uqtirdi Prezidentimiz. Hokimiyat va boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy va xolis baho berish, turli sohalardagi kamchiliklar, dolzarb muammolarni dadil ko'tarib chiqish ular faoliyatida asosiy mezon bo'lishi kerak.
Shu ma'noda, 2018 yil 12 aprelda Harakatlar strategiyasining «Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish» deb nomlangan birinchi ustuvor yo'nalishida ko'zda tutilgan «Jamoatchilik nazorati to'g'risida»gi qonun qabul qilindi.
Qonunda jamoatchilik nazoratining sub'ektlari, ob'ekti, uning asosiy tamoyillari belgilangan. Jumladan, jamoatchilik nazorati sub'ektlariga fuqarolar, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari kiritilgan. Jamoatchilik nazoratining ob'ekti esa davlat organlari, shu jumladan, huquq-tartibot va nazorat idoralari hamda ularning mansabdor shaxslaridir.
Ayniqsa, 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun bilan, jumladan, «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida», «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida» hamda «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida»gi qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar
kiritilgani katta ahamiyatga ega bo'ldi.
Bu yangilanishlar birinchi navbatda xalqaro-huquqiy hujjatlar, xorij tajribasi hamda milliy amaliyotdan kelib chiqqan holda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini yanada keng kafolatlaydi.
«Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonun 3 ta yangi modda bilan to'ldirilib, 11 ta moddaga o'zgartirish kiritildi. Xususan, Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-saytlar ham ommaviy axborot vositasi sifatida e'tirof etildi. Veb-saytlar to'g'risidagi norma ushbu Qonunda avval ham mavjud edi-ku, degan mulohaza paydo bo'lishi tabiiy.
Gap shundaki, avvalambor, Qonunning «Ommaviy axborot vositalari» deb nomlangan 4-moddasida berilgan ta'rifda ilgari qo'llanilgan «umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb-saytlar» jumlasi endilikda «Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-saytlar» deb o'zgartirildi.
Qonunning 20-moddasi esa: «Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan taqdirda veb-saytning domen nomi ko'rsatiladi, bunda ushbu modda birinchi qismining oltinchi va o'ninchi xatboshilarida nazarda tutilgan ma'lumotlarni taqdim etish talab qilinmaydi», degan mazmundagi to'rtinchi qism bilan to'ldirildi.
Shu bilan birga, 27-modda matniga quyidagi mazmundagi birinchi qism kiritildi. Ya'ni: «Axborot tashuvchi jismlarga yozilgan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog'iga joylashtirilgan, elektron texnik qurilmalar yordamida foydalanishga mo'ljallangan gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqa davriy bosma nashrlar davriy bosma nashrning elektron shaklidir».
Qonun 27(1)-modda bilan to'ldirilgan bo'lib, ushbu yangi modda «Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi» deya nomlanadi. Unda «Internet jahon axborot tarmog'idagi veb-sayt tarzidagi ommaviy axborot vositasi Internet tarmog'idagi tahririy-noshirlik jihatidan ishlov berilgan, o'zgartirilmagan tarzda tarqatish uchun mo'ljallangan, elektron shakldagi hujjatlar va ma'lumotlarni o'z ichiga olgan axborot resursidir», degan ta'rif bayon etilgan. Bundan tashqari, mazkur veb-saytlar bosh sahifalarida qayd etilishi shart bo'lgan ma'lumotlar sanab o'tilgan.
Shuni ham ta'kidlash joizki, XXI asr jamiyat hayotiga axborot asri sifatida kirib keldi. Zamonaviy axborot va aloqa texnologiyalarining ijtimoiy hayotimizda keng qo'llanilishi axborotning jamiyat rivojlanishiga ta'sir o'tkazuvchi asosiy omillardan biriga aylandi.
Hozirgi axborot, kommunikatsiya va komp`yuter texnologiyalari asrida, Internet kundan-kun hayotimizning barcha jabhalariga tobora chuqur va keng kirib borayotgan bir paytda, odamlarning ongi va tafakkuri uchun kurash hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgan bir vaziyatda qonunchiligimizdagi ushbu yangiliklarning ahamiyati, ayniqsa, dolzarb ekani shubhasiz.
Ayni chog'da, ommaviy axborot vositalari faoliyatini tadbirkorlik sub'ekti va fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tartibga solishga qaratilgan normalar amaliyotga joriy etilgani ham tahsinga loyiqdir.
«Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonunning 5-moddasi: «Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g'ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g'ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi», degan normalar bilan to'ldirildi.
Bu, hech shubhasiz, mamlakatimizda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablari asosida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlashga nihoyatda katta e'tibor qaratilayotganining yaqqol tasdig'idir.
Qonunga «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash» nomli 5(1)-modda ham kiritildi. Ushbu yangi moddani amaliyotga joriy etishdan maqsad ommaviy axborot vositalari faoliyatini tadbirkorlik sub'ekti va fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini tartibga solishdan iborat.
Bunday normalar Avstriya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Moldova, Gruziya kabi bir qator xorijiy mamlakatlar qonunchiligida va Yevropa Itifoqi tavsiyalarida mavjud. Ularda ommaviy axborot vositalarini soliq va bojxona imtiyozlari, davlat tomonidan imtiyozli kreditlar berish, tariflarni tushirish bo'yicha elektron ommaviy axborot vositalariga texnik xizmat ko'rsatish, gazetalar nashriyotining qarzlarini kamaytirish, shuningdek, tahririyatlarga davlat byudjeti va boshqa manbalar hisobidan to'g'ridan-to'g'ri subsidiyalar taqdim etish ko'zda tutilgan.
Shuningdek, Avstriya, Buyuk Britaniya, Italiya, Frantsiya, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Koreya Respublikasi qonunchiligida ommaviy axborot vositalariga soliq va bojxona imtiyozlari qo'llash orqali ham ushbu sohani qo'llab-quvvatlash belgilangan.
«Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonunning 19-moddasiga o'zgartish kiritildi va ommaviy axborot vositasini davlat ro'yxatidan o'tkazish muddati o'n besh kun etib belgilandi. Ilgari bu muddat bir oy edi. Natijada mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining ro'yxatga olinishi va imkon qadar tezroq o'z faoliyatini boshlashi yo'lida yana bir yengillik yuzaga keldi.
Ma'lumki, fuqarolarimizning axborot sohasidagi huquq va manfaatlarini ta'minlash, davlat va jamoatchilik o'rtasida ochiq va samarali muloqot olib borish bo'yicha ommaviy axborot vositalarining roli va ta'sirini oshirish maqsadida 2014 yil 5 mayda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida»gi qonun qabul qilingan.
Mazkur Qonun ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining yanada shaffof, ochiq bo'lishini, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan, respublikamizda va undan tashqarida yuz berayotgan voqea-hodisalar haqidagi fikrlar xilma-xilligi va siyosiy plyuralizmni hisobga olgan holda amalga oshirilayotgan davlatning ichki va tashqi siyosatidan aholining to'liq xabardorligini ta'minlash yo'lida muhim huquqiy asos vazifasini bajarmoqda.
Yangi davrimizning shiddatli islohotlari davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligini, ular faoliyati haqidagi axborotlardan ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, aholining yanada keng va ochiq-oshkora foydalanishini ta'minlash masalasini kun tartibiga qo'ydi. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz ilgari surgan «Inson manfaati hamma narsadan ustun» g'oyasining mazmun-mohiyati va Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar talabidan kelib chiqib, amaldagi qonun hujjatlari yanada takomillashtirilmoqda.
Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar bilan munosabatlarini huquqiy tartibga solishga doir normalar joriy etilayotgani ahamiyatlidir. Bu haqda so'z borganda, «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida»gi qonun 35(1)-modda bilan to'ldirilganiga e'tibor qaratish darkor.
«Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rovi» deb nomlangan ushbu moddaga muvofiq, ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to'g'risida axborot olishga doir so'rov bilan ularga og'zaki yoki yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat shaklida murojaat etish huquqiga ega. Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to'g'risida axborot olishga doir, shuningdek mansabdor shaxslarning interv`yusini tashkil etish to'g'risidagi so'rovi ko'pi bilan yetti kun muddatda ko'rib chiqiladi.
Agar ommaviy axborot vositasining so'rovini ko'rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari jumlasiga kirmasa, so'rov so'ralayotgan axborotni taqdim etish o'zining vakolatiga kiritilgan organga ro'yxatdan o'tkazilgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, ommaviy axborot vositasi esa bu haqda xabardor qilinadi. So'rov rad etilgan taqdirda, ommaviy axborot vositasiga asoslantirilgan javob yuboriladi.
Shu o'rinda «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida»gi qonunga ham ikkita o'zgartirish kiritilgani xususida to'xtalish zarur. Ya'ni, 3-moddaning beshinchi xatboshisidagi «kutubxonalardagi, arxivlardagi» so'zlari «axborot-kutubxona muassasalaridagi, arxivlardagi, idoraviy arxivlardagi» degan; 6-modda ikkinchi qismining to'rtinchi xatboshisidagi «kutubxonalarning, arxivlarning» so'zlari esa «axborot-kutubxona muassasalarining, arxivlarning, idoraviy arxivlarning» degan so'zlar bilan almashtirildi.
Bir qarashda bular tahririy nuqtai nazardan kiritilgan juz'iy tuzatishlardek ko'rinsa-da, ushbu o'zgartirishlarning ahamiyati juda muhim. Bu o'rinda, avvalo, «axborot resurslari» degan asosiy tushunchaga ta'rif berilgan bo'lib, yangi o'zgartirishlar evaziga bu tushunchaning qamrovi kengaymoqda. Mazkur o'zgartirishlar, shuningdek, jurnalist erkin va moneliksiz axborot oladigan axborot resurslari, birinchidan, «axborot-kutubxona muassasalari» timsolida zamonaviylashganini ko'rsatsa, ikkinchidan, ushbu axborot resurslari «idoraviy arxivlar» hisobiga kengayganidan dalolat beradi.
O'z navbatida, «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida»gi qonunning 9 ta moddasiga o'zgartish va qo'shimcha kiritildi. Qonun 7(1)-modda bilan to'ldirildi. Qonunning 16-moddasida ko'rsatilgan normalar 2-moddaga ko'chirilgani sababli chiqarib tashlandi. Bu o'zgartish va qo'shimchalar jurnalistlik faoliyatining erkinligini ta'minlovchi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratishga, jurnalistlarning huquqiy maqomini aniqlashga qaratilgan.
Ushbu yangilanishlarning zamirida, bir tomondan, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risidagi dolzarb normalar aks etgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, yurtimizda ommaviy axborot vositalarining senzura qilinishiga yo'l qo'yilmasligiga doir konstitutsiyaviy talabga qat'iy amal qilish mexanizmlari o'z ifodasini topgan.
Xususan, hech kim jurnalistdan e'lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o'zgartirilishini yoxud ularning nashrdan butunlay olib tashlanishini, efirga berilmasligini talab qilish huquqiga ega emasligiga oid qat'iy normalar qonundan o'rin olgan.
Muhim jihatlardan yana biri shuki, Qonunning oldingi tahririda fuqarolar yoki boshqa axborot manbalari tomonidan ixtiyoriy ravishda ma'lum qilingan maxfiy xabar, shuningdek, fakt yoki voqealar jurnalistika sohasining siri hisoblansa-da, unda manbaning nomini oshkor etmaslik sharti ko'zda tutilmagan edi.
Endilikda axborot manba nomini oshkor etmaslik sharti bilan taqdim etgan xabar va faktlar jurnalistika sohasining siri hisoblanib, buni oshkor etmaslik jurnalist majburiyati sifatida belgilandi.
Qonunga mazkur bandning kiritilishi bir tomondan jurnalist faoliyatining kafolatlarini kuchaytirsa, boshqa tarafdan axborot manbasining daxlsizligini ta'minlash va ushbu sohaga bo'lgan ishonchni mustahkamlashning muhim sharti bo'lib xizmat qiladi.
Boshqacha aytganda, Qonunga kiritilgan barcha yangilanishlar mohiyatan inson omili, uning umume'tirof etilgan haq-huquqlari himoyasini kafolatlashni nazarda tutadi. Unda "jurnalist" tushunchasiga yangi ta'rif berilib, ular faoliyatini amalga oshirish maqsadida axborotni izlash, so'rash, olish, tahrir qilish va tayyorlashda qo'shimcha huquqlar kafolatlandi.
Jurnalistni ommaviy axborot vositalarida axborotni tarqatishda javobgarlikdan ozod etishning aniq mexanizm va mezonlari ham belgilandi.
«Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida»gi qonunga, shuningdek, jurnalistning davlat organlarining ochiq hay'at majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir bo'lishi, jurnalistlik sirini oshkor etmasligi, jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalariga rioya etishiga oid me'yorlar, aytish mumkinki, "Jurnalistning kasbga oid odob-axloq qoidalari instituti" tushunchasi va u bilan bog'liq normalar kiritilgan.
Xususan, Qonun «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari» nomli 7(1)-modda bilan to'ldirilgan. Mazkur yangi moddada qayd etilganidek, «Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistning shaxsiga va o'z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog'ida uning xulq-atvoriga qo'yiladigan talablarni belgilovchi qoidalar majmuidan iboratdir. Jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari jurnalistlarning va ommaviy axborot vositalarining birlashmalari tomonidan belgilanadi».
Bu normalar yurtimizda jamiyatni demokratlashtirishning eng muhim omili bo'lmish ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirishda katta ahamiyat kasb etadi. Zero, ommaviy axborot vositalarining Konstitutsiya, qonunlar va qonunosti hujjatlarda belgilangan huquqlari, erkinliklari hamda majburiyatlariga rioya qilinishida jurnalist faoliyati bilan bog'liq turli nizolarni hal etishga ham to'g'ri keladi. Bunda jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari tegishli muammoga nosudlov yo'l bilan ijobiy yechim topish imkonini beradi.
Hozirgi kunda ommaviy axborot vositalari tomonidan ayrim o'rinlarda noto'g'ri axborot tarqatish, sudning qarori qonuniy kuchga kirmasdan turib, jamoatchilik fikriga ta'sir ko'rsatish, aybi sudda isbotlanmagan shaxsni jinoyatchiga chiqarib qo'yish holatlari ham uchrab turibdi.
Biz barpo etayotgan demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati sharoitida bunday hodisalarga yo'l qo'yib bo'lmaydi. Shuning uchun milliy jurnalistika sohasida etika institutining joriy etilishi inson sha'ni, qadr-qimmati, daxlsizligini ta'minlash va axloq-odob me'yorlarini tartibga solishda yangi qadam bo'ldi, deb hisoblaymiz.
Qonunchilikdagi bu ijobiy o'zgarishlar, o'z navbatida, 2019 yil 17 iyulda O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qabul qilinishiga kuchli turtki berdi. O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksida, jumladan, quyidagilar qayd etilgan:
“Jurnalist odamlarning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqini hurmat qiladi. Shaxs sha'ni va qadr-qimmati kamsitilishiga yo'l qo'ymaydi.
Jurnalist odamlarning shaxsiy hayoti haqidagi ma'lumotlarni faqat ularning roziligi va hujjatlarning sir saqlanishiga rioya qilgan holda e'lon qiladi.
Jurnalist noqonuniy yo'l va nomaqbul vositalar yordamida odamlarning shaxsiy hayoti haqida axborot to'plash, ovoz yozib olish va materiallar to'plashi mumkin emas.
Jurnalist jinoiy ishni yorituvchi materialni tayyorlayotganida aybsizlik prezumptsiyasiga amal qiladi”.
Shu o'rinda Konstitutsiya va qonunlarimizda jurnalistlik faoliyatining erkinliklari, huquqlari va kafolatlari bilan bir qatorda, muayyan mas'uliyatu majburiyatlari ham belgilab qo'yilganiga e'tibor qaratish lozim. Xususan, mamlakatimizda jurnalistlar axborotning haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadi.
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi qonunga ko'ra, jurnalist o'zi tayyorlayotgan materiallarining to'g'ri yoki noto'g'ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi, aybsizlik prezumptsiyasi printsipiga amal qilishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.
Jurnalist o'z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma'lumotlarni e'lon qilishi, shuningdek, audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.
Bu juda to'g'ri talabdir. Chunki globallashuv, axborot jamiyati shakllanayotgan bir sharoitda, ayniqsa, fuqarolarning sha'ni va qadr-qimmatiga daxl qilishdan, shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanishga bo'lgan huquq va qonuniy manfaatlariga rioya qilish tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.
Mamlakatimiz qonunchiligida fuqarolar va yuridik shaxslarning ishchanlik obro'sini himoya qilishga oid huquqlarini ta'minlashga qaratilgan qoidalar o'z aks topgan, shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini tahqirlovchi yolg'on ma'lumotlarni bila turib tarqatganlik singari tuhmat va haqorat uchun javobgarlik belgilangan.
So'z erkinligi insonning sha'ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi bo'lgan huquqidan ustun bo'lishi mumkin emas. O'zbekiston qonunchiligining ushbu qoidalari xalqaro huquqiy qoidalarga hamda boshqa demokratik mamlakatlar tajribasiga to'la muvofiq keladi.
Shu bilan birga, yurtimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari ushbu yo'nalishdagi qonunchilik ham yanada erkinlashtirilayotganini ko'rsatadi. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o'zgartishlarga binoan, yarashuv instituti tuhmat va haqoratga nisbatan ham qo'llaniladigan bo'ldi.
Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat)da hamda 140-moddasi (haqorat)da ko'zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs, agar u o'z aybiga iqror bo'lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Zotan, jazoning darajasi muhim emas, balki jamiyatda boshqa insonlarning huquq va erkinliklariga, sha'ni va qadr-qimmatiga hurmat oliy qadriyat sifatida qaror topishi asosiy maqsaddir. Mamlakatimizda aynan huquqiy madaniyat yuksalishi bilan so'z va fikr erkinligi, ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi kafolatlari mustahkamlanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoevning ochiqlik siyosati davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o'rnatish, fuqarolarning so'rovlari, muammolari va takliflariga o'z vaqtida javob berishni talab qiladi. Ushbu muloqotni olib borishda ommaviy axborot vositalari va blogerlar beqiyos rol` o'ynaydi.
Ommaviy axborot vositalari va blogerlar xalqimizga axborot yetkazishda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga katta yordam ko'rsatmoqda. Ular, shuningdek, davlat idoralari matbuot xizmatining tayanchi hisoblanadi. Bunday qamrovdor va mas'uliyatli ishlar samaradorlik bilan bajarilishi uchun yurtimizda axborot erkinligi kafolatlangani muhim ahamiyatga egadir.
Ma'lumki, 2019 yil oxiridan buyon COVID-19 virusining shafqatsiz tahdidi jahon jamoatchiligini tashvishga solib kelmoqda. Hozirgi global dunyoda tinchlik va sog'liqni asrash juda murakkab vazifa bo'lib turibdi.
O'zbekistonda ham davlat tomonidan koronavirusga qarshi kurash olib borish, uning keng tarqalishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash hamda bemorlar salomatligini tiklash sohasida tezkor qarorlar qabul qilindi. Dastlabki 2 oy ichida milliy qonunchilikda o'ttizga yaqin me'yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Eng muhimi, bu me'yoriy-huquqiy hujjatlarning birontasida matbuot erkinligiga g'ov bo'ladigan qoidalar mavjud emas. Ya'ni, Konstitutsiya va qonunlarimizda mustahkamlangan so'z, axborot va matbuot erkinligiga doir ustuvor normalar o'z kuchida turibdi.
O'zbekiston jurnalistlari uyushmasi ma'lumotlariga qaraganda, davlat va nodavlat, markaziy va hududiy ommaviy axborot vositalari – gazeta va jurnallar, ommaviy axborot vositasi sifatida ro'yxatdan o'tgan veb-saytlar, telegram va teleradiokanallar rahbar va xodimlari, vazirlik va tashkilotlarning matbuot xizmatlari mas'ullari buni chuqur anglagan holda, hamkorlik va hamjihatlikda, hozircha asosan masofaviy tartibda ishlashni yo'lga qo'ygan.
Ammo, afsuski, joylarda hamkasblarimizning professional faoliyatiga to'sqinlik qilish holatlari ahyon-ahyonda bo'lsa ham uchramoqda. Shu munosabat bilan mustaqil, professional jurnalistika inqiroz haqida aniq, haqqoniy dalillarga asoslangan axborotlarni tarqatish orqali har xil yolg'on-yashiqlarni fosh etishda yetakchi rol` o'ynashi omiliga yana bir bor e'tibor qaratish joiz, deb hisoblaymiz.
Shunday qilib, matbuot erkinligi qadrli ne'mat ekaniga hech qanday shubha bo'lishi mumkin emas. Har qachon – ayniqsa, hozirgi qaltis davrda ushbu ne'matni toptamaslik, aksincha, imkon qadar asrab-avaylash taqozo etiladi.
G'ulom Mirzo,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist
- Qo'shildi: 01.05.2020
- Ko'rishlar: 5072
- Chop etish