Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti 2020 yil 11 mart kuni yangi koronavirus - COVID-19 virusining epidemiya holatidan, ya'ni bir hudud chegarasidan chiqib, sayyoramizning 150 dan ortiq mamlakatiga tarqalib ulgurgan pandemiyaga aylanganini e'lon qildi.
Joriy yilning 17 mart holatiga ko'ra, butun dunyoda 183 mingdan ziyod bemor qayd etilgan bo'lib, ularning 79 mingdan ortig'i tuzalib ketgan, 7 ming 175 kishi vafot etgan. O'limlarning asosiy qismi Xitoy (3 ming 226 nafar), Italiya (2 ming 158 nafar) va Eron (853 nafar) hissasiga to'g'ri kelmoqda.
BMT Bosh kotibi A.Guterrish jahon jamoatchiligini koronavirusga qarshi kurashishga da'vat etar ekan, "pandemiya bizning insoniyat oilasi barcha a'zolari o'rtasida mustahkam va uzilmas rishtalar mavjud ekaninini ko'rsatdi" deb ta'kidladi. Shu ma'noda, COVID-19 virusi yanada keng tarqalishining oldini olish insoniyatning umumiy va yakdil vazifasi ekani alohida qayd etildi.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel` Bachelet 13 mart kungi bayonotida "COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi choralarni joriy etayotgan hukumatlar bunday choralarning inson hayotiga xavf solishi mumkin bo'lgan salbiy oqibatlarini kamaytirish yuzasidan bir qator qo'shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishi" zarurligiga e'tiborni qaratdi. BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari, shuningdek, COVID-19 virusiga chalinish hollari qayd etilgan mamlakatlar hukumatlarini toqatsizlik va kamsitish (diskriminatsiya) holatlariga qarshi kurashish uchun barcha zarur choralarni ko'rishga chaqirdi.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus 2020 yil 16 mart kuni COVID-19 virusi bo'yicha o'tkazilgan matbuot anjumanida shunday dedi: "Oldimizda turgan kunlar, haftalar va oylar bizning qat'iyatimiz, ilm-?fanga nisbatan ishonchimiz va o'zaro birdamligimizni sinovdan o'tkazish davri bo'lishi tayin... Bu davrda insoniyat birdamligining ushbu hayratomuz ruhi dunyo bo'ylab virusdan ko'ra kengroq yoyilishi kerak. Garchi bir-?birimizdan ma'lum muddatgacha jisman uzoqroq bo'lishimiz ehtimoli mavjud bo'lsa-?da, biz shu vaqtgacha misli ko'rilmagan miqyosda birlashish imkoniyati oldida turibmiz".
Bugungi kunda O'zbekiston Hukumati koronavirus infektsiyasi mamlakatimiz hududida keng tarqalmasligi uchun barcha zarur choralarni ko'rmoqda. Yurtimizda 2020 yil 15 mart kuni Bosh vazir A.Aripov rahbarligidagi Respublika koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish bo'yicha maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan aniq chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Xususan, televidenie, radio, Internet, ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa operatorlari va boshqa shu kabi ilg'or ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, aholi o'rtasida samarali sanitariya-targ'ibot ishlari olib borilmoqda. Bunda koronavirus infektsiyasi tarqalishiga olib keladigan sabablar va sharoitlar, shuningdek, uning oldini olish choralari haqida fuqarolarga atroflicha tushuntirish berilmoqda.
Insonning yashash, sog'ligini saqlash va axborot olish huquqlarini ta'minlash bo'yicha qonunchilik talablari doirasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Virusga qarshi kurashishning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarga ta'sirini yumshatish bo'yicha aniq vazifalar bajarilmoqda.
Jumladan, 16 martdan e'tiboran yagona favqulodda aloqa tizimi (1003 raqamda) ishga tushirildi. Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga quyidagi raqam bo'yicha murojaat qilish mumkin: 71-276-49-66.
Ayni chog'da, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infektsiyasiga chalingan kishilarning shaxsiy ma'lumotlariga doir axborotlar ham tarqalgani kuzatilmoqda. Vaholanki, «Fuqarolar sog'lig'ini saqlash to'g'risida»gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, bemor «tibbiy yordam so'rab murojaat qilganligi, sog'lig'ining holati, qo'yilgan tashxis to'g'risidagi ma'lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog'ida olingan boshqa ma'lumotlar sir saqlanishi» huquqiga ega.
Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining quyidagi chaqiriqlariga keng jamoatchilik e'tiborini qaratadi:
- COVID-19 virusi tarqalishiga doir vaziyat va undan himoyalanish choralari bo'yicha ma'lumotlardan foydalanishda ishonchli axborot manbalariga tayanish;
- o'zaro g'amxo'rlik ko'rsatish va birdamlikni namoyish etish, yaqinlar va qarindosh-urug'lar bilan doimiy muloqotda bo'lish;
- pandemiyaga qarshi kurashning boshida turgan tibbiyot xodimlarining shu kunlardagi fidoyi xizmatlarini yodda tutish;
- infektsiyaga chalinganlarga nisbatan, masalan, «koronavirus qurbonlari» kabi har xil «atamalar»ni qo'llashdan tiyilish;
- insoniylikni namoyon etish: binobarin, koronavirus qandaydir millat yoki irqqa mansub kasallik emas; ushbu infektsiyaga chalinganlar sizga hech qanday yomonlikni ravo ko'rmaydi – ular madadimiz va hamdardligimizga loyiqdirlar.
COVID-19 virusi – jamiyatimizning jipsligini sinaydigan o'ziga xos imtihondir. Binobarin, har birimiz koronavirusning tarqalishiga qarshi birgalikda ahillik bilan kurashish asnosida ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o'tishni o'rganamiz va zarur ko'nikmalar hosil qilamiz.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 17.03.2020
- Ko'rishlar: 4423
- Chop etish