«Transparency International» xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan Korrupsiyani qabul qilish indeksining 2023 yil natijalari e’lon qilindi. Ushbu nodavlat tashkiloti dunyo bo‘ylab 180 ta mamlakat davlat sektoridagi korrupsiya darajasini 0 dan 100 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha tartiblaydi.
Mazkur tartibga ko‘ra, O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 33 ball bilan 121-o‘rinni egalladi. Mamlakat ballarini ikkitaga oshirib, reytingdagi o‘rnini 5 pog‘onaga yaxshilashga erishdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston 2022 yilda 126 o‘rinni egallagan edi.
O‘zbekiston mazkur indeksda so‘nggi 7 yil davomida o‘sish sur’atlarini qayd etayotgan (2017 yilda 22 baldan 2023 yilda 33 ballgacha) davlat sifatida e’tirof etilgan.
Bu boradagi ijobiy o‘zgarishlar sifatida normativ-huquqiy hujjatlarda belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan turli aksilkorrupsiyaviy tartib-taomillarning ishlab chiqilgani, vazirlik va idoralarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlari samarali joriy etilgani qayd etilgan.
Shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari qo‘llanilgani ham alohida ta’kidlangan.
Marhabo Madaminova, Asliddin Alijonov, O‘zA
- Qo'shildi: 01.02.2024
- Ko'rishlar: 2585
- Chop etish