Kuchli jazirama sabab Osiyodagi ko‘plab maktablar vaqtincha yopilmoqda

Bangladesh hukumati jazirama sabab o‘z hududidagi maktab va kollejlarni 27-aprelgacha vaqtincha yopishni buyurdi. Chunki mamlakatning ayrim nuqtalarida havo harorati 42 darajadan oshmoqda.

Rasmiylar mana ikkinchi yildirki, ekstremal ob-havo tufayli bunday qadam tashlamoqda. Bu holat Filippin va Hindistondagi maktablarning vaqtincha yopilishi ortidan davom etmoqda.

Payshanba kuni Markaziy ob-havo ma’muriyati bir oy davomida to‘rtinchi marta jazirama haqida ogohlantirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bangladesh iqlim inqirozi ta’siriga eng zaif davlatlardan biri hisoblanadi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi taxmin qilishicha, dengiz sathining 30-45 santimetrga ko‘tarilishi 35 milliondan ortiq odamni qirg‘oqbo‘yi tumanlaridan, ya’ni, mamlakat umumiy aholisining chorak qismini o‘z joyidan ko‘chirishi mumkin.

Chorshanba kuni bangladeshlik minglab musulmonlar yomg‘ir uchun duo so‘rab masjidlar va qishloq dalalarida to‘planishdi.

- Yomg‘irlar yo‘qligi tufayli hayot chidab bo‘lmas holga keldi... Kambag‘al odamlar juda ko‘p aziyat chekmoqda, -dedi mahalliy ulamolardan biri Muhammad Ab-u Yusuf “AFP” axborot agentligiga.

Ab-u Yusuf chorshanba kuni poytaxt Dakkaning markaziy qismida ming kishi uchun bomdod namozini o‘tkazdi.

Bangladesh ob-havo ma’muriyati ekstremal jazirama kamida yana bir hafta davom etishini aytmoqda. Shifoxonalar va klinikalardan isitma va bosh og‘rig‘i kabi issiqlik bilan bog‘liq kasalliklarga qarshi tayyorgarlik ko‘rish so‘ralgan.

Mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Samanta Lal Senning aytishicha, issiqlik urishi bilan og‘rigan bemorlar konditsionerli bo‘limlarga yotqiziladi.

UNICEF Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘ylab 243 milliondan ortiq bola issiqlik tufayli kasallik va o‘lim xavfi ostida ekanligi haqida ogohlantirdi.

Xabarlarda aytilishicha, g‘ayrioddiy yuqori harorat, ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun jiddiy xavfni keltirib chiqaradi, chunki ular kattalarga qaraganda tana haroratini kamroq tartibga solishga qodir.

Tailand poytaxti Bangkok shahar rasmiylari bu hafta issiqlik indeksi «o‘ta xavfli» darajaga yetishi haqida ogohlantirdi. Indeks namlik, shamol tezligi va boshqa omillarni hisobga olgan holda aniqlangan.

Myanmada chorshanba kuni havo harorati 45 darajadan oshdi.

Shu oy boshida Filippindagi minglab maktablar ham haddan tashqari issiqlik tufayli darslarni to‘xtatdi.

Yanvardan martgacha Filippin bo‘ylab yong‘in hodisalari 2023-yilning shu davriga nisbatan 24 foizga ko‘paydi, chunki elektr quvvatining haddan tashqari yuklanishi va elektr ventilyatorlarining to‘xtovsiz foydalanilishi natijasida qizib ketish holatlari sabab bo‘ldi.

«Mintaqadagi ko‘plab mamlakatlar 2023-yilda rekord darajadagi eng issiq yilni boshdan kechirishgan», -deyiladi Jahon Meteorologiya tashkilotining joriy haftadagi hisobotida.

- Iqlim o‘zgarishi bunday hodisalarning chastotasi va jiddiyligini kuchaytirib, jamiyatlar, iqtisodiyotlar va eng muhimi inson hayoti va biz yashayotgan atrof-muhitga chuqur ta’sir ko‘rsatadi, -dedi tashkilot Bosh kotibi Selesta Saulo.

O‘.Alimov

O‘zA

Powered by GSpeech