12 fevral kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbarligidagi delegatsiya a'zolari Buyuk Britaniya parlamentining Konservatorlar partiyasidan saylangan deputati Endryu Bridjen raisligidagi O'zbekiston bo'yicha Umumpartiya parlament guruhi a'zolari bilan uchrashdi.
O'zbekiston bo'yicha Umumpartiya parlament guruhi - mamlakatimiz bilan Buyuk Britaniya o'rtasidagi parlamentlararo do'stlik guruhidir. Ushbu guruhga 2009 yili asos solingan bo'lib, u Buyuk Britaniya parlamentida 2017 yili qayta ro'yxatdan o'tgan.
O'zbekiston bo'yicha Umumpartiya parlament guruhining maqsadi o'zbek-britan munosabatlarini, jumladan, parlamentlararo aloqalarni izchil rivojlantirishdan iboratdir. Guruhning hamraisi - baronessa Varsi, rais o'rinbosarlari - lord Bovness, Jon Grogan, lord Kilkuni, baronessp Shtern, lord Veyverli va Xayvel Uil`yams hisoblanadi.
Mazkur parlament guruhi bilan o'zaro aloqalar ikki davlat o'rtasida parlamentlararo, hukumatlararo va ijtimoiy hamda biznes sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Guruh a'zolari muntazam ravishda O'zbekiston bilan munosabatlarni kengaytirish masalalari bo'yicha muhokamalar o'tkazib turadi. Bu tadbirlarda Buyuk Britaniyaning davlat va nodavlat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etadi.
Akademik A.Saidov uchrashuv boshida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan Murojaatnomasida mamlakat hayotining turli sohalari, jumladan inson huquqlarini ta'minlash borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar haqida so'z yuritdi.
O'zbekiston bo'yicha Umumpartiya parlament guruhi a'zolarida, ayniqsa, sobiq sovet tuzumidan meros qolgan "propiska" institutiga barham berilishi, bir yo'la 50 ming nafar o'zbekistonlikning to'g'ridan-to'g'ri mamlakat fuqaroligiga qabul qilinishi bilan bog'liq yangiliklar ma'qul bo'ldi.
Buyuk Britaniya parlamenti vakillari O'zbekiston Prezidentining tashabbusi asosida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini qabul qilinishini qo'llab-quvvatladi. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan va ayni paytda internet tarmog'ida keng jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan ushbu Strategiya loyihasi yuzasidan amaliy takliflar taqdim etish istagi bildirildi.
Umumpartiya parlament guruhi a'zolari O'zbekistonda keyingi davrda amalga oshirilayotgan shiddatli yangilanishlarni qutladilar va bu qamrovdor islohotlarning yuksak samara berayotganini e'tirof etdilar. Ularning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoev milliy parlamentga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasi misolida o'zini qat'iyatli, ishonchli va uzoqni ko'ra oladigan yetakchi sifatida yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
Tadbir doirasida Umumpartiya parlament guruhi bilan o'zaro hamkorlik istiqbollari, xususan, guruh a'zolarining O'zbekistonga bo'lajak tashrifi kun tartibi bo'yicha fikr almashildi.
Ma'lumki, Buyuk Britaniya o'zining salohiyatli yuristlari bilan mashhur. Tomonlarning fikricha, uzoq yillar huquqshunoslik, xususan, sud`yalik vazifalarida samarali faoliyat olib borgan britaniyalik faxriy yuristlarning boy nazariy va amaliy tajribasi O'zbekiston odil sudlov tizimini takomillashtirishda qo'l kelishi mumkin.
Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Said Rustamov ishtirok etdi.
Ma'lumot uchun: Umumpartiya parlament guruhlari (All-Party Parliamentary Group - APPG) norasmiy partiyalararo guruhlar bo'lib, parlamentda rasmiy maqomga ega emas. Bu guruhlar odatda jamoatlar a'zolari va lordlar tomonidan boshqariladi.
Buyuk Britaniya parlamentida APPGga Jamoatchilik palatasi va Lordlar palatasi vakillari birdek a'zo bo'laveradi. Ular dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun norasmiy sharoitda uchrashadilar.
APPG qonunchilik organida rasmiy o'ringa ega bo'lmasa ham, parlament a'zolari va manfaatdor tomonlarni birlashtirishda nihoyatda samarali vosita hisoblanadi. APPG saylov guruhlariga, xayriya tashkilotlari va joylarda faoliyat yuritadigan boshqa nohukumat tashkilotlarga bahs-munozarlarda qatnashish hamda siyosatchilarga ta'sir ko'rsatish uchun imkoniyat beradi.
Buyuk Britaniyada APPG har bir parlament yilida ro'yxatdan o'tishi va har yili umumiy yig'ilishini o'tkazishi zarur. Bu yig'ilishda guruhning raisi va boshqa mansabdor shaxslari saylab olinadi. 2019 yil 2 yanvar holatiga ko'ra, Buyuk Britaniyada 692 ta APPG ro'yxatdan o'tgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.02.2020
- Ko'rishlar: 4593
- Chop etish