Britaniyaning mashhur London Post onlayn yangiliklar portalida «O‘zbekiston Gallup World Poll 2022’da: farovonlik, eng kam stress va hukumatga kuchli ishonch bo‘yicha yuqori ball» sarlavhali maqola e’lon qilindi.
«Dunyo» xabariga ko‘ra, maqolada O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Gallup tadqiqot va konsalting tashkiloti tomonidan jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida tayyorlanayotgan yillik Jahon so‘rovnoma (Gallup World Poll) bo‘yicha hisobotini tahlil qilgani ta’kidlangan.
«2022 yilda farovonlik indeksi (0 dan 10 ballgacha) 6,0 ballni tashkil etdi, ushbu indeksning mintaqadagi o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 5,7 ballga teng. Shunday qilib, O‘zbekiston possovet Yevrosiyo mintaqasi mamlakatlari orasida eng yaxshi natijalardan birini ko‘rsatgan», - deyiladi materialda.
Britaniya onlayn nashrda ma’lum qilinganidek, possovet Yevrosiyo mintaqasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Ozarboyjon, Gurjiston, Rossiya, Belarus, Moldova, Ukraina kabi davlatlarni o‘z ichiga oladi.
Materialda, shuningdek, Gallup bahosiga ko‘ra, O‘zbekiston pandemiyadan so‘ng aholining farovonligi eng tez tiklangan mamlakatlardan biri hisoblanishi urg‘ulangan.
«O‘zbekistonliklar kelgusi 5 yildagi farovonligini 8,7 ball deb baholagan. Xususan, kelajakdagi farovonligini kutish borasida O‘zbekiston mintaqada eng yaxshi natijani ko‘rsatgan, mintaqaning o‘rtacha ko‘rsatkichi esa 7,4 ballni tashkil etgan. Respondentlarning 86 foizi hozirgi paytda turmush darajasi yaxshilanayotganini bildirgan va ushbu ko‘rsatkichning mintaqadagi o‘rtacha darajasi 40 foizni tashkil etgan, - deb yozgan London Post.
Kun.uz
- Qo'shildi: 26.01.2024
- Ko'rishlar: 2194
- Chop etish