20 aprel kuni Almati shahrida “Qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olish: xalqaro va yevropacha standartlar hamda ilg‘or tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘ldi. Anjuman Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashining “Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi: 2020-2023” dasturi doirasida tashkil etildi.
“Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi” dasturi mintaqamiz davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Dastur Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari, qonun ustuvorligi va demokratiyani Yevropa andozalari va boshqa xalqaro standartlarga muvofiq holda mustahkamlashga qaratilgan.
Dastur uchta asosiy qismdan iborat. Ya’ni, birinchi qism – Yevropa bilan Markaziy Osiyo o‘rtasida umumiy huquqiy makon yaratilishiga va inson huquqlari himoyasi kuchaytirilishiga ko‘maklashish; ikkinchi qism – shaffoflikni oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashni rag‘batlantirish; uchinchi qism – davlat institutlari va davlat organlarining samarali faoliyat olib borishiga yordam berishni ko‘zda tutadi.
Xalqaro konferensiya Yevropa Kengashi tomonidan tashkil etildi. Tadbir Qozog‘iston Respublikasining Bosh prokuraturasi, Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ofisi va Prezident huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha komissiya hamkorligida o‘tkazildi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha komissiya raisi, general Igor Rogov, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokurori Berik Asilov, Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Artur Lastaev, Qozog‘iston Respublikasi Oliy sudi raisi Aslambek Mergaliev, shuningdek, Yevropa Ittifoqining Qozog‘istondagi elchisi Kestutis Yankauskas, Yevropa Kengashining Hamkorlik dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha direktori Klaus Noykirx anjuman ochilishida so‘zga chiqdilar.
Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Ishtirokchilar shafqatsiz muomala va qiynoqlarni taqiqlash inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda ham, butun dunyo milliy qonunchiligida ham e’tirof etilgan asosiy huquq ekanini ta’kidladilar. Markaziy Osiyoning barcha davlatlari Konstitutsiyalarida har qanday sharoitda, istisnolarsiz ravishda qiynoq va shafqatsiz munosabatni qo‘llash taqiqlangan.
Xorijiy va milliy ekspertlarga O‘zbekistonda kutilayotgan muhim siyosiy voqea – 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha referendum haqida ma’lumot berildi. Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda qonuniylik, adolat va insonparvarlik kabi umume’tirof etilgan tamoyillarni hayotga tatbiq etish katta ahamiyatga egaligi ta’kidlandi.
Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi qoidalari mamlakat fuqarolarining huquq va erkinliklarini, jumladan, hokimiyat organlari bilan munosabatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri 26-moddasida qiynoqlar, zo‘ravonlik, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi boshqa turdagi muomala va jazolar taqiqlanmoqda.
Ekspertlarning qayd etishicha, bunday salbiy holatlarga nisbatan eng yuqori darajadagi murosasizlikni ta’minlash zarur. Bu borada, shuningdek, samarali normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish, jumladan, huquqbuzarliklarni samaradorlik bilan tergov qilishni ta’minlash bilan birga, samarali o‘qitish tizimi va jabrlanuvchilarga kompensatsiya to‘lash tartib-qoidalarini ham joriy etish talab etiladi. Bularning barchasi qiynoqlarning oldini olish bilan bog‘liq barqaror va uzoq muddatli jarayonga tegishli asosiy tarkibiy qismlar hisoblanadi.
Anjuman davomida shafqatsiz muomala va qiynoq holatlarini tergov qilish bilan bog‘liq asosiy masalalar muhokama qilindi. Ushbu muammoni hal etishda turli davlat organlarining roli xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Xalqaro konferensiya kun tartibi doirasida:
- huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qo‘pol muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirish;
- samarali tergovga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillar va uni takomillashtirish yo‘llari: prokurorlar va/yoki tergov organlarining roli;
- sud hokimiyatining roli: ilg‘or tajriba va olg‘a siljish yo‘llari;
- inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlarining roli;
- huquqni muhofaza qilish organlarida institutsional madaniyatni va nol bag‘rikenglik g‘oyasini, huquqiy-nrmativ bazani kuchaytirish;
- ogohlikni oshirish va o‘rganish: ilg‘or tajribalar va takomillashtirish yo‘llari kabi mavzular keng miqyosda ko‘rib chiqildi.
Konferensiya ishida prokuratura va sud organlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, jumladan, Milliy profilaktika mexanizmlari a’zolari, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston fuqarolik jamiyati faollari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.04.2023
- Ko'rishlar: 4354
- Chop etish