6-7 sentyabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida shu mavzuda o‘quv kursi o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tinglovchilarga o‘quv kursidan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalar haqida atroflicha tushuncha berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida, jumladan, jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish zarurligiga e’tibor qaratilgani alohida ta’kidlandi.
Bugungi shiddatli va murakkab globallashuv davrida inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida xotin-qizlarning huquqlariga rioya qilinishi sohasidagi vaziyat ham jahon hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilingan.
Ushbu Konvensiyaga O‘zbekiston 1995 yil 6 mayda qo‘shilgan. Konvensiyaning bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning Oltinchi davriy ma’ruzasi BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining 2022 yil 15-16 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan 81-sessiyasida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda ayollar huquqlarini himoya qilishning milliy tizimi yaratilgan va u oltita yo‘nalishdan iborat. Birinchidan, bu borada zarur huquqiy baza yaratilgan; ikkinchidan, tegishli institutsional tizimga asos solingan; uchinchidan, muayyan o‘quv-tarbiya ishlari yo‘lga qo‘yilgan; to‘rtinchidan, sohaga oid qonunlar ijrosining monitoringi olib borilmoqda; beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda; oltinchidan, ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlik izchil amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ushbu muhim masalalar o‘z aksini topdi. Shuningdek, 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar belgilangan.
Keyingi yillarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasiga muvofiq xotin-qizlarni himoya qilish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyatda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha murosasizlikni ta’minlash borasida qator qonun hujjatlari qabul qilindi. BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, barcha xotin-qizlarning huquqlarini kengaytirishga qaratilgan 9 ta maqsad ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilmoqda.
O‘quv kursida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy bo‘limlari va namunali tumanlararo markazlari direktorlari hamda huquqshunoslari – jami 50 nafar tinglovchi ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida o‘tkazildi.
Bunda asosiy e’tibor, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari rahbar va xodimlarining ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini xalqaro amaliyot hamda milliy tajriba negizida qo‘llashga oid amaliy ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga qaratildi. Oflayn va onlayn tarzdagi mashg‘ulotlarda:
- inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarning mazmun-mohiyati va mamlakat milliy huquqiy tizimi uchun ahamiyati;
- ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari: xalqaro va milliy mexanizmlar;
- xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan o‘tkazilayotgan profilaktika ishlari;
- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga yordam berish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha chora-tadbirlar;
- gender tenglikni ta’minlash: xalqaro va milliy tajriba yuzasidan tinglovchilarning bilimlari oshirildi.
Ayni mavzularda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi ekspertlari tomonidan ma’ruzalar taqdim qilindi. Tinglovchilar huzurida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari ham so‘zga chiqdi.
Mashg‘ulotlar yakunida psixologik-pedagogik trening va yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashqlar tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 07.09.2023
- Ko'rishlar: 4374
- Chop etish