Tantanali madaniy tadbirlar Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi M. Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar institutida O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalarga bag‘ishlangan noyob ko‘rgazma hamda «O‘zbekiston va Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti» mavzusidagi davra suhbati bilan ochildi.
Ko‘rgazma haqida gapirganda, institut ilk bor o‘z kolleksiyasining mutlaq durdonalarini taqdim etganini alohida taʼkidlash lozim. Ko‘rgazmadan Ibn Sinoning 1258 yilda nusxa ko‘chirilgan va YUNESKO qo‘lyozma merosi ro‘yxatiga kiritilgan «Tib qonunlari» asari, Alisher Navoiyning hayotligida uning dastxati bilan chop etilgan «G‘aroyib us-sig‘ar» devoni, XVII asrga oid “Boburnoma” va boshqa o‘nlab nodir qo‘lyozmalar joy oldi.
«O‘zbekiston madaniy merosi Ozarbayjon to‘plamlarida» yangi kitob-albomi taqdimotida Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi rahbari akademik Noila Velixonli, Ozarbayjon Milliy sanʼat muzeyi va Milliy gilam muzeyi rahbari doktor Shirin Melikova, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi M. Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti rahbari akademik Teymur Karimli va boshqalar so‘zga chiqdi. Jami 20 dan ortiq maʼruzalar tinglandi. Tadbirda Ozarbayjon va O‘zbekistondan 4 nafar fan akademigi, 20 nafardan ortiq fan doktorlari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Ozarbayjon tarix va sanʼat muzeylari, Gilam muzeyi va Ozarbayjon qo‘lyozmalar institutiga «O‘zbekiston madaniy merosi» turkumidagi 50 jildli suratlarga boy kitob-albomlarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Kitob-albomlarni olish uchun sertifikatlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, loyiha tahrir hayʼati raisi, akademik Akmal Saidov topshirdi. U «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yana-da mustahkamlashdagi o‘rni haqida gapirib, bu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan ozarbayjonlik olim va tadqiqotchilarga O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) nomidan sertifikatlar topshirdi.
Davra suhbati ilmiy kashfiyotlar va yangi loyihalar haqidagi fikr almashuvlarga boy bo‘ldi: masalan, Ozarbayjon Qo‘lyozmalar instituti Butunjahon jamiyati (WOSCU) ga atoqli fors astronomi Al-So‘fiy qo‘lyozmasini tarjima qilishda yordam berishga tayyorligini bildirdi, uning faksimilesi nashr etilgan (Butunjahon jamiyati, 2023 yil).
– O‘zbekiston va Ozarbayjon – tili, anʼana va urf-odatlari jihatidan bir-biriga juda yaqin davlatlar. Bugun ikki davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning taʼlim sohasidagi tashabbuslari tufayli ilmiy hamkorlik imkoniyatlari chuqurlashib bormoqda, ikki davlat o‘rtasida tobora ko‘proq qo‘shma loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bugun biz ozarbayjonlik hamkasblarimiz va Butunjahon jamiyati aʼzolari bilan birgalikda taqdim etayotgan suratlarga boy kitob-albomda nodir numizmatik kolleksiyalar tarkibida Buxoro amirining sovg‘alari – zarhal kumushdan yasalgan Qurʼon g‘ilofi, shuningdek, zarhal va sir bilan qoplangan, nafis bezatilgan va o‘yib ishlangan idishlar to‘plami, Buxoro amiri Said Mir Abdulahadxonning noyob fotosurati, XIX asrning ajoyib so‘zanalari va boshqa osori atiqalar – o‘zbek madaniyati va sanʼati xazinalari, jumladan, qo‘lyozma merosi, olimlar, shoirlar, madaniyat arboblarining arab, fors va o‘zbek tillaridagi qo‘lyozma nusxalari ham bor, – deydi O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) raisi Firdavs Abduxoliqov.
«O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasi homiysi Baxtiyor Fozilov boshchiligidagi Eriell Group neft-servis kompaniyasidir.
M. Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti bosh direktori, akademik Teymur Karimli o‘zbek zaminining institutda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma merosi haqida so‘z yuritdi: «Institutimizda buyuk olim Abu Ali ibn Sinoning noyob qo‘lyozmalari saqlanadi. Bu qo‘lyozmalarning 200 ga yaqini haqidagi maʼlumotlar Butunjahon jamiyatiga yuborilgan va ularning ko‘pchiligi Ozarbayjon to‘plamlaridagi o‘zbek merosiga oid yangi jildga kiritilgan».
U «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasining Ozarbayjon muzeylari bilan samarali hamkorligidan g‘oyat mamnun ekanini bildirdi.
– Bunday yaqin ilmiy, madaniy va do‘stona aloqalar O‘zbekistonning boy madaniy merosini butun dunyoga tanitish kabi buyuk missiyani amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa juda muhim va qadrli, – deydi akademik Teymur Karimli.
Ozarbayjon tarixi muzeyi bosh direktori, akademik Noila Velixonli ham shunday keng ko‘lamli loyiha amalga oshirilayotgani uchun Butunjahon jamiyatiga minnatdorlik bildirdi.
– O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatidan o‘zbek madaniy merosiga oid ilgari chuqur o‘rganilmagan materiallarning ulkan qatlamini to‘plagani uchun minnatdorman. Muzeyimiz xodimlari kitob-albom yaratish loyihasida chuqur mamnuniyat bilan ishtirok etdilar va bu bizning izlanishlarimiz va ilmiy aloqalarimizning boshlanishi, deb o‘ylayman, – dedi akademik Noila Velixonli.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun: WOSCU mutaxassislari kitob-albom ustida ishlash jarayonida Ozarbayjonga bir qator ijodiy safarlarda bo‘lishgan. Ular Nizomiy Ganjaviy tavalludining 800 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada, shuningdek, Boku shahrida 2023 yilda turkiy xalqlarning milliy musiqa sanʼati mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi. 2022 yil dekabr oyida WOSCU delegatsiyasi Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi M. Fuzuliy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti, Ozarbayjon Milliy sanʼat muzeyi, Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi va Gilam muzeyi rahbariyati bilan ilmiy tashrif va uchrashuvlar tashkil qilindi.
- Qo'shildi: 26.01.2024
- Ko'rishlar: 2356
- Chop etish