Yosh avlod salomatligi – eng ustuvor vazifa

7-aprel – Butunjahon salomatlik kuni

 

Butunjahon salomatlik kuni (World Health Day) dunyo miqyosida 1948-yildan buyon nishonlab kelinadi. Xuddi o‘sha yili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti – JSSTga asos solingan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining sog‘liqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan ushbu nufuzli tuzilmasi tarkibida 194 davlat bor.

JSST bosh qarorgohi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan. Shuningdek, mazkur xalqaro tashkilot 6 ta mintaqaviy va 150 ta mamlakatdagi vakolatxonalariga ega.

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkilotning Yevropa mintaqasidagi vakolatxonasiga qarashlidir. O‘zbekiston 1992-yil 25-mayda JSSTga a’zo bo‘lgan.

JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993-yili Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan. Vakolatxona sog‘liqni saqlash tizimiga yaxlit yondashuv asosida barqaror sog‘liqni saqlash siyosatini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatish, umumiy yetakchilikni ta’minlash, mahalliy darajada texnik aloqalarni o‘rnatish, standartlarni belgilash va shartnomalar tuzish, inqiroz davrida sog‘liqni saqlash tadbirlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.

JSST va O‘zbekiston sog‘liqni saqlashning ko‘plab muhim masalalarida yaqindan hamkorlik qilib qilib kelmoqda. JSST Nizomi quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:

  • salomatlik — bu nafaqat tanada kasalliklarning mavjud emasligi, balki umumiy-ijtimoiy, ruhiy hamda jismoniy barqarorlik holatidir;

  • kishining irqi, dini, siyosiy qarashlari, iqtisodiy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, salomatlik borasida eng yaxshi darajaga erisha olishi har bir shaxsning eng asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi;

  •  jahondagi barcha xalqlarning salomatligi dunyoda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatilishining eng asosiy omili bo‘lib, u har bir mamlakat va davlatning to‘liq o‘zaro hamkorligiga bog‘liq;

  • har qanday davlatning sog‘liqni saqlash borasida erishgan natijalari barcha uchun ahamiyatlidir;

  • turli mamlakatlarda kasalliklarga, ayniqsa, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash borasidagi choralarning notekisligi qolgan barcha uchun umumiy xatarni keltirib chiqaradi;

  • bola salomatligi – eng ustuvor vazifa;

  • barcha xalqlar uchun tibbiyot, psixologiya va turdosh ilmlar yutuqlaridan birdek foydalana olish sharoiti yaratilishi – salomatlikni ta’minlash borasidagi eng asosiy shartlardan biri bo‘lishi kerak;

  • xalq salomatligini yaxshilash borasida jamoatchilik bilan faol ishlash, aholining bu boradagi tushunchalarini shakllantirish shu xalq salomatligini himoyalash uchun g‘oyat muhim;

  • hukumatlar o‘z xalqlarining salomatligi uchun javobgardir. Bu javobgarlik sog‘liqni saqlash sohasida tegishli choralarni ko‘rishni taqozo etadi.

Olimlarning fikricha, inson sog‘lom turmush tarziga amal qilishi orqali 100-120 yoshgacha umr ko‘rishi mumkin ekan. Bu yoshga yetib yurish uchun,  albatta, oziq-ovqat ta’minoti, dam olish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, yashash va ishlash uchun yetarli shart-sharoit bilan ta’minlanish kabi bir qator omillar muhim o‘rin tutadi. Bunda, albatta, har birimizning o‘z salomatligimizga mas’ulligimiz birinchi darajali omil sanaladi. 

Ming xil kasallik bor, ammo salomatlik bittadir, deydilar. Haqiqatan ham, inson salomatligi unda nafaqat kasallik yoki jismoniy nuqsonlarning yo‘qligi, balki uning jismoniy va ruhiy xotirjamligi, salomatligini yaxshilash va muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan ham o‘lchanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti salomatlikni belgilovchi omillarni quyidagicha tasniflaydi: inson salomatligining 10-15 foizi – ekologiya,  10-15 foizi  – genetika, 10-12 foizi  – tibbiyot tizimi darajasi, qolgan 55-60 foizi esa turmush tarziga bog‘liq. Bundan ko‘rinib turibdiki, agar biz oqilona turmush tarzini yuritsak — to‘g‘ri ovqatlansak, jismoniy faol, zararli odatlardan xoli bo‘lsak, ya’ni kun tartibimizni qanchalik to‘g‘ri tashkil qilsak, shunchalik sog‘lom bo‘lamiz.

Shu o‘rinda 2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasida quyidagi normalar mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidlash joiz:

“Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning  kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli.

Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat  shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini  rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.

Boshqacha aytganda, Asosiy qonunimizning yangi tahririda aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi qayd etilgan. Binobarin, Konstitutsiyamizda aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paygan. Bu, o‘z navbatida, aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga ega.

Akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, Konstitutsiyamizning avvalgi tahriridan farqli o‘laroq, uning yangi tahririning asosiy g‘oyasi shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, inson sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlash, ilgari mavjud bo‘lgan “davlat-jamiyat-shaxs” paradigmasini yangi: "inson – jamiyat – davlat" tamoyiliga o‘zgartirishdan iborat.

Davlatimiz rahbari ta’rifiga ko‘ra, inson qadri – mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch va xavfsiz hayotni, fundamental huquq va erkinliklar, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, kuchli va manzilli ijtimoiy himoya hamda sog‘lom ekologik muhit ta’minlanishini, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmaning bosqichma-bosqich yaratilishini anglatadi.

Shu asosda keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonning uchta strategik dasturi:

  • 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi;

  • 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi;

  • «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Birinchisi to‘la bajarilgan va qolgan ikkitasi hayotga teran tatbiq etilayotgan ushbu dasturilamal strategiyalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda e’lon qilingan huquqlar, erkinliklar, vakolatlar va kafolatlarni tom ma’noda ro‘yobga chiqarishga qaratilgan. Bu o‘rinda, jumladan, insonning sog‘lig‘i bilan bog‘liq huquqlarini to‘liq amalga oshirish masalalari ham nazarda tutilgan.

Binobarin, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bu sohada quyidagi 7 ta muhim yo‘nalishda izchil ish olib borish talab etiladi:

birinchi yo‘nalish – birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish;

ikkinchi yo‘nalish – tez tibbiy yordamni rivojlantirish;

uchinchi yo‘nalish – tibbiyot muassasalarining sharoitini yaxshilash;

to‘rtinchi yo‘nalish – soha xodimlarini moddiy rag‘batlantirish;

beshinchi yo‘nalish – shifoxonalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash;

oltinchi yo‘nalish – jamiyatda sog‘lom turmush madaniyatini oshirish;

yettinchi yo‘nalish – kasalliklarning oldini olishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishdir.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda tibbiyot sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Xalqimiz salomatligi hamma narsadan ustun va qadrli”.

 

Farida Haqberdiyeva,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech