Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar

30-aprel kuni Toshkent shahrida shu mavzuda ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi hamda Parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ilmiy-amaliy konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri Nuriddin Ismoilov ochdi.

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov moderatorlik qildi.

Konferensiyada ta’kidlanganidek, bundan roppa-rosa bir yil oldin, ya’ni 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimizda o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bevosita xalq tomonidan qabul qilinib, to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga kiritilgan birinchi hujjat bo‘ldi.

Bosh qomusimiz qabul qilingan ilk kunlardanoq uni hayotga izchil tatbiq etishga jiddiy kirishildi. Dastlab Prezidentimiz Farmoni asosida Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha Davlat komissiyasi  hamda 5 ta ekspertlik kengashlari tuzildi.

Oliy Majlis palatalari tomonidan  Konstitutsiya mohiyatini tushuntirish bo‘yicha 38 ta banddan iborat  kompleks dastur qabul qilindi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 2 ming 500 dan ortiq xodimi yangi tahrirdagi Konstitutsiya talablari asosida o‘qitildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 377 ming nusxada – o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida, shuningdek, Brayl alifbosida chop etilib, 99 ta vazirlik va idora, ularning tizim va hududiy tashkilotlariga bepul tarqatildi. “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” yagona milliy portali “konstitutsiya.gov.uz” va uning mobil ilovasi ishga tushirildi.

Parlament, sud va ijro hokimiyati, joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari yangicha konstitutsiyaviy sharoitda ish boshladi. Barcha davlat organlari Bosh qomusimizning har bir qoidasini to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishiga mas’ulligi, natijadorlik esa – bosh mezon etib belgilandi.

Oliy Majlis tomonidan 100 ga yaqin qonunni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi. Sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash bo‘yicha Oliy sud Plenumi qarori qabul qilindi. O‘tgan bir yilning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan Konstitutsiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash asosida chiqarilgan sud qarorlari 749 tani tashkil etdi.

Ilmiy-amaliy anjumanda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga asosan O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb e’lon qilingani alohida qayd etildi. Ijtimoiy davlat, deganda, avvalo, o‘z fuqarolariga muayyan minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat tushuniladi. Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi – har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashdan iborat.

Shu negizda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortdi. Jumladan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonga munosib yashashini ta’minlashni hisobga olgan holda belgilanishi, fuqarolarning tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqliligi belgilandi. Ijtimoiy davlatga xos bo‘lgan barcha elementlar Konstitutsiyamizda aks ettirildi.

O‘tgan qisqa davrda milliy qonunchilik bazasini tashkil etuvchi 30 mingdan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Huquqiy ta’sir choralarini mutanosiblik prinsipiga moslashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi ko‘zda tutildi.

O‘zbekistonning demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyalari loyihalari tayyorlandi. Prinsipial ahamiyatga ega 50 ga yaqin muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Parlamentning demokratik qiyofasi tubdan o‘zgardi. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari kengaydi. Parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibi, qonunlarni qabul qilish jarayoni takomillashdi. Siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlarining maqomi oshdi. Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning yangi tartibi ishlab chiqildi.

Tadbirda yangi tahrirdagi  Konstitutsiyami izchil amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar ham atroflicha muhokama qilindi. Konstitutsiya qoidalari har bir davlat xizmatchisining kundalik faoliyatida, insonlar turmush tarzida aks etishi zarurligi qayd etildi. Mazkur jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirish, shuningdek, Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Konferensiyada Senat va Qonunchilik palatasi qo‘mitalari, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Parlament tadqiqotlari instituti, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud namoyandalarining ma’ruzalari tinglandi. Muzokaralarda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, senatorlar va deputatlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari, olimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

O‘zA

Powered by GSpeech