30-aprel kuni Toshkent shahrida shu mavzuda davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Iqtisodiyot va ijtimoiy masalalar departamenti Inklyuziv ijtimoiy rivojlanish bo‘limi hamda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Transport, Adliya, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassislari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transportida erkin harakatlanishi va ijtimoiy xizmatlardan to‘liq foydalanishini qo‘llab-quvvatlash, o‘z navbatida, ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga asosiy e’tibor qaratildi. Bunda, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi” talablaridan kelib chiqildi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan avvalo O‘zbekiston 2021-yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgani alohida ta’kidlandi. Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash borasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish, xususan, “to‘siqsiz muhit” tamoyilini joriy qilish orqali bu sohada amal qilayotgan tizimni takomillashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Muhokamalar chog‘ida asosiy e’tibor transport vositalari va infratuzilmaning jismoniy jihatdan qulayligini yaxshilash, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat transportidan foydalanishini osonlashtirish uchun panduslar, liftlar va boshqa moslashtirilgan texnologiyalar bilan ta’minlash masalalariga qaratildi. Nogironlar aravachasidagi insonlarga jamoat transportiga to‘siqsiz, mustaqil kirib-chiqish uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratishning zamonaviy innovatsion tizimlari ko‘rib chiqildi.
Ekspertlar bu borada zarur qulayliklar yaratishga taalluqli joriy xalqaro andozalar va ularni milliy sharoitlarga moslashtirish yo‘llari haqida fikr yuritdilar. Nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat transporti infratuzilmasi imkoniyatlaridan foydalanishiga oid turli mamlakatlarning ilg‘or amaliyoti va tajribalari taqdim etildi.
Muloqot asnosida, shuningdek, transport tarmoqlari va transport vositalarini loyihalash bosqichidan boshlab to‘siqsiz maydonni yaratish muhimligi qayd etildi. Mutaxassislarning fikricha, bundan buyon barcha yangi loyihalarni pandus, keng eshik va maxsus lift kabi qulay yechimlarni ko‘zda tutgan holda tayyorlash juda muhim.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat joylarida mustaqil harakatlanishini osonlashtiradigan zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llash zarurligi ta’kidlandi. Bu o‘rinda bugungi jamoat transportida mavjud ovozli ogohlantirish va ovozli axborotga ega elektron axborot tizimlaridan foydalanish haqida so‘z bormoqda.
Tabiiyki, bu sohadagi ishlarni yaxshilashda qonunchilik hujjatlarining o‘rni va ahamiyati katta. Shuning uchun tegishli davlat organlari sohaga oid norma va standartlarni ishlab chiqish hamda ularga amalga qilish jarayonlarini qat’iy nazoratga olgani ma’qul.
Ishtirokchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarga hurmat bilan muomalada bo‘ladigan, ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda yordam beradigan va malakali xizmat ko‘rsatadigan xodimlarni o‘qitishga qaratilgan tashabbuslarni har doim qo‘llab-quvvatlash zarurligini bildirdilar.
Muhokamalar yakunida ushbu maqsadlarga erishish uchun barcha manfaatdor tomonlar – davlat idoralari, xususiy sektor va nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi zarur, degan yakdil xulosaga kelindi. To‘siqsiz muhit yaratishda xalqaro va tarmoqlararo hamkorlikning o‘rni muhimligi ta’kidlandi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan berilgan tavsiyalarni amalga oshirishga mas’uliyat bilan yondashish, yanada inklyuziv va qulay jamiyat sari muvaffaqiyat bilan odimlashning kaliti bo‘lishi e’tirof etildi. Shu ma’noda, davra suhbati ishtirokchilari o‘z kasbiy mas’uliyati va vakolatlari doirasida o‘zlashtirgan bilimlarini amaliyotga samarali tatbiq etishga hamda bunday foydali va ochiq muloqotlarda kelgusida ham faol ishtirok etishga shayligini bildirganlari diqqatga loyiq.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.05.2024
- Ko'rishlar: 1568
- Chop etish