Energetika diplomatiyasi: xalqaro munosabatlarning yangi vektori (+video)

Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Energetik o‘tish davri: O‘zbekiston uchun saboqlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti qoshidagi Energetika diplomatiyasi va geosiyosat markazi tashabbusi bilan Energetika vazirligi, xalqaro moliya institutlari va konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik Palatasi vakillari, yoqilg‘i-energetika majmuasi, energetika xavfsizligi va mintaqaviy diplomatiya sohalari mutaxassislari, shuningdek xorijiy kompaniyalar rahbarlari, talabalar ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, 2020-2030-yillarda energetikani yanada rivojlantirish milliy rejasining strategiyasi va ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar sohaning davlat va umuman mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi, farovonligidagi muhim rolini ta’kidladilar.

Muhokama chog‘ida ekspertlar an’anaviy energiya manbalariga talab yuqoriligini hisobga olgan holda, dolzarb vazifalarni to‘liq amalga oshirish uchun uzoq muddatli va barqaror sa’y-harakat talab qiladigan “yashil energiyaga o‘tish” global intilish asnosida O‘zbekistonning alohida rolini qayd etishdi. Energiya almashinuvi oraliq bosqichida qayta tiklanadigan manbalar hali an’anaviy manbalarni to‘liq almashtira olmaydigan davrda ishonchli va barqaror energiya ta’minoti potensial yechimlari va strategiyalarini o‘rganib chiqdilar.

Infratuzilma va texnologiyalarga vaqt va katta sarmoya talab qiladigan yangi texnologiyalarni integratsiyalash, muqobil manbalarga o‘tish, shuningdek mavjud energiya tizimini bosqichma-bosqich moslashtirish zarurligi qayd etildi.

Xalqaro ekspertlar O‘zbekiston hukumati energetika kompleksini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy omili etib belgilagani, sohani chuqur modernizatsiya qilish va o‘zgartirish, jumladan geologiya-qidiruv, o‘zlashtirish, yangi maydonlar, mavjud resurslardan foydalanishni optimallashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etishdi.

O‘zA muxbiri Energetik diplomatiya xususida nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga ega siyosatchilar fikrini yozib oldi.

Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori:

– Masala nima uchun bugun bunchalik dolzarb? Ko‘ryapmiz: zamon, hayot tarzi, mentalitet, hayot tempi, barcha-barchasi batamom o‘zgaryapti. Bu jarayon energetika sohasidagi inqilob bilan ham chambarchas bog‘liq. Siyosatshunoslar fikricha, biz energetika jamiyatida yashayapmiz. Hatto, shunday bir ibora paydo bo‘ldi: urbanlashgan, ya’ni shahar aholisi kun sayin o‘sayotgan jamiyatda energetika manbalarisiz hayotni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Energiyasiz hayot to‘xtaydi, samolyot uchmaydi, internet ishlamaydi, issiqlik bo‘lmaydi, suv kelmaydi va hokazo. Jamiyat uchun o‘ta muhim bu sohani tizimli tahlil etish zarurati yaqqol ko‘rinib turibdi. Shu bilan birga, nafaqat tor ma’nodagi texnik masalalar, balki geosiyosiy muammolar, tashqi aloqalarni ham o‘rganish shart.

Energetika – yirik soha. Iqtisodiyot o‘sishining har bir foizi energetika rivojiga taqaladi. Energetika, o‘z navbatida, milliy xavfsizlik bilan bog‘liq masala sifatida mamlakat tashqi siyosati yo‘nalishlarini belgilaydi, muayyan davlatning mavqeini ham ko‘rsatadi. Energetika manbasi mavjud yurtning siyosiy mavqei ham baland bo‘ladi.

Hozir juda ko‘p tadqiqotchilar O‘zbekistonni mintaqaviy kuch sifatida baholamoqda. Bu so‘nggi yillarda yurtimiz energetikasi boshdan kechirayotgan ijobiy o‘zgarishlar hosilasidir.

Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari:

– Hozirgi diplomatiya 5-10-yil avvalgi an’anaviy klassik diplomatiyadan keskin farqlanadi. Bir necha yil oldin energetik diplomatiya yuzaga chiqishini hech kim o‘ylamagan edi.

Parlament faoliyati bilan diplomatik energetika o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gap ketganda, birinchi navbatda sohadagi asosiy xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilinishi zaruratini qayd etish joiz, Demak, biz xalqaro maydondagi majburiyatimizni bajaryapmiz.

Energetika juda keng tushuncha. Shuning uchun ham ayni sohadagi qoidalar, “yashil” energetika bo‘ladimi yoki boshqa yo‘nalish, baribir qonun asosida, xalqaro huquq asosida tartibga solinadi.

Jon Zaidi, “Acwa Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari:

– Kompaniyamiz allaqachon O‘zbekistonga 8 million dollardan ortiq sarmoya kiritdi va bu ko‘rsatgichni yanada oshirmoqchimiz. Investitsiya loyihasi ham tayyorlanmoqda. Muhimi, yaqinda biz yuqori quvvatga ega shamol stansiyasi qurish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Bu butun dunyoda noyob loyiha hisoblanadi.

“Acwa Power” mamlakatingizda nafaqat ishlab chiqaruvchi aktivlarni ta’minlash, balki mahalliy iste’dodlar salohiyatini oshirishga ham harakat qilyapti. Buning uchun Sirdaryo viloyatidagi Shirin energetika kollejiga sarmoya kiritdik. Ta’limga zamonaviy yondashuvdan kelib chiqib, ko‘plab mahalliy yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Ularga ko‘proq texnik bilim beramiz. Shunda yoshlar kelajak loyihalarini ishlab chiqishda siz-u, bizga ko‘makchi bo‘ladi.

Shuningdek, kompaniyamiz quyosh paneli orqali hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab loyihalar amalga oshiryapmiz.

Alohida qayd etishim joiz, biz investor sifatida uzoq muddatli strategik nuqtayi nazarga egamiz. Ya’ni, hamkorligimiz qisqa muddatli emas va O‘zbekistondagi islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu islohotlar muayyan vaqt talab qilishini tushunamiz va 13 mamlakatdagi tajribamizdan kelib chiqib, O‘zbekistonning energetika salohiyatini oshirishga hissa qo‘shishni istaymiz. Bugungi davra suhbati ham ana shu sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish uchun xizmat qiladi.

O‘tkir ALIMOV, Doniyor YOQUBOV (video), O‘zA

Powered by GSpeech