Joriy yilning 13-may kuni BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori S.Baxus Osiyo xotin-qizlari forumining ochilishida tabrik so‘zladi.
Nutqi davomida quyidagi fikrlar bildirildi:
O‘zbekiston Prezidentiga mamlakatda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini targ‘ib qilishga sodiqligi, ushbu forumni o‘z vaqtida o‘tkazish tashabbusi uchun minnatdorchilik bildiraman.
Dunyodagi ijobiy tendensiyalar qayd etildi:
- mehnat qonunchiligida teng huquqlilik kuchaytirilmoqda.
- jahonning ko‘plab mamlakatlarida rahbarlik lavozimlarida ayollar uchun kvotalar va direktorlar kengashi aʼzoligi haqiqatga aylandi;
- onalar o‘limi qisqarishi davom etmoqda;
- boshlang‘ich taʼlim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan qizlar soni tobora ortib bormoqda;
- ko‘plab sohalarda, shu jumladan, iqtisodiyot sohasida ham gender tenglik borasida muvaffaqiyatga erishildi. Misol uchun, O‘zbekistonda teng qiymatdagi mehnatga teng haq to‘lash joriy etildi, xotin-qizlarni sanoat korxonalari va xavfli deb topilgan ishlarga jalb qilish bo‘yicha cheklovlar olib tashlandi. Biz bu qarorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shu bilan birga, dunyoda yuz berayotgan ko‘plab inqirozlar ko‘proq ayollar va qizlarga o‘z taʼsirini o‘tkazadi. Buning yorqin misoli G‘azodir. Men tezda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiraman.
Har uchinchi ayol hali ham zo‘ravonlik va taʼqiblarga duchor bo‘lmoqda. Asosiy sabab – kamsituvchi normalar va qonunchilik tizimlaridir.
Ayollar o‘rtasida ishsizlik darajasi 50 foizni, erkaklar orasida esa 30 foizni tashkil etadi.
Ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 20 foizga kamroq maosh oladi. Ular ko‘pincha bandlik kafolatlari taʼminlanmagan ishlarda ishlaydi, ular mehnat qonunchiligi bilan himoyalanmagan va pensiya yoki tibbiy sug‘urtaga ega emas.
Ayollarning 60 foizi iqtisodiyotning norasmiy sektorida band. Daromad darajasi kam bo‘lgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 90 foizdan oshadi.
Har o‘ninchi ayol hali ham o‘ta nochor yashamoqda.
Xotin-qizlarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish butun dunyo uchun katta dividendlar keltirmoqda... Xotin-qizlar holati bo‘yicha komissiya sessiyalarining yakuniy tavsiyalari bajarilishini taʼminlashga chaqiraman.
Keyingi yil Ayollar holati bo‘yicha Butunjahon konferensiyasining (1995) Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. 2025 yil mart oyida bo‘lib o‘tadigan Ayollar holati bo‘yicha komissiyaning 69-sessiyasi doirasida jahon mamlakatlari sarhisob qilish va majburiyatlarga o‘zining sodiqligini tasdiqlash imkoniyatiga ega.
Parchalanish hukm surayotgan dunyoda sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan sammiti ishonchni tiklash va umumiy kelajakni qanday himoya qilish haqida yangi xalqaro konsensusni shakllantirish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi. Bu, shuningdek, moliyaviy institutlar va tizimlar xotin-qizlar hamda erkaklar manfaatiga ishlashi uchun ochiq bo‘lishini taʼminlash uchun imkoniyatdir.
Quyidagilarga daʼvat qilaman:
- rivojlanishni moliyalashtirish bo‘yicha majburiyatlarga gender muammosini kiritish;
- gender jihatlarni hisobga oladigan iqtisodiy va ijtimoiy siyosat yuritish;
- xotin-qizlar tashkilotlari va birlashmalarini moliyalashtirish.
Asosiysi, bir jamoa bo‘lib harakat qilishdir. Biz umumiy qarashlarni shakllantirish, umumiy yechimlarni ishlab chiqish, birgalikda harakat qilish va umumiy hisobdorlikni taʼminlashni zimmamizga olish uchun birlashamiz.
Barchamizga samarali fikr almashishni tilayman va bizni tarixiy Samarqandda qabul qilgani uchun O‘zbekiston hukumatiga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.
Samarqand shahri ushbu mintaqada ayollar va qizlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ishlarni muhokama qilish uchun ko‘ngildagidek maskandir, keling, bu yerda ham, tashqarida ham hammamiz birlashaylik.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
O‘zA
- Qo'shildi: 13.05.2024
- Ko'rishlar: 1515
- Chop etish