Ekologik huquqlarni himoya qilishda jurnalistlarning roli ortib bormoqda

15-may kuni Toshkent shahrida “Fuqarolarning ekologik huquqlarini targ‘ib etish va himoya qilishda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning o‘rni” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan qator hamkorlar bilan birgalikda tashkil etildi.

Hamkor tashkilotlar safida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo‘limi hamda YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bor.

Davra suhbatida fuqarolarning ekologik huquqlarini kengaytirish va samarali himoya qilish mavzusining matbuotda yoritilishi holati haqida so‘z yuritildi. Bu jarayonda, shuningdek, jamoatchilik fikrini shakllantirish, ekologik standartlar va siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning roli atroflicha tahlil qilindi.

Atrof-muhit masalalarini yoritishda jurnalistlar duch kelayotgan zamonaviy muammo va to‘siqlarga e’tibor qaratildi. Ekologik axborot sifati va ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Tadbirda tashkilotchilar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat 50 dan ortiq kishi ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ekologiya huquqiga oid xalqaro shartnomalar va standartlarni amalga oshirish borasidagi mamlakatimiz tajribasiga batafsil to‘xtaldi.

O‘zbekiston hukumati tomonidan ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan muhim chora-tadbirlar, jumladan, mamlakatimizda birinchi marta fuqarolarning atrof-muhitni muhofaza qilish huquqini ta’minlash sohasidagi davlat majburiyatlari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangani ta’kidlandi. Mamlakatimizda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sonini ko‘paytirish, ekologik monitoringni kuchaytirish zarurligiga jiddiy ahamiyat qaratildi.

A.Saidov, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar ekologik muammolarni yoritishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat ayni soha holatidan aholining xabardorligini oshirish, balki atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish jarayonlariga fuqarolarni ham jalb etish imkonini bermoqda.

YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili va rahbari Sara Noshadi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, bu o‘zgarishlarning ekologiya sohasidagi ahamiyati va ko‘lamini e’tirof etdi. U YuNESKO vakolatxonasi “Ekologiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tayyorlashni faol qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidladi.

Ushbu qonun loyihasini tayyorlashdan maqsad O‘zbekistonda ekologik muammolarni yanada samarali hal etish va fuqarolarning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish imkonini beradigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirishdir. S.Noshadi, shuningdek, ekologik muammolarni yoritishda ishtirok etayotgan jurnalistlar xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy bo‘limi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Pavlo Byalik atrof-muhitga oid inson huquqlarini himoya qilishda jurnalistlarning o‘rni va ko‘magi muhimligini ta’kidlar ekan, ushbu soha muammolarini yoritishning murakkab va qaltis jihatlariga to‘xtaldi.

Uning fikricha, jurnalistlarning bu boradagi faoliyati atrof-muhitning ifloslanishi haqida tezkor axborot tarqatishdan tortib, iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolib borayotgani va nosog‘lom ekologiyaning aholi salomatligiga ta’sirigacha bo‘lgan muammoli jarayonlarni keng yoritishni ham o‘zida qamraydi.

P.Byalik jurnalistlarning ekologiyaga oid huquq va qonunchilik mazmun-mohiyatini targ‘ib etishdagi rolini yuqori baholadi. Ayniqsa, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarning ahamiyatidan jamoatchilikni muntazam xabardor qilish, atrof-muhit muhofazasi bilan shug‘ullanadigan faollar va tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qulay muloqot maydoni yaratish borasida ommaviy axborot vositalari vakillarining o‘rni beqiyos.

Tadbir davomida ekologik huquqlar sohasi bo‘yicha xalqaro va milliy ekspertlar o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ommaviy axborot vositalari ekologik muammolarni yoritishda duch keladigan asosiy muammolar, shuningdek, ekologik huquqlarni targ‘ib qilishning eng maqbul usullari haqida atroflicha fikrlashildi.

Davra suhbati yakunida ekologik huquqlarni himoya qilish mavzusini yoritish borasidagi muvaffaqiyatli amaliyot va strategiyalar taqdim etildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni samaradorlik bilan amaliyotga tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech