Inson huquqlarini himoya qilishda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi qanday yo‘lga qo‘yilgan?

O‘zbekistonda inson qadr-qimmatini yuksaltirish va fuqarolik jamiyati rivojiga ko‘maklashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar buning yaqqol dalilidir.

Toshkentda inson huquqlari va erkinliklari ta’minlanishida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida shu haqda gap bordi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), BMT  Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili va Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli idora va tashkilotlar va NNT vakillari ishtirok etdi.  

O‘zbekiston Ombudsmani Feruza Eshmatova, Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov va boshqalar mamlakatimizda inson huquqlari himoyasini ta’minlashga milliy qonunchilikda ustuvor ahamiyat berilganini ta’kidladi.  

 

Yaqinda O‘zbekiston vakili tarixda birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga saylangani ham yurtimizda shu yo‘nalishda qilinayotgan ishlarning samarasidir.  

Eslatib o‘tamiz, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.    

Davra suhbatida 650 dan ortiq sud qarorlarining keng ko‘lamli tahlili natijalari muhokama qilindi. Tuhmat, uy-joyga kiritish, ota-onalik huquqidan mahrum qilish kabi masalalar bilan bog‘liq ishlar «Madad», «Rahmdillik» va “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan chuqur tahlil etilgan.  

Ushbu tahlil jamoatchilik nazorati sifatida Ombudsman, NNT va sud-huquq tizimi o‘rtasida kelajakdagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqish maqsadida o‘tkazildi.  

Davra suhbati manfaatdor tomonlarga, jumladan, Oliy sud, Adliya, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha  Milliy markaz va Sudyalar oliy kengashiga muloqot platformasini yaratdi.  

O‘zaro muloqot davomida sud amaliyotining ta’siri har tomonlama ko‘rib chiqildi. Sud amaliyotiga oid muhokamalarda innovatsion g‘oyalar va o‘zgarishlarga olib keluvchi takliflar ilgari surildi. Bu kelgusida sud jarayonlarida muhim tashabbuslar uchun zamin yaratadi.    

Aytib o‘tish kerakki, uy-joyga kiritish bilan bog‘liq ko‘rib chiqilgan 176 ishda arizachi sifatida faqat ayollar qatnashgan.  122 ishda ayollar biron-bir vakil (advokat)siz sudda ishtirok etgan. Uy-joyga kiritish bilan bog‘liq 186 ishda prokuror ishtirok etmagan.  

Tadbirda mavjud muammolarni hal etish, fuqaroviy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilishda sudlarning ochiqligini ta’minlash orqali o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi.    

 

N.Abduraimova,  

O‘zA

Powered by GSpeech