Joriy yilda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumiga asos solinganiga 6-yil bo‘ldi. An’anaviy tarzda har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.
Birinchidan. Inson huquqlari bo‘yicha I Samarqand forumi 2018-yil noyabrida bo‘lib o‘tdi. U BMT tashkil etilganidan keyingi 70-yil davomida Osiyo mintaqasida birinchi marta “Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi” sifatida tashkil etildi. Forum jahonda, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyodan tortib Yaqin Sharqqacha bo‘lgan makonda qurolli to‘qnashuvlar kuchayib, o‘zaro ishonchsizlik va nizolar, millatlar va konfessiyalararo ixtiloflar chuqurlashib borayotgan, barqaror taraqqiyotga qarshi boshqa global tahdid va xatarlar kuchaygan murakkab sharoitda o‘tkazildi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida: “bizning qat’iy ishonchimizga ko‘ra, jami 4,5 milliarddan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Osiyo mintaqasining kelajagi ko‘p jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030-yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga tayyor bo‘lishga, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha samarali mintaqaviy mexanizmni shakllantirishga bog‘liq”, deb ta’kidlangani bejiz emas.
Inson huquqlari bo‘yicha I Samarqand forumi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70-yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusiga bag‘ishlandi. Xalqaro anjuman yakunida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston parlamenti inson huquqlarining “Samarqandcha ruhi”ni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi. Ushbu hujjatlar inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga, bu ezgu ishni yangi, yanada yuksak pog‘onaga olib chiqishga xizmat qildi.
Ikkinchidan. Inson huquqlari bo‘yicha II Samarqand forumi 2020 yil 12-13 avgust kunlari bo‘lib o‘tdi. U “Yoshlar ̶ 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Koronavirus kuchaygan bir qaltis davrda o‘tkazilgan mazkur onlayn Forum yakunlari bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiya BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi. Inson huquqlari bo‘yicha II Samarqand veb-forumi rezolyutsiyasi BMTning rasmiy hujjatlar tizimida A/74/998 raqami ostida joylashtirilgan. BMTning 6 ta rasmiy tili – arab, ingliz, ispan, xitoy, rus va fransuz tillariga tarjima qilingan.
Uchinchidan. Inson huquqlari bo‘yicha III Samarqand forumi 2022-yil 5-6-dekabr kunlari «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusida bo‘lib o‘tdi. Ushbu Global forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.
Global forum Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 11-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarning dastlabkisi bo‘ldi. Ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari Samarqand forumi ishtirokchilariga samimiy qutlovlar bilan murojaat qildilar va xalqaro anjuman ishida faollik ko‘rsatdilar.
Jumladan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari F.Tyurk O‘zbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Uning ta’kidlashicha, “Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insoniyat oldidagi qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashadi. Ayniqsa, yoshlarga bu sohada berilgan puxta ta’lim ularning fuqarolik faolligini oshiradi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim butun umr davomida o‘qitilishi, muntazam malaka oshirib borilishi va o‘rganilgan bilimlar amalda qo‘llanishi talab etiladigan o‘ziga xos ta’lim sohasidir. Zero, ta’lim olish hech qachon yosh tanlamaydi”.
Forum yakunida Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirish bo‘yicha Samarqand Harakatlar rejasi qabul qilindi. Samarqand Harakatlar rejasi, Global forum ishtirokchilarining fikricha, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirish ishiga qo‘shilgan katta hissa bo‘ldi. Binobarin, Jahon ta’lim dasturining o‘zi – Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyani to‘ldiruvchi global Harakatlar rejasi, deganidir.
To‘rtinchidan. Joriy yil 13-iyunda Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi o‘z ishini boshlaydi. Bu galgi an’anaviy xalqaro anjuman «Ekologik muammolar: o‘zgaruvchan dunyoda inson huquqlari kelajagi, barqaror yechimlar topish» mavzusiga bag‘ishlangan.
Forum sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz – iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchaygan keskin ekologik vaziyatda bo‘lib o‘tadi. Uning ishtirokchilari ekologiya va inson huquqlari bilan chambarchas bog‘liq ayni xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotganini hisobga olib, ekologik muammolarga faqat mintaqaviy darajada yondashish bilan cheklanmay, balki bu global tahdidlarning o‘ziga xos jihatlariga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish istiqbollarini ham atroflicha muhokama qilishi kutilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 11.06.2024
- Ko'rishlar: 1505
- Chop etish