18-iyun – Xalqaro nafrat tiliga

qarshi kurashish kuni

 

Nafrat nima? Afsuski, xalqaro huquqda ushbu atamaga aniq ta’rif berilmagan. Shu bois “nafrat”, “nafratomuz”, “nafrat tili” kabi tushunchalarni qo‘llashda jahon jamoatchiligi o‘rtasida hali ham turlicha yondashuvlar va qizg‘in bahslar davom etmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti talqiniga ko‘ra, nafrat tili – insonga yoki muayyan guruh a’zolariga ularning kimligini – qaysi din, irq va millatga mansubligi, tana rangi, ijtimoiy ahvoli hamda jinsi qandayligi kabi farqli omillarni pisanda qilib, tajovuz etiladigan yo tahqirlovchi yoxud kamsituvchi ifodalar qo‘llanadigan og‘zaki, yozma yoki muomala-munosabat shaklidagi kommunikatsiya, ya’ni o‘zaro aloqaning har qanday turidir. Nafrat hamma uchun birdek xatarli bo‘lgani tufayli unga qarshi kurashda hamma birlashishi zarur.

Afsuski, bugungi kunda nafrat tili dunyo bo‘ylab keng tarqalmoqda. Nafrat tiliga xos bo‘lgan tajovuzkorlik esa ijtimoiy birdamlik va bag‘rikenglikka halokatli zarba beradi, insonlarga ruhiy, ma’naviy va jismoniy jihatdan putur yetkazadi. Bunday ziyonkor ifoda uslubining nafaqat muayyan insonga yoki aniq bir guruh a’zolariga, balki butun jamiyatga zarari tegadi.

Yer yuzida odamzod yaralibdiki, unga muhabbat va nafrat hamisha hamrohdir. Ammo, yangi raqamli texnologiyalarning izchil kengayib borayotgan ko‘lami va ta’siri oqibatida hozirgi vaqtda nafrat tili – global miqyosda insonlarni bir-biriga qarshi qo‘yish, jamiyatlarni bo‘laklarga bo‘lib tashlash mafkurasining tobora jadallik bilan tarqalayotgan samarador vositalaridan biriga aylanib bormoqda.

Nafrat tili – yovuzligi va vayronkorligi bilan o‘zining tobora yangicha qiyofasini namoyon etmoqda. Agar nafrat tiliga qarshi qat’iy kurash olib borilmasa, u tinchlik va taraqqiyotga ham raxna solishi mumkin. Negaki, nafrat tili odamzod qalbiga nizo va mojarolar, inson huquqlariga qarshi beshafqat ixtiloflar urug‘ini ekadi.

Shu ma’noda, BMT Bosh Assambleyasi 2021-yili butun dunyoda nafrat tilining keng tarqalib borayotganidan global xavotir bildirgan holda, Nafrat tiliga qarshi kurashishda dinlararo va madaniyatlararo muloqot hamda bag‘rikenglikni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani[1] qabul qildi. Rezolyutsiyada kamsitish, ksenofobiya va nafrat hissini gijgijlash holatlariga qarshi kurashish zarurligi e’tirof etildi.

Bu borada tegishli subyektlar, jumladan davlatlarga murojaat qilinib, ular inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar doirasida ushbu illatga qarshi kurashni faollashtirishga chaqirildi. Bosh Assambleya tomonidan 18-iyun – Xalqaro nafrat tiliga qarshi kurashish kuni, deb e’lon qilindi.

Nafrat tili nainki BMTning dasturilamal qadriyatlarini inkor etadi, ayni chog‘da BMT Nizomida mustahkamlab qo‘yilgan inson qadrini ulug‘lash, tenglik va tinchlik kabi prinsip va maqsadlarga ham mutlaqo xilofdir. BMT missiyasining tub mohiyati inson huquqlarini ilgari surish va nafratga qarshi kurashishdan iborat ekani nazarda tutilsa, ushbu xalqaro tashkilot nafrat tilidek global muammoga qarshi hamjihatlikdagi kurashning boshida turishga mas’ul ekanini anglash qiyin emas.

Nafrat tilining buzg‘unchi ta’siri BMT faoliyatining ko‘plab sohalariga – inson huquqlarini himoya qilishdan tortib, toki yovuzliklarga barham berish, tinchlikni saqlash, gender tenglikka erishish, bolalar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarga qadar daxl qilmasdan qolmaydi. Shuning uchun Xalqaro nafrat tiliga qarshi kurashish kunining ta’sis etilishi – bu 2019-yil 18-iyunda taqdim etilgan BMTning Nafrat tiliga qarshi kurash bo‘yicha strategiyasi va Harakatlar rejasining qat’iy talabidir.

Mazkur Strategiya va Harakatlar rejasi BMTning ayni yo‘nalishdagi dastlabki umumtizimli tashabbusi hisoblanadi. Nafrat tiliga qarshi kurashishga oid bu tashabbus BMTning ayni sohada davlatlar sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan muhim dasturiy asosdir.

Strategiyada nafrat tiliga qarshi kurashishning nihoyatda zarurligi, bunda keng ko‘lamda, fikr va so‘z erkinligiga to‘la amal qilgan holda, tegishli manfaatli tomonlar, jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, texnologik kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar platformalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish muhimligi ta’kidlangan. Joriy yilda uchinchi bor nishonlangan 18-iyun – Xalqaro nafrat tiliga qarshi kurashish kuni doirasidagi tadbirlarda shu kabi masalalarga yana bir bor e’tibor qaratildi.

Shunday qilib, o‘zbekchasiga aytganda, nafrat – muayyan shaxsga yoki kishilar guruhiga, g‘oyaga yoki amaliy  faoliyatga nisbatan qattiq g‘azab va jirkanish tuyg‘usi. Nafrat – muhabbatning ziddidir.

Aklli, to‘g‘ri, halol, pok va vijdonli inson nopok, o‘g‘ri, poraxo‘r, munofiq, axloqan buzuq kishilardan va ularning ishlaridan hazar qiladi, ularga nafrat bilan qaraydi. Qur’on  va hadislarda nopok,  imonsiz, tuhmatchi va g‘iybatchi kishilar ham nafratga loyiq ekanligi ta’kidlanadi.

Shu bilan birga, barchaga yaxshi munosabatda va qo‘ldan kelgancha foydali bo‘lish yaxshi axloq va yuksak ma’rifat sohiblarining sifatidir. Xalqimiz naql etganidek, “Xushxulqlik – jamol, kamtarlik – kamol”.

Xushxulq va kamtar inson – boshqalarning haqlariga rioya qilgan, hurmat ko‘rsatgan va hech kimga zarari tegmagan komil insondir. Bu ezgu insoniy fazilatni ulug‘ shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hazratlari shunday nazmiy tarannum etganlar:

Kim musulmonlig‘ aylasa da’vo,

Chin emas gar fido qilur jonlar.

Ul musulmondurki, solimdur

Tiliyu ilgidan musulmonlar.

Binobarin, Hadisi sharifda marhamat etilganidek: “Musulmon qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonlar emin bo‘lgan kishidir” (Buxoriy, “Imon”, 4; Muslim, “Imon”,19).

Ya’ni, insonlarning or-nomusi, sharafi va qadr-qimmatiga tajovuz qilish harom. Tuhmat qilish, g‘iybat qilish, so‘kish, masxaralash yomon odat va katta gunohdir. Insonlarning qalbini yaralagan, ko‘nglini o‘ksitgan bunday harakatlar jamoatda birodarlik zaiflashib, birlik va ahillik buzilishiga sabab bo‘ladi.

Buni qarangki, necha ming yillar davomida ota-bobolarimiz sizu bizni o‘zga insonlarning joniga, moliga, sharafiga va nomusiga tajovuz qilishdan qaytarib kelganlar. Shunga qaramay, keyingi davrda ushbu muammo butun insoniyat uchun dolzarb global tahdidlardan biriga aylanmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

 

  

[1] https://documents-dds-ny.un.org/doc/UNDOC/GEN/N21/200/64/PDF/N2120064.pdf?OpenElement

Powered by GSpeech