27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot
vositalari xodimlari kuni
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigida ta’kidlanganidek, “...bugungi kunda yolg‘on va asossiz ma’lumotlarni tarqatish orqali odamlarni aldash, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish holatlari ko‘payib borayotgani aholining media savodxonligini oshirishni oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa qilib qo‘ymoqda. Axborot maydonida yuzaga kelayotgan bahsli tortishuv va muammolar faqat va faqat qonun doirasida, huquqiy me’yorlar negizida hal etilishi shart”[1].
Davlatimiz rahbarining ushbu an’anaviy murojaati bilan BMT Bosh kotibining O‘zbekistonda har yili 27-iyunda nishonlanadigan – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida, ya’ni 2024-yil 24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan “BMTning Axborot sohasida vijdonan yondashuv bo‘yicha global prinsiplari” taqdimotida yangragan bayonoti o‘rtasida o‘ziga xos ramziy ma’no bor, nazarimizda.
Chunki Bosh kotib Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha ham, Internet orqali nafrat va yolg‘on to‘la axborotlar bu qadar o‘ylovsizlik bilan tarqatilayotganiga dunyo ahli o‘z munosabatini bildirishi kerak. Shu ma’noda, “BMTning Axborot sohasida vijdonan yondashuv bo‘yicha global prinsiplari”ni xalqaro hamjamiyatning ayni muammolarga dolzarb javobi, deb baholash o‘rinlidir.
BMTning mazkur hujjatida quyidagi 5 ta prinsip qayd etilgan:
birinchi prinsip – jamoatchilik ishonchi va barqarorlik;
ikkinchi prinsip – mustaqil, erkin va plyuralistik ommaviy axborot vositalari;
uchinchi prinsip – sog‘lom rag‘batlantirish;
to‘rtinchi prinsip – shaffoflik va tadqiqotlar;
beshinchi prinsip – jamoatchilik imkoniyatlarini kengaytirish.
Ushbu prinsiplar, Bosh kotib ta’biri bilan aytganda, axborot sohasi ekotizimiga imkon qadar ko‘proq insonparvarlik qiyofasini baxsh etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, dezinformatsiya – yolg‘on axborot tarqatish, adovat va nafrat qo‘zg‘ashga qaratilgan faoliyat turli nizolarga turtki bermoqda, demokratiya va inson huquqlariga tahdid solmoqda.
Internet orqali nafrat va yolg‘on to‘la axborotlarning tarqatilishi, shuningdek, xalqaro hamjamiyat a’zolarining jamoatchilik sog‘ligini saqlash sohasidagi va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlarini barbod qilmoqda. Ayniqsa, ommabop sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotgani yolg‘on va nafrat ruhidagi axborot tarqatishni yanada osonlashtirmoqda.
A.Guterrishning fikricha, BMTning Axborot sohasida vijdonan yondashuv bo‘yicha global prinsiplari insonlarga o‘z huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish borasida qo‘l keladi. Binobarin, "milliardlab odamlar uydirma, bo‘hton va aldoqlarga duchor bo‘layotgan ayni bir paytda inson huquqlariga asoslangan ushbu prinsiplar, jumladan, so‘z erkinligi huquqi olg‘a yurishimiz uchun aniq-tiniq yo‘lni ko‘rsatib beradi", deya qo‘shimcha qildi u.
Davlatimiz va jamiyatimizning bu boradagi yondashuvi ham aynan shunday: so‘z, axborot va matbuot erkinligi – O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi”.
Keyingi yillarda mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligini rivojlantirish, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash, demokratik islohotlarni amalga oshirish yo‘lida dadil qadamlar qo‘yildi. Global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilish, yurtimizdagi yangilanish jarayonlarini yoritish, erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etishda jurnalistlarning xizmatlari katta bo‘lmoqda.
Yurtimizda zamonaviy media tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Hamkasblarimiz yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida samarali faoliyat ko‘rsatib, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etayotgani jamiyatimiz va davlatimiz tomonidan munosib qadrlanmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, albatta, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida to‘la o‘z aksini topganini ta’kidlash lozim. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytirilmoqda.
Xalqimiz 2023-yilgi referendumda ovoz bergan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada so‘z va axborot erkinligi uchta yo‘nalishda: birinchidan, axborotni izlash, olish va tarqatish erkinligini kengaytirish; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari erkinligini yanada mustahkamlash; uchinchidan, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom taqdim etilishi timsolida har tomonlama kafolatlandi.
Endilikda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasiga muvofiq:
“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi”.
E’tibor bering: yangi normalar bilan har bir shaxsning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqi e’tirof etildi. Mazkur huquqning ta’minlanishi uchun bevosita davlatning o‘zi shart-sharoitlar yaratishi aniq belgilandi.
Internet nafaqat aloqa vositasi, balki virtual muhitga ham aylanib borayotgan, ko‘plab tushuncha va xizmatlar “real” zamindan jadal tarzda “virtual” hayotga ko‘chayotgan bugungi davr ayni shunday ilg‘or yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi kunda Internetni taqiqlash va cheklash nafaqat noto‘g‘ri, balki mantiqsiz ham ekanini isbotlab o‘tirishga hojat qolmadi.
Nega deganda, bugun odamlar ishini, o‘qishini, hobbilarini, turli tovar va xizmatlar logistikasini, qolaversa, davlat xizmatlarini ham Internetga ko‘chiryapti. Bu, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonunlarni zamonga hamnafas tarzda o‘zgartirishni talab qilmoqda.
Internetdan erkin foydalanish huquqi insonning so‘z erkinligi huquqi doirasiga kiradi. Ushbu huquq, davlat chegaralaridan qat’i nazar, turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini o‘zida qamraydi.
Shunday ekan, axborotni, jumladan, Internet orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini istifoda etuvchi insonlar zimmasiga huquqlar bilan bir qatorda majburiyat va mas’uliyat ham yuklanib, qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklovlar o‘rnatilishi tabiiy holdir. Shu ma’noda, Asosiy Qonunimiz 33-moddasining oxirgi bandiga barchamizni ijtimoiy mas’uliyatni anglashga, oqni qoradan, haqiqatni uydirmadan, dalilni bo‘htondan ajratishga da’vat etadigan mana bu normalar kiritilgani bejiz emas:
“Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida qayd etilgan ayni talablarning nechog‘lik dolzarb, haqqoniy va hayotiy ekani 2023-yil 12-iyun kuni BMT qarorgohida raqamli platformalarda tarqatilayotgan axborotlarning axloqiy mazmuniga oid yangi ma’lumotlarni muhokama etish asnosida yaqqol tasdig‘ini topdi. Gap shundaki, 142 mamlakatda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, butun dunyodagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar muntazam foydalanuvchilarining 59 foizi raqamli makonda dezinformatsiya tarqalayotganidan tashvish bildirgan.
Ushbu ma’lumotlarni taqdim etgan Bosh kotib A.Guterrishning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat raqamli makonda nafrat va yolg‘on axborot tarqatilishiga qarshi qat’iy kurash olib borishi zarur. BMT Bosh kotibi raqamli platformalardagi axborotlarning axloqiyligini ta’minlash uchun Odob-axloq kodeksini yaratish taklifini ilgari surdi. Uning fikricha, bunday Kodeks nafrat tili va yolg‘on axborot tarqatilishiga qarshi o‘zaro kelishgan holda global kurash olib borish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan bo‘lur edi.
O‘z navbatida, BMT Xavfsizlik kengashi 2023-yil 15-iyun kuni Bag‘rikenglik, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Rezolyutsiyani qabul qilgan Xavfsizlik kengashiga a’zo 15 ta davlat nafrat va dezinformatsiya, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatiladigan zo‘ravonliklardan chuqur tashvish bildirdi. Hujjat barcha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarni irqi, millati, jinsi, dini va tiliga ko‘ra kamsitish oqibatida yuzaga keladigan zo‘ravonlik, nafrat, ekstremizmni ochiq qoralashga chaqiradi.
Haqiqatan ham, biz yashayotgan I asrda insonning fikr va so‘z erkinligi, har qanday axborotni izlash, olish va tarqatish singari huquqlari qanday amalga oshirilishi uning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari, xususan, Internetdan qanchalik erkin foydalanishiga bevosita bog‘liq.
Shu nuqtayi nazardan, bugungi raqamlashtirish zamonida demokratik huquqiy davlat va adolatli ochiq jamiyat barpo etayotgan aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham o‘z Konstitutsiyasida fikrlash, so‘z va matbuot erkinligiga oid yangi normalarni mustahkamlagani, bir tomondan, fuqarolarimizning bu boradagi huquqlari va erkinliklari amalga oshishiga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, har bir insonning himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasi birinchi qismida fuqarolik jamiyati institutlarining tushunchasi va tizimi quyidagi norma bilan ochib berilgan:
“Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.
Boshqacha aytganda, ommaviy axborot vositalariga fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqom berildi. Shu orqali so‘z erkinligi konstitutsiyaviy asosda yana bir bor kafolatlanmoqda.
Bu haqda fikr yuritganda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyatini qonunchilik negizida kuchaytirishga izchil e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Chunki ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim va ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi darkor.
Eng muhimi, endilikda Konstitutsiyamizda ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati instituti maqomida e’tirof etildi. Bu ilg‘or konstitutsiyaviy-huquqiy asos:
bir tarafdan, jamoatchilik nazoratining yanada haqqoniy, xolis va adolatli tashkil etilishiga munosib hissa qo‘shsa;
boshqa tarafdan, jamoatchilik nazorati asnosida aniqlanadigan qonunbuzarliklar va kamchiliklarga taalluqli ma’lumotlarning asossiz ravishda panada olib qolinishi yoki xaspo‘shlanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ya’ni, oshkorlik tom ma’noda ta’minlanadi.
Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilgani va ular faoliyati kafolatlarining belgilangani jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini ta’minlash, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy zamin hozirlaydi. Bu tom ma’noda juda muhim yangiliklardandir.
Shu tariqa yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘lishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari qat’iy kafolatlandi.
Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan. Xususan, 81-moddaga ko‘ra:
“Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.
Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir”.
Ushbu normalardan ko‘zlangan maqsad ommaviy axborot vositalari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratishga, davlat va jamiyat o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan konstitutsiyaviy asoslarni shakllantirishdir. Shunga o‘xshash normalar Slovakiya, Ispaniya, Janubiy Koreya kabi bir qator mamlakatlarning Konstitutsiyalarida mavjud.
O‘z navbatida, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 82-moddasida mana bu normalar mustahkamlangan:
“Senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.
Senzuraning taqiqlanishiga oid norma Konstitutsiyamizda oldin ham bor edi. Ayni chog‘da, keyingi norma muhim yangilik bo‘lib, ommaviy axborot vositalarining samarali faoliyat yuritishi uchun ta’sirchan huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda.
Matbuotda bu borada o‘z munosabatlarini bildirgan bir qator hamkasblarimiz ta’biri bilan aytganda, ushbu normalar ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning emin-erkin, turli ma’muriy bosimlardan qo‘rqmasdan faoliyat yuritishini ta’minlaydi. Yanada muhimi, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi.
Hech shubhasiz, so‘z, axborot va matbuot erkinligi – insonning asosiy huquqlaridandir. Matbuot erkinligi – demokratiya va adolatning tamal toshi.
Ammo, bugungi kunda butun dunyoda matbuot erkinligi turli tajovuzlarga duchor bo‘lmoqda. Yolg‘on axborot (dezinformatsiya) va nafrat tili ta’sirida dalillar va uydirmalar, ilm-fan va fitna (konspirologiya) nazariyalari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolib bormoqda. Jurnalistlarga dunyoning turli hududlarida yashayotgan odamlar bilan qulay bog‘lanish imkoniyatini bergan ilg‘or texnologiyalar, bir tomondan, tezkor axborot olishni ta’minlagan bo‘lsa, boshqa tomondan, minglab gazetalarning yopilishiga olib keldi.
An’anaviy matbuot o‘rnida paydo bo‘lgan raqamli ommaviy axborot vositalari esa yuzaga kelgan bo‘shliqni hozircha to‘ldira olgani yo‘q. Ayniqsa, voqealar joyidan reportajlar tayyorlash va jurnalist surishtiruvi o‘tkazish kabi ijodiy jarayonlarda sustkashlik kuzatilmoqda.
Internet tufayli bugungi kunda axborot ekotizimi yolg‘on xabarlar, yuzaki targ‘ibot, asossiz tanqid va shov-shuvli “klikbeyt”lar, ya’ni ehtirosga tayangan va asosan daromad olish maqsadini ko‘zlaydigan sarlavhalar ko‘chkisi ostida qoldi. Oqibatda jurnalistikaning o‘ziga nisbatan ishonchni ta’minlaydigan haqqoniy ovozi tobora eshitilmay qolmoqda, aksincha, jamoatchilikning jurnalistlarga ishonchsizligi sadolari borgan sari kuchaymoqda.
So‘nggi yillarda butun jahon ko‘lamida Internet orqali yolg‘on axborot tarqatish, adovat va nafrat qo‘zg‘ashga qaratilgan nomaqbul faoliyat turli nizolarga turtki berayotgan, demokratiya va inson huquqlariga tahdid solayotgan murakkab sharoitda so‘z, axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda.
Bularning barchasi, bir tomondan, mamlakatimizda so‘z erkinligini, taqdim etiladigan axborotlarning to‘g‘riligi, xolisligi va inson huquqlariga xilof emasligini to‘la ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, ommaviy axborot vositalari ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashi zarurligini ham taqozo etadi.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda”. Bu, o‘z navbatida, mazkur yo‘nalishda aynan jurnalistlar timsolidagi jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etadi.
G‘ulom MIRZO
[1] Prezident Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigi//26.06.2024/https://president.uz/uz/lists/view/7346
- Qo'shildi: 27.06.2024
- Ko'rishlar: 1575
- Chop etish