1976-yil 7-iyul – niderlandiyalik jurnalist,
yozuvchi va tarixnavis Remko Reyding tug‘ilgan kun
Remko Reyding nomi yurtdoshlarimizga yaxshi tanish va juda qadrlidir. Chunki u Ikkinchi jahon urushi davrida Smolenskdagi qaqshatqich janglarda mardlarcha kurashgan va asirga olinib, fashistlarning Niderlandiyadagi “Amersfort” konslageriga tashlangan 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida birinchilardan bo‘lib bong urgan fidoyi ijodkor hisoblanadi.
Niderlandiya zaminida xoklari yotgan 101 nafar o‘zbek jangchisi 1941-yilda fashistlar tomonidan asirga olingan va 1942-yil 9-aprelda qatl etilgan. Aynan Remko Reyding tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi har yili shu qayg‘uli sanada sobiq “Amersfort” konslagerining yurtdoshlarimiz otib tashlangan maydonida xotira tadbiri o‘tkazib keladi.
R.Reyding Ikkinchi jahon urushining o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rganib, shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida “Shon-shuhrat maydoni bolalari” nomli kitob yozgan. Bu boradagi izlanishlarini 20-yildan buyon sadoqat va matonat bilan izchil davom ettirmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov 2022-yil yanvarida Bryusselda taniqli jurnalist va adib Remko Reyding bilan uchrashuvi chog‘ida qattol urushning o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rgangani hamda ana shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida alohida kitob yozgani uchun unga chuqur minnatdorchilik izhor etgandi.
Ushbu muloqot asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020-yili Toshkent shahrida ochilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibida 101 nafar o‘zbek jangchisi xotirasiga bag‘ishlab “Konslager” yodgorligi bunyod etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, “Shon-sharaf” davlat muzeyida, R.Reyding to‘plagan tarixiy dalil va hujjatlardan foydalangan holda, ayni mavzuni yoritishga qaratilgan maxsus pavilon ishlab turibdi.
Niderlandiyalik madaniyat arbobi B.Charlak 2021-yilda “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘lining gavhari” nomli kitobini nashr ettirdi. Ushbu kitobda ham 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida R.Reyding taqdim etgan tarixiy ma’lumotlar qayd etilgan.
G‘alabaning 75-yilligiga bag‘ishlab o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan millatimizning go‘zal siyratini, azaliy odobi va insonparvarlik fazilatlarini teran ochib beradigan ushbu hayotiy qissa asosida “101” nomli badiiy film tasvirga olingan. Bu haqda kitoblar chop etilmoqda, ommaviy axborot vositalarida atroflicha ma’lumotlar e’lon qilinmoqda.
Remko Reyding hozirgi vaqtda Niderlandiyaning “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlaydi. Mazkur yodgorlik majmuasi Amersfort shahrining “Rastxof” qabristoniga tutash hududda joylashgan bo‘lib, bu yerda 865 nafar sovet askari, jumladan, 101 nafar o‘zbek jangchisi dafn etilgan.
R.Reyding ana shu qurbonlarning shaxsini aniqlashtirish uchun izchil izlanishlar olib bormoqda. Xususan, R.Reyding 2021-yilda o‘zbekistonlik jangchilarga taalluqli ekani taxmin qilingan bir qancha tarixiy hujjatlarni topishga muvaffaq bo‘lgan.
R.Reyding urush qurbonlari xotirasini tiklash, ularning shaxsini aniqlash, qarindoshlarini topish borasida amalga oshirayotgan ezgu faoliyat Niderlandiya va Rossiya davlatlari tomonidan yuqori baholangan. Xususan, u 2014-yilda Niderlandiyaning Oran-Nassau Ordeni ritsari unvoni bilan taqdirlangan. Lyosden shahri (Niderlandiya) meriyasi 2019-yilda R.Reydingni jamiyat oldidagi xizmatlari uchun Anni de Boforspeld ko‘krak nishoni bilan mukofotlagan.
R.Reyding O‘zbekistonga bir necha bor kelgan va Ikkinchi jahon urushi davridagi o‘zbek jangchilari jasoratiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirlarda qatnashgan. Ayniqsa, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bunyod etilganidan keyingi davrda yurtimizga tashrif buyurib, ommaviy axborot vositalarida ushbu tarixiy majmuadan olgan taassurotlarini samimiy izhor etgani e’tiborlidir.
R.Reydingning Niderlandiya tuprog‘ida dafn etilgan o‘zbek jangchilari qabrlarini obod qilish tashabbusi, bir tomondan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mos bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan inson qadrini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga to‘liq javob beradi.
Shu ma’noda, inson qadrini joyiga qo‘yish yo‘lidagi ulkan xizmatlari, xususan, Niderlandiya zaminida fashizm qurboniga aylangan o‘zbek jangchilari shaxsini aniqlash yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi va yurtdoshlarimiz xotirasiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi uchun Remko Reyding har qancha tahsinu e’tirofimizga munosib.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 05.07.2024
- Ko'rishlar: 1379
- Chop etish