SUN’IY INTELLEKT – INSON TABIIY IDROKINING MAHSULI

16-iyul – Sun’iy intellekt e’tirof etilgan kun

 

Ushbu sanani har yili dunyo bo‘ylab nishonlashdan maqsad – sun’iy intellekt texnologiyasining tarixi va yutuqlarini e’tirof etishdan iborat. Shu bahonada uning joriy va istiqboldagi shakllaridan inson hayotida foydalanish borasidagi bilimlarni oshirish imkoniyati ham tug‘iladi.

Keyingi o‘n yillikda sun’iy intellekt bilan bog‘liq texnologiyalar shiddatli rivojlanib, tobora murakkablashib va eng mushkul masalalarga ham qulay va oson yechim topadigan darajada mukammallashib bormoqda. Bugungi kunda sun’iy intellekt hayotimizning, ayniqsa, sanoat, yuk tashish, moliya, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi turli sohalarida tobora keng qo‘llanilmoqda.

Sun’iy intellekt yadro sohasiga taalluqli ilm-fan, texnologiya va va amaliyotni rivojlantirishda ham xuddi shunday qulayliklar tug‘dirishi mumkin. Sun’iy intellekt imkoniyatlaridan yadro sohasida foydalanish, o‘z navbatida, iqlim o‘zgarishidan toki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashgacha bo‘lgan hozirgi davrning eng dolzarb global muammolari yechimiga ulkan hissa qo‘shishi tayin.

Shu ma’noda, “BMT yangiliklari” saytida 2024-yil 9-iyul kuni e’lon qilingan “Yadroviy texnologiya, ilm-fan va texnika sohalarining amaliyotda qo‘llanishini tezlashtirish uchun sun’iy intellektdan foydalanish” mavzusidagi axborot muhim ahamiyat kasb etadi. MAGATEning ushbu axborotida yadro texnologiyalaridan bugun va kelajakda tinchlik maqsadlarida foydalanishda sun’iy intellekt qo‘l keladigan bir nechta sohalar haqida so‘z yuritilgan.

Birinchi soha – inson salomatligi. Sun’iy intellekt turli kasalliklarni davolashda yordam berishi mumkin. Undan allaqachon saraton xastaligini aniqlash va davolash maqsadida foydalanilmoqda. Saraton xastaligini davolashda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashga oid yangi tajriba dunyoning ko‘plab mamlakatlari, xususan, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSH va Fransiyada izchil o‘rganilmoqda. Yaqinda MAGATE bu sohadagi muvofiqlashtirilgan tadqiqotlar loyihasini ishga tushirdi.

Ikkinchi soha – oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi. Sun’iy intellektdan yadro texnologiyalari bilan uyg‘un holda foydalanish oziq-ovqat tizimidagi barqarorlikni oshirishga xizmat qilishi mumkin. Bunda iqlim o‘zgarishining nobop ta’sirlariga qarshi turish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmagani bilan bog‘liq muammolarga yechim topish mumkin bo‘ladi. Soha ekspertlari sun’iy intellektni asosan hosildorlikni oshirishga oid ma’lumotlarni tayyorlash va tahlil qilish, tuproqning namligini baholash, sug‘orish tizimlarini yaxshilash, oziq-ovqat bilan bog‘liq ko‘zbo‘yamachiliklarni aniqlash hamda bunday holatlarning oldini olish, shuningdek, radioaktiv chiqindilar bilan zararlangan yer maydonlarini sog‘lomlashtirish kabi yo‘nalishlarda qo‘llamoqdalar.

Uchinchi soha – suv zaxiralari va atrof-muhit. Sun’iy intellekt texnologiyalari gidrologik jarayonning turli bosqichlarida suv oqimi yo‘nalishlarini, ayni jarayonda iqlim o‘zgarishi ta’sirida yuzaga keladigan holatlarni aniqlash va nazorat qilish imkonini beradi. Bu boradagi keng ko‘lamli ma’lumotlarning sun’iy intellekt ko‘magida samarali va amaliy tahlil qilinishi, o‘z navbatida, olimlarga iqlim o‘zgarishi va uning butun dunyo miqyosida suv havzalaridan foydalanishga ko‘rsatadigan ta’siriga oid jarayonlarni yanada aniq bilib olish uchun qo‘l kelmoqda.

To‘rtinchi soha – yadroviy ilm-fan va termoyadroviy sintez tadqiqotlari. Sun’iy intellekt yadroviy ilm-fan sohasida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Undan ayni sohada nazariy modellashtirish va sinovlar o‘tkazish orqali texnologik innovatsiyalarni ilgari surish va amaliy tadqiqotlarni jadallashtirish, jumladan, yadro va atomga aloqador ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishda foydalanilmoqda.

Termoyadroviy sintez tadqiqotlari sohasida sun’iy intellekt qo‘llanilayotgani, ayniqsa, ulkan foyda bermoqda. Sun’iy intellekt o‘ta ko‘lamdor va nihoyatda murakkab vazifalarni ham hal etishga qodirligi tufayli ushbu qaltis yo‘nalishda modellashtirish va imitatsiya yo‘li bilan sinovlar o‘tkazish evaziga yangidan yangi ilmiy kashfiyotlarni qo‘lga kiritish imkoniyatlari ortmoqda.

 Beshinchi soha – yadro energiyasi.   Sun’iy intellektning tatbiq etilishi hisobiga yadro energiyasi yo‘nalishida ham sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Yadroviy uskunalarning raqamli modellari bilan sun’iy intellekt tizimlarining o‘zaro birlashtirilishi, bir tomondan, yadroviy sohadagi murakkab tartib-taomillarni maqbullashtirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, yadroviy reaktorlar ishining samaradorligi oshishi va xavfsizligi yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Bunday maqbullashtirish, o‘z navbatida, yadroviy uskunalardan foydalanish natijadorligini oshirgan holda, ularga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar miqdorini kamaytiradi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt elektr stansiyalarining ishlash jarayonlarini nazorat qilishda ularda yuz beradigan nosozliklarni oldindan aniqlash va tahlil etish borasida bemisl salohiyatga ega.

Oltinchi soha – yadroviy xavfsizlik va radiatsiyadan himoyalanish. Yadro texnologiyalaridan tinchlik maqsadlarida tobora ko‘proq mamlakatlar foydalanmoqda. Ular tomonidan yadro energetikasini rivojlantirish dasturlari amaliyotga izchil tatbiq etilayotganini hisobga olib, MAGATE insonlar va atrof-muhitni zararli darajadagi ehtimoliy nurlanishdan himoya qilish ustida muntazam ishlamoqda.

Sun’iy intellektning yadroviy xavfsizlikni ta’minlash va radiatsiyadan himoyalanish borasida foydali tomonlari ko‘p. Masalan, radiatsiyaviy nazorat tizimlari ma’lumotlarini tahlil etishda undan foydalanilganda, shubhasiz, yadroviy va boshqa xil radioaktiv moddalarni aniqlash hamda tasniflash ishida ulkan samaradorlikka erishish mumkin.

Yettinchi soha – yadroviy kafolatlar. Kafolat – tekshirish natijalari bilan bog‘liq texnik chora, degani. Yadro energiyasidan faqat tinchlik maqsadlarida foydalanuvchi mamlakatlar bu boradagi huquqiy majburiyatlarini qanday bajarayotganligi haqidagi ishonchli dalillar MAGATE tomonidan kafolatlar misolida taqdim etiladi. Ayni vaqtda sun’iy intellekt ushbu kafolatlar bilan shug‘ullanadigan MAGATE nozirlari va tahlilchilariga tegishli ma’lumotlarni o‘rganish borasida yaqindan yordam bermoqda.

Sun’iy intellektning shu kabi foydali xususiyatlari haqida fikr yuritish asnosida, 2023-yil 18-iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashida “Sun’iy intellektning global xavfsizlikka qanchalik ta’siri bor?” degan masala muhokama qilinganini ham eslatish maqsadga muvofiqdir.

O‘shanda BMT Bosh kotibi Xavfsizlik kengashining sun’iy intellektni rivojlantirishga bag‘ishlangan majlisida so‘zga chiqib, xalqaro hamjamiyatni ushbu «noodatiy texnologiya» rivoji ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirgandi. Antoniu Guterrish sun’iy intellekt rivoji bilan bog‘liq hozirgi holat hali boshlanishi ekani, buning oqibatlari qanday bo‘lishi haqida tayinli bir xulosaga kelish mushkulligidan ogohlantirgandi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarining barcha shakl va turlari mutlaqo beqiyos darajalardagi o‘ta tezkorlikda va juda keng ko‘lamlarda tarqalmoqda, degandi BMT Bosh kotibi. A.Guterrishning fikricha, sun’iy intellekt texnologiyalari rivojini matbaa uskunasining tatbiq etilishiga qiyoslash to‘g‘ri emas. Chunki matbaa uskunalarining mahsuli bo‘lmish kitoblar butun Yevropa bo‘ylab keng tarqalishi uchun ellik yildan ortiq vaqt kerak bo‘lgan. Sun’iy intellekt chatboti – ChatGPT esa atigi ikki oy ichida 100 million nafar foydalanuvchiga ega bo‘ldi.

Ma’lumotlarga qaraganda, ChatGPT (Chat generative pre-trained transformer)  – AQSHning «OpenAI» kompaniyasi tomonidan yaratilgan sun’iy intellekt chatbotidir. Mazkur kompaniyaning asosiy vazifasi inson miyasi bajara oladigan hamma narsani qiluvchi sun’iy intellektni yaratishdan iborat. O‘z navbatida, ChatGPTning muhim xususiyati shuki, unda xotira mavjud. Bu orqali u suhbatning tafsilotlarini eslab qoladi, o‘rganadi va avvalgi ma’lumotlarga tayanib muloqotni davom ettiradi. 

 ChatGPT turli savollarga javob qaytarishi, dasturchilar uchun kod yozishga yordamlashishi, talabalar uchun kurs ishlarini yozib berishi mumkin. Mazkur bot hattoki she’r va insholar ham yoza oladi. Shu bois keng jamoatchilikda ushbu texnologiya kopirayterlar, jurnalistlar, maktab o‘qituvchilari va boshqa soha vakillarini ishsiz qoldirishi mumkin degan qo‘rquv paydo bo‘lgan. Ayniqsa, ChatGPTning insholar “yozish” qobiliyatidan o‘qituvchilar ko‘proq tashvishga tushmoqda. Misol uchun, AQSHda talabalar allaqachon bot tomonidan “yozilgan” insholarni o‘z ijod mahsuli sifatida taqdim qilishni boshlagan. 

Lekin sun’iy intellektning eng katta muammolaridan biri ham aynan shu tom ma’nodagi ijodkorlik iqtidorining mavjud emasligi bo‘lib qolmoqda. Sodda qilib aytganda, ChatGPT chatboti hozircha yangi g‘oyalarni taqdim qila olmaydi.

ChatGPT chatboti 2022-yil 30-noyabrda ishga tushirilgan va 1 million foydalanuvchiga ega bo‘lishi uchun atigi besh kun yetarli bo‘lgan. Taqqoslash uchun: Netflix shuncha foydalanuvchini – 3,5-yilda, Facebook – 10 oyda, Spotify –5 oyda, Instagram – 2,5 oyda yig‘a olgan. 2023 yil yanvariga kelib ChatGPT foydalanuvchilari 100 milliondan oshgan[1].

O‘z vaqtida ChatGPT loyihasiga Ilon Mask sarmoya kiritgan bo‘lib, ayni vaqtda uning asosiy sarmoyadori Microsoft kompaniyasi hisoblanadi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniya ChatGPT chatboti uchun yana 10 mlrd dollar sarmoya kiritishni mo‘ljallamoqda. Moliyaviy tarmoq ekspertlarining baholashicha, 2030-yilga borib jahon iqtisodiyotida sun’iy intellekt rivoji uchun tikiladigan mablag‘lar miqdori 10-15 trillion AQSH dollarigacha yetishi mumkin.

A.Guterrishning so‘zlariga qaraganda, hozir dunyodagi hukumatlar, yirik kompaniya va tashkilotlarning deyarli barchasi sun’iy intellektni rivojlantirish sohasidagi strategiyalar bo‘yicha ish olib bormoqda, ammo hech kim, hatto sun’iy intellektni ishlab chiqqanlarning o‘zlari ham bu aql bovar qilmas texnologiya yutug‘i oxir-oqibatda nimalarga olib kelishi ehtimoli haqida aniq tushunchaga ega emas. Shuning uchun mavjud vaziyatdan kelib chiqib, sun’iy intellekt rivojining “tub mazmun-mohiyati va qamrovini imkon qadar chuqur anglagan holda” ish tutgan ma’qul.

Sun’iy intellekt istiqboli noma’lumligidan bu qadar xavotirlanishning sababi nimada? Sababi oddiy – sun’iy intellektga asoslangan mashinalar insonlarga ziyon-zahmat yetkazishi mumkin. A.Guterrish ta’biri bilan aytganda, sun’iy intellektning ko‘p foydasi tegishi ayon, lekin mashinalarning insonlarga va bir-biriga ham ulkan ko‘lamlarda zarar yetkazishga qodirligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

 Terrorchilik, jinoyatchilik, kiberhujumlar – mabodo sun’iy intellektdan ayni shu yovuz maqsadlar yo‘lida foydalanilsa, bu global xavfsizlik uchun o‘ta jiddiy oqibatlarga olib keladi, deb ogohlikka chorladi BMT Bosh kotibi. Sun’iy intellektning nosoz tizimlari – «tashvishlarga sabab bo‘layotgan yana bir yirik muammodir».

Sun’iy intellekt ezgulikka ham, yomonlikka ham xizmat qilishga qodir bo‘lgan juda ulkan salohiyatga ega. Ixtirochilarning o‘zlari ham  oldinda insoniyat sun’iy intellekt bilan bog‘liq yanada yirik, halokatli va kutilmagan tahdidlarga duchor bo‘lishi mumkin, deb bong urmoqda. A.Guterrish aytganidek, «Agar biz ana shu tahdidlarni bartaraf etish choralarini ko‘rmas ekanmiz, hozirgi va kelgusi avlodlar oldida o‘z burchimizni ado etmagan bo‘lamiz». 

Albatta, vaziyatni nazoratga olish oson kechmaydi, chunki bunga xalal beradigan bir qancha omillar mavjud. Jumladan:

  • sun’iy intellektning ayrim modellari allaqachon keng jamoatchilik tasarrufida;
  • ularning tarqalishi ko‘lamini kuzatib borish imkonsiz;
  • qolaversa, sun’iy intellekt sohasida xususiy sektor yetakchi o‘rinda turibdi.

Shunga qaramay, bu sohani boshqarish uchun mustahkam tayanch nuqtalariga egamiz. Bunda, masalan, BMTning Odatiy qurollarning aniq turlari to‘g‘risidagi konvensiyasi doirasida qabul qilingan «O‘t ochish qurollarining mustaqil tizimlariga oid rahbariy prinsiplar» yoki YUNESKO 2021-yilda qabul qilgan «Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha tavsiyalar» kabi xalqaro-huquqiy hujjatlar asosida ish olib borsa bo‘ladi.

Shuningdek, BMT huzurida ayni shu «noodatiy texnologiya»ni boshqarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jamoa bo‘lib qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi organ – Sun’iy intellekt bo‘yicha oliy darajadagi maslahat kengashi tuzildi. Maslahat kengashi ishida ko‘plab manfaatdor tomonlar ishtirok etmoqda.

Shu o‘rinda ChatGPT sun’iy intellekt botining foydali va zararli jihatlarini bilib qo‘yganimiz ziyon qilmaydi. Avvalo, ijobiy jihatlariga to‘xtalamiz.

Aytishlaricha, ChatGPT kabi chatbotlarning rivojlanishi mehnat bozoriga kutilmagan ta’sir qilishi ham mumkin. Masalan, agar sun’iy intellekt turli xil kasb egalarining mahsuldorligini oshirsa va xarajatlarni kamaytirsa bozorda narxlar pasayadi.

Ammo, sun’iy intellektning zararli deb tasnif etilayotgan jihatlari birmuncha ko‘proq ekan.

Birinchidan, chatbotlar internetda joylashtirilgan katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘zlashtirib, yangi ko‘nikmalarni o‘rganish asnosida haqiqiy faktlar va yolg‘onlarni aralashtirib yuborishi mumkin.

Ikkinchidan, sun’iy intellekt boti noto‘g‘ri fikr va haqoratli so‘zlardan foydalanishga tez o‘rganadi. Xususan, 2016-yilda Microsoft tomonidan ishlab chiqilgan Tay chatboti bir zumda so‘kinishni va irqchi so‘zlardan foydalanishni o‘rganib olgan. 

Uchinchidan, sun’iy intellekt botlari bilim darajasi bo‘yicha, baribir, inson ong-tafakkuriga tenglasha olmayapti. Masalan, ChatGPTning bilimi 2021-yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan cheklangan.

To‘rtinchidan, sun’iy intellekt mehnat bozorida inson o‘rnini to‘g‘ridan to‘g‘ri almashtirishi hisobiga yaqin kelajakda ko‘pchilik ishchi-xizmatchilarning ishsiz qolishi xavfi borligi taxmin qilinmoqda.

Beshinchidan, mukammal sun’iy intellekt tarixiy qolipni buzishi ehtimoli mavjud. Ya’ni, oddiy odam qiladigan deyarli har qanday vazifani bajara oladigan texnologiya insoniyatni noma’lum iqtisodiy hududga olib keladi, deydi ekspertlar. 

Tabiiyki, bu kabi muammolarni joyida va izchillik bilan bartaraf etish choralari ham ko‘rilmoqda. Aytaylik, haqoratli kontent paydo bo‘lishining oldini olish uchun ChatGPTga muayyan moderatsiya tizimlari o‘rnatilgan. Ushbu bot qonunni qanday buzish haqida matnlar yaratishga to‘sqinlik qiluvchi filtrlarga ham ega. 

Shunga qaramay,  ChatGPT chatboti, avvalo, o‘z shaxsiy fikriga ega emas, ya’ni hech qanday masala bo‘yicha shaxsiy fikr bildirmaydi. Qolaversa, uning irqi yoki jinsi yo‘q. Bundan tashqari, mazkur sun’iy intellekt mahsuli dinga e’tiqod qilmaydi. Aynan shu kamchiliklari tufayli insoniyat sun’iy intellekt rivojidan tashvish va xavotirga tushayotgan bo‘lsa, ajab emas.

Xulosa o‘rnida akademik Akmal Saidovning sun’iy intellekt istiqboliga taalluqli mana bu fikrlarini keltiramiz:

“Sun’iy intellekt hech qachon tabiiy intellektni yengib o‘tmaydi va undan ustun bo‘la olmaydi. Chunki sun’iy intellektning o‘zi ham inson tabiiy idrokining mahsulidir. Sun’iy intellekt hayotimizdagi aksariyat yumushlarni bajarishda inson o‘rnini egallashi haqida so‘z borganda, ayniqsa, sud hukmini sun’iy intellekt tomonidan chiqarilishiga yo‘l qo‘yish kerak emas, deb hisoblayman. Zero, inson taqdiriga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq bo‘lgan shu kabi nozik sohalarga mashinalashgan yondashuv ziyon yetkazmay qolmaydi”.

 

G‘ulom MIRZO

 

[1] Qarang: https://daryo.uz/k/2023/02/08/google-qotili-butun-dunyo-gapirayotgan-chatgpt-ozi-nima

Powered by GSpeech