YOSHLARIMIZ – YANGI O‘ZBEKISTONNING BUGUNI VA KELAJAGI!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashning noyob tizimi yaratildi. Shu asosda farzandlarimizni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida muhim natijalarga erishilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 18-iyulda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida ushbu samarali va ta’sirchan tizim mohiyatini ochib berish zarurligi ta’kidlangani bejiz emas. Chunki bugun mamlakatimizda ayni shu tizim asosida amalga oshirilgan ibratli ishlar O‘zbekistonning yoshlar siyosati ko‘plab davlatlar uchun andoza bo‘lishga munosibligidan dalolat beradi.

 

Huquqiy asos – mustaqillik va taraqqiyot garovi

 

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 2024-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 36 million 963 ming kishidan oshgan bo‘lib, 14-30 yoshgacha bo‘lgan navqiron insonlar soni 9 million 600 ming nafarni tashkil etgan. Ya’ni, mamlakatimiz boshqa sohalar qatori nufus jihatidan ham, mehnatga layoqatli yoshlarning ko‘pligi nuqtayi nazardan ham katta davlatga aylanmoqda.

Yoshlarimizga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Shu ma’noda, ayni masalaning yechimi ham mustahkam huquqiy poydevor – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilishni taqozo etdi.

Asosiy qonunimizning alohida bobi – XIV bob “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlandi hamda undan yoshlarga oid qator normalar o‘rin oldi. Bunday yangicha yondashuv, albatta, Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligining talabi va taqozosidir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitutsiyaning 79-moddasida qayd etilganidek: “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik  huquqlari  himoya  qilinishini  ta’minlaydi,  ularning  jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi”.

O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 28-iyunda Yoshlar kuni munosabati bilan ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlaganlaridek, mamlakatimizda so‘nggi yetti yil yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda “katta sakrash davri” bo‘ldi. Shu yetti yil ichida yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qaror qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyoz berilgani buning yorqin misolidir.

Bu haqda so‘z borganda, xususan, BMT Bosh Assambleyasi 1999-yil dekabridagi rezolyutsiyasi asosida Xalqaro yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi vazirlar konferensiyasining 12-avgustni – Xalqaro yoshlar kuni deb e’lon qilish haqidagi tavsiyasini ma’qullaganini qayd etish lozim. Har yili ushbu xalqaro sanada jahon hamjamiyatining diqqat-e’tibori yoshlarga oid masalalarga yana bir bor qaratiladi.

Milliy qonunchiligimizga ko‘ra, O‘zbekistonda 30-iyun – Yoshlar kuni etib belgilangan. Shuningdek, 2020-yil 30-iyunda Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.

Agentlik, jumladan, yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqadi. Shuningdek, yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

Farmon bilan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturda, jumladan, O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish belgilangan.

Shuni ham qayd etish kerakki, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzilgani, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etilgani yurtimizda soha rivoji sari qo‘yilgan yirik amaliy qadamlar bo‘ldi. Yanada muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2024-yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb e’lon qilindi va bu borada Davlat dasturi tasdiqlandi.

Inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladigan demokratik o‘zgarishlar jarayonini yangi, yanada yuksak bosqichlarga ko‘targan ushbu tashabbus zamirida, bir tomondan, joriy yilda mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tiborni tubdan kuchaytirish, ikkinchi tomondan, aksariyat qismini shijoatli yoshlarimiz tashkil etadigan tadbirkorlar toifasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga oid istiqbolli maqsad-muddaolar o‘z mujassamini topgan. Chunki yosh avlod har qanday mamlakat istiqbolini belgilaydigan ulkan strategik qudratdir.

 

O‘zbekiston – yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakat

 

Mamlakatimizda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar dunyo miqyosida tan olinayotgani tahsinga sazovor. Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e’tirof etilgani  buning yana bir yaqqol isboti bo‘ldi.

Bunda, shubhasiz, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgani muhim ahamiyatga ega. Asosiy qonunning 79-moddasiga ko‘ra: “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifasi etib belgilandi. Ta’limga oid normalar 50,51 va 52-moddalarda o‘z aksini topdi.    

Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 53-moddasida: “Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan  foydalanish  huquqi  kafolatlanadi.  Intellektual  mulk qonun bilan muhofaza qilinadi”, degan norma mustahkamlab qo‘yildi. Zero, intellektual salohiyati yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.

Bu haqda fikr yuritganda, mamlakatimizda keyingi 7-yil yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim davr bo‘lganini alohida ta’kidlash ayni muddaodir. Xususan, 151 ming nafar yoshlarga 1,7 trln so‘m ta’lim krediti berilgan bo‘lsa, ehtiyojmand oilalarga mansub 110 ming nafar talabaning kontrakt pullarini to‘lab berish uchun 332 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

E’tibor bering: xuddi shu davrda oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan – 42 foizga ko‘tarildi. Oliy ta’lim muassasalari soni 77 tadan – 212 taga yetdi, yangi o‘quv yilidan ular soni yana 2 taga ko‘paymoqda. Bugungi kunda 110 ming nafar yoshlarimiz xorijda tahsil olmoqda.

Keyingi yetti yilda AQSHning “Pechak ligasi”ga kiruvchi Garvard, Yel, Kolumbiya, Stenford kabi 8 ta va Buyuk Britaniyaning “Rassell guruhi”dagi Oksford, Kembrij, Birmingem kabi 24 ta oliy ta’lim muassasasini  yurtimizdan “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali o‘qishga borgan 50 nafar yoshlar tamomladi.

Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2024-yil 27-iyunda “Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga:

  • yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish jarayonlarini takomillashtirish, talab yuqori bo‘lgan chet tillarini mukammal o‘zlashtirish uchun sharoitlarni kengaytirish;
  • xorijiy tillarni o‘qitish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi YATTlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari (xususiy o‘quv markazlari), ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, sohadagi muammolarni muntazam ravishda tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • xususiy o‘quv markazlari reytingini shakllantirish hamda reytingda yuqori o‘rinni egallaganlarni rag‘batlantirish;
  • yoshlar orasida kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishni targ‘ib qilish, ushbu yo‘nalishdagi ijtimoiy loyihalar, ko‘rik-tanlov va olimpiadalarni tashkil etish kabi qo‘shimcha funksiyalar yuklandi.
  •   Maktab ta’limiga kelsak, Prezident maktablaridagi baholash tizimi 500 ta umumta’lim maktabida ham joriy qilingani nihoyatda samarador bo‘ldi. O‘tgan bir yilning o‘zida ayni maktablarda o‘quvchilarning bilimlarni o‘zlashtirishi 53 foizdan – 60 foizga oshdi. 

  Oliy ma’lumotli yoshlarning doimiy ish bilan ta’minlanishi, iqtidorli yoshlarning ta’lim kreditiga ega bo‘lishi, o‘z yo‘lini topa olmayotgan yoshlarni kasb-hunarga qayta tayyorlash, og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlash masalalari ham doimiy e’tiborda turibdi.

            

Yoshlar siyosatining tub mohiyati – orzularga qanot bag‘ishlash!

 

Yangi O‘zbekistoni bunyod etishga qaratilgan, shiddatli va izchil yangilanishlar davrida yoshlar ma’naviyati, dunyoqarashi, ijtimoiy-iqtisodiy holati, kayfiyatini o‘rganish, orzu-umidlariga quvvat berish davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Shuning uchun ham yurtimiz yoshlarini har jihatdan  qo‘llab-quvvatlash, salohiyatini yuzaga chiqarishga katta ahamiyat berilmoqda.

Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda davlat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ulari shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi. Konstitutsiyaning 78-moddasida muhrlanganidek, “Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”.

Birgina 2021-yildan boshlab yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan yangi tizim – “Yoshlar daftari” bugun minglab yoshlarimiz bilan tizimli ishlash imkonini berayotgani bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy tasdig‘idir.

Hukumatning tegishli qaroriga asosan har bir tuman, shahar va viloyatda moliyaviy manbalari aniq belgilangan alohida “Yoshlar daftari” jamg‘armalari tashkil etildi. Natijada 2021-2024-yillar davomida ushbu tizim orqali ko‘mak ko‘rsatilgan yoshlar soni 1 million 157 mingga yetdi va ularni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari” jamg‘armalaridan 1,5 trillion so‘mga yaqin yordam ko‘rsatildi.   

Shuningdek, «Kelajak kasblari» loyihasi doirasida 1 ming 38 nafar nogironligi bo‘lgan yoshlar zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar bo‘yicha o‘quv kurslarida bepul o‘qitildi. Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning oliy ta’lim bo‘yicha shartnomalarini to‘lab berish, xorijiy tillarni o‘rganishlariga amaliy ko‘maklashish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Bundan tashqari, yoshlar yetakchilari tomonidan xonadonma-xonadon xatlov ishlari orqali 268 ming nafar xorijdagi yoshlar balansi shakllantirilib, ular bilan doimiy muloqot o‘rnatilgani diqqatga loyiq. O‘tgan davr mobaynida migratsiyadagi 328 ming yoshlar vatanga qaytarilib, munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlanib, xorijdagi 89 ming nafar yoshlarning oilalariga moddiy, huquqiy, ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan.

Bu kabi yutuqlar xalqimizning tahsini va xalqaro hamjamiyatning e’tirofini qozonmoqda. Xususan, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi – 2030” loyihasini namunaviy tarzda amalga oshirish bo‘yicha 10 ta mamlakatdan biri sifatida aynan O‘zbekiston tanlab olingani har birimizga faxr bag‘ishlaydi.

Yana ikkita muhim e’tirof: birinchidan, 2022-yilda Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, ikkinchidan, 2024-yilda Toshkent shahri – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqasida birinchi yoshlar poytaxti deb e’lon qilindi.

Xulosa qilib aytganda, yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni kamol toptirish masalasi jamiyatimiz va davlatimizning doimiy e’tibor markazidadir. Zero, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, «Farzandlari bilimli, iste’dodli, o‘zining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli albatta yorug‘ bo‘ladi».

 

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 26-iyul kungi 149 (1210)-soni

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech