Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov O‘mon poytaxti Maskat shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Inson huquqlari sohasidagi milliy karashlarni rejalashtirish va amalga oshirishni monitoring qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli” mavzuidagi xalqaro forumdagi ma’ruzasida aytib o‘tdi.
U o‘z nutqida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar barcha mamlakatda inson huquqlarini himoya qilishini alohida ta’kidladi. Ular davlat va fuqarolik jamiyati, shuningdek, inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tuzilmalar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, xalqning ovozi eshitilishi va huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi. Ushbu institutlar shunchaki maslahatchi organlar emas, balki siyosatni ishlab chiqish jarayonining faol ishtirokchisi, inson huquqlari bo‘yicha tashabbuslarning borishini monitoring qilish, baholash va hisobot berish, majburiyatlarimiz aniq natijalarga aylanishini ta’minlaydi.
Ma’ruzachi O‘zbekistonda inson huquqlari institutlarining o‘rni haqida gapirar ekan, mamlakatimizda bunday institutlarning mukammal tizimi yaratilgani, uning tarkibiga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Parlament ombudsmani), Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani), Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz kirishini aytib o‘tdi.
Ularning faoliyati butun mamlakat bo‘ylab inson huquqlarini targ‘ib etish va himoya qilishga qaratilgan. O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi 56-moddasiga inson huquqlari institutlari to‘g‘risida yangi qoidalar kiritilgani inson huquqlariga sodiqlikdan dalolat beradi va xalqaro standartlarga mos keladi.
— O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi fuqarolarning milliy va xalqaro inson huquqlari organlariga murojaat qilish huquqini kafolatlaydi. Shuningdek, biz xotin - qizlar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratdik, ijtimoiy adolat tamoyillariga konstitutsiyaviy maqom berdik, — dedi u.
Bundan tashqari, BMT tavsiyalariga muvofiq “Ombudsman plyus” tizimida Milliy profilaktika mexanizmi yaratildi. Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va Tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakilga jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini monitoring qilish vakolatlari berildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, ularning inson huquqlari sohasidagi vakolatlarini oshirishda qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston inson huquqlari institutlari ham fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlik qilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu hamkorlik jamiyatning inson huquqlari bo‘yicha xabardorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma axborot-ma’rifiy tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
— O‘zbekistonda biz turli manfaatdor tomonlar, jumladan, davlat organlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va xalqaro hamkorlarni qamrab oluvchi kompleks monitoring tizimini yaratdik. Bunday birgalikdagi yondashuv taraqqiyotni samarali kuzatish va yuzaga kelayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal etish imkonini bermoqda, — dedi Akmal Saidov.
Shuningdek, u Parlamentlararo Ittifoq tavsiyalariga muvofiq O‘zbekiston Oliy Majlisining vakolatlari kengaytirilayotgani haqida ma’lum qildi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro mexanizmlar tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni parlament palatalari tomonidan tasdiqlash amaliyoti joriy qilindi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi. Parlament komissiyasining asosiy maqsadi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyasini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat.
— O‘zbekistonda fuqarolarimizning inson huquqlaridan xabardorligini oshirishga qaratilgan ko‘plab targ‘ibot va ma’rifiy dasturlarni yo‘lga qo‘yganmiz, — dedi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari. — Inson huquqlari buzilishining oldini olish va adolatli jamiyatlar barpo etish borasidagi sa’y-harakatlarimizda inson huquqlari bo‘yicha ta’lim muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim milliy dasturini tasdiqlagan holda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturida faol ishtirok etmoqda.
Ma’ruzada aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, O‘zbekistonda xotin-qizlar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa qatlamlari huquqlarini himoya qilishga e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘mondagi forum inson huquqlari sohasidagi milliy qarashlarni amalga oshirishni rejalashtirish va monitoring qilishda inson huquqlari institutlarining roli muhokamasiga bag‘ishlangan birinchi mintaqaviy anjuman hisoblanadi.
Forumning asosiy maqsadi davlat hokimiyati organlari va tashkilotlari hamda soha mutasaddilariga inson huquqlarini himoya qilish borasida tajriba almashishiga imkoniyat yaratishdir.
Tashkilotchilarga ko‘ra 200 ga yaqin kishilar ishtirok etayotgan forum kelajakda inson huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha davlat strategiyasini ishlab chiqishga katta hissa qo‘shadi.
«Dunyo» AA.
Maskat
«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 26-iyul kungi 150 (8773)-soni
- Qo'shildi: 26.07.2024
- Ko'rishlar: 1234
- Chop etish