JURNALNING YANGI SONI SAHIFALARIDA

Shu kunlarda mamlakatimizda ulug‘ va qadrli bayram – Istiqlol shodiyonasiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ayyom shukuhiga hamohang tarzda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati ham Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘a hozirladi – jurnalning navbatdagi soni nashr etildi.

Uning dastlabki sahifalari “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi” ruknida berilgan maqolalar bilan boshlangan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz KomilovningO‘zbekiston tashqi siyosatida yangi Markaziy Osiyo” nomli maqolasida Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan  Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi tafsilotlari mufassal tahlil qilingan. Shuningdek, mamlakatimizning tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar hamda Yangi O‘zbekistonning Markaziy Osiyo  mintaqasini tinchlik va hamjihatlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari sharhlangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev jahon siyosiy maydonidagi o‘rni va nufuzi yuksalib borayotgan yangi Markaziy Osiyoning bosh me’mori ekani e’tirof etilgan.

“Sharq yulduzi” va “Звезда Востока” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Raufning “Mustaqillik bergan imkoniyatlar” nomli maqolasida esa istiqlolning mashaqqatli va sharafli yo‘liga nazar tashlash asnosida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiorining mohiyati ochib berilgan. Maqola so‘ngida: “Inson ongi­-tafakkuri har xil mayda-­chuyda o'y-xayollardan, nafs qutqusidan ozod bo‘lmas ekan, ko‘ksiga chinakam istiqlol shamoli tegmaydi. Ayniqsa, bugungi qalqib turgan dunyoda har bir yurtdoshimiz  Vatan mustaqilligi bizlar uchun yer osti, yer usti boyliklarimizdan­-da aziz, bebaho gavhar ekanini anglab, uni ko‘z qorachig‘iday asrab-­avaylashlari shart,” – deya xulosa chiqarilgan.

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining ushbu sonida joriy yilning 13­-14-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi tafsilotlarini yoritishga ham alohida ahamiyat berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi an’anaviy Samarqand forumi ishtirokchilariga murojaati o‘zbek, ingliz va rus tillarida taqdim etilgan.

Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turk, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Akbar Toshqulov, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi bosh kotibi Mehmet Sureyya Er va boshqa taniqli ekspertlarning Samarqand forumidagi nutqlari jurnalda yoritilgan.

Jumladan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Turkning forum ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida bugungi kunda yuzaga kelgan ekologik muammolardan ko‘z yumib bo‘lmasligi va ularning inson huquqlariga ta’siri haqida fikr bildirilib, “Yashil rivojlanish – kelajak avlodlar inson huquqlaridan to‘liq foydalana olishlari uchun yo‘nalishni to‘g‘rilash demakdir,” – deya ta’kidlangan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning nutqida Samarqand forumining dolzarbligi va ahamiyati, o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar batafsil bayon etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yildan boshlab an’anaviy tarzda har ikki yilda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi muntazam o‘tkazib kelinayotgani e’tirof etilib, mazkur forumlar inson huquqlari sohasidagi muammolarni muhokama qilishning “Samarqand an’anasi”ni shakllantirgani ta’kidlangan.

Shuningdek, ushbu forumning yakuniy hujjati – Iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini global himoya qilish: barqaror kelajak uchun majburiyatlar va harakatlar to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi o‘zbek, ingliz va rus tillarida jurnalxonlar e’tiboriga havola qilingan.

Jurnal sahifalaridan dolzarb mavzulardagi ilmiy maqolalar ham o‘rin olgan. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, professor Mirzatillo Tillabayevning Выполнение международных обязательств в области прав человека: опыт Нового Узбекистана (“Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning ijrosi: Yangi O‘zbekiston tajribasi”) nomli rus tilidagi maqolasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimiz va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish natijalari, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari bilan hamkorlik tajribasi yoritilgan. Bundan tashqari, Yangi O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlari tahlil qilingan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning “Shaping Foreign Policy Through Human Rights Reforms in Uzbekistan” (“O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi  islohotlar orqali tashqi siyosatni shakllantirish”) nomli ingliz tilidagi maqolasida O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirish va iqtisodiy integratsiyani rag‘batlantirishga qaratilgan strategik islohotlarda inson huquqlarini himoya qilish borasida fikr yuritilgan. Ushbu islohotlar inson huquqlarini to‘liq himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, fuqarolarning turmush sifatiga katta ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan. Erishilgan asosiy muvaffaqiyatlar sifatida mamlakatimizda o‘lim jazosining bekor qilingani, “xabeas korpus” kafolatlarining joriy etilgani, majburiy mehnat hamda odam savdosiga qarshi kurash choralari samarali olib borilayotgani e’tirof etilgan.

Shuningdek, A. Saidov, G‘. Alimovning o‘zbek tilidagi, S. Shoislomova, D. Mohd Aval, S. Persaudning ingliz tilidagi, K. Sultanov, N. Abdurazzoqova, A. Fedorov, K. Xudjamovaning rus tilidagi ilmiy maqolalari inson huquqlari sohasining dolzarb masalalariga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.

Ma’lumot uchun: “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan. Jurnal tahririyatining ijodiy jamoasi “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Inson huquqlari va ijtimoiy hayotimiz bilan bog‘liq dolzarb mavzulardagi materiallari uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. 

Xalqaro identifikatsiya raqami (doi®): 10.34920/p1696-2206-6326-y. Rasmiy veb-sayti: www.dhrjournal.uz.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech