SIFATLI TA’LIM – TARAQQIYOTNING TAMAL TOSHI

8-sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuni

 

Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tibor qaratilayotgan beshta ustuvor yo‘nalishdan biri va birlamchisi – sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning  O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlanganidek, “Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir”.

Shu sababli mamlakatimizda maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Maktablarda avvalo ona tili va adabiyotni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli ta’lim berish maqsadida xorijiy til egalari olib kelinmoqda. Maktab o‘quvchilari jahondagi ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmoqda.

So‘nggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. O‘qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlari yaxshilanib, malakasi izchil oshirilmoqda. Bu ishlarning barchasi “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilmoqda.

Joriy 2024-2025 o‘quv yilida 10 mingdan ortiq maktabga 700 mingga yaqin o‘g‘il-qiz 1-sinfga qabul qilindi. Mamlakatimizda qizg‘in nishonlangan 1-sentyabr – Bilimlar kuni 8-sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuniga ulanib ketdi. Binobarin, savodxonlik – tinch-osoyishta va barkamol, barqaror va taraqqiyparvar hayot garovidir.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida nishonlanadigan ushbu muhim xalqaro sana YUNESKO tomonidan 1966-yili joriy etilgan. Bu sanani dunyo miqyosida bayram qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – insoniyatning savodxonlik darajasini oshirish va ayni sohada jahon hamjamiyatining faolligini muntazam kuchaytirib borishdir.

Buyuk sivilizatsiyalarga asos solgan ilg‘or xalqlar, shu jumladan, ikkita Renessansning boshida turgan xalqimiz uchun savodxonlik mezoni necha ming yillik tarixga ega. Ulug‘ shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy asarlarida “savod” so‘zi o‘ndan ortiq ma’noda qo‘llangani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Navoiy hazratlarining “Saddi Iskandariy” dostonida shunday misra bor:

Uzub hikmat avroqini tundbod,

Kutub uchtiyu elga qoldi savod.

Bu o‘rinda “savod” so‘zi qoralama, ya’ni yozuvning birinchi nusxasi, degan ma’noni anglatadi. O‘z navbatida, “Farhod va Shirin” dostonidagi:

Uchunchi oy ravon bo‘ldi savodi,

Burung‘i yilda Qur’on bo‘ldi yodi,

misralarida “savod” so‘zi – yozuv-chizuvni o‘rganib olganlik holatidan darak berib kelmoqda.

 Bugungi kunda ham lug‘atimizdagi savod, savodxonlik, savodlilik so‘zlari shunday ma’nolarga juda yaqin tushunchalarni ifodalaydi. Xususan, savodxonlik:

birinchidan, aholi madaniy saviyasi ko‘rsatkichlaridan bo‘lib, oddiy matnlarni o‘qiy olish yoki ularni o‘qish va yoza olish ko‘nikmasi – xat-savodlilikni bildiradi;

ikkinchidan, odamning adabiy til me’yorlariga muvofiq keladigan og‘zaki va yozma nutq malakalari borligini anglatadi;

uchinchidan, muayyan soha bo‘yicha yetarli bilimga egalikni ifodalaydi.

Xalqimiz nafaqat bilimli va ma’lumotli, balki ko‘p o‘qigan, mustaqil fikrlovchi insonlarga ham savodli deya baho beradi. Zero, savod – bilim, tushuncha va tajribadir.

Shu bilan birga, savodxonlikning ziddi bo‘lgan “savodsizlik” so‘zi savodning yo‘qligini anglatish uchun qo‘llanadi. Savodsiz, odatda, o‘qish-yozishni bilmaydi. Savodsizlik – yetarli bilim va ma’lumotning mavjud emasligidir.

Xalqaro savodxonlik kuni dunyo miqyosida nishonlanishi bejiz emas. Chunki savodxonlik – inson uchun tom ma’noda bayram. Bugungi insonlar zamonaviy hayotning har bir sohasi bo‘yicha muayyan darajada savodi borligi uchun baxtiyor, to‘kis va farovon yashaydilar.

Afsuski, sayyoramizda savodsizligi tufayli bunday baxtdan mosuvo insonlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Nega deganda, yer yuzida hali oddiy o‘qish-yozishni bilmaydigan millionlab odamlar bor.

Ayrim mamlakatlarda birgina bolakayning boshlang‘ich ta’lim olishi uchun butun boshli oila mablag‘ jamg‘arishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zi mamlakatlarda xotin-qizlarning xat-savodli bo‘lishi shart emas, degan almisoqdan qolgan tushuncha hali ham kuchda.

Qayerdadir maktablar yetishmaydi. Yana qayerdadir urushlarning tinmayotgani maktablardagi o‘qish-o‘qitish imkoniyatlarini chippakka chiqarmoqda.

Xalqaro hamjamiyatning bu boradagi uzoq yillik izchil sa’y-harakatlariga qaramay, hozirgi vaqtda dunyo miqyosida 773 million nafardan ziyod inson hatto boshlang‘ich xat-savodga ega emas. Bu raqam savodsizlik muammosining haligacha dolzarbligidan dalolatdir.

BMT ma’lumotlariga qaraganda, koronavirus pandemiyasi tufayli maktablarning yopilishi munosabati bilan sayyoramizdagi jami o‘quvchilarning 62,3 foizi, ya’ni 1 milliard nafardan ko‘prog‘i darslarga qatnashida uzilishlar yuz bergan. Eng yomoni, pandemiya inqirozi ta’lim olish va savodxonlikni oshirish sohasida shusiz ham mavjud bo‘lgan tengsizlikni yanada kuchaytirgan.

Sayyoramizning aksariyat ta’lim tizimlarida pandemiyagacha ham o‘quvchilarning zarur sharoitlar bilan ta’minlanmagani oqibatida necha yuz millionlab bolalar maktabga borgan bo‘lsa-da, o‘qish hamda matematika fanlari bo‘yicha bo‘yicha eng oddiy bilimlarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lmagan. So‘nggi tahlillarga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyodagi 10 yoshli barcha bolalarning uchdan ikki qismi mutlaqo o‘qishni bilmaydi.

Shuning uchun YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati hamda ta’lim-ma’rifat muassasalari vakillari har yili Xalqaro savodxonlik kunini nishonlashda faol ishtirok etadi. Insoniyat savodxonligini yuksaltirish ishiga ulug‘vor hissa qo‘shgan shaxslar xalqaro mukofotlar bilan taqdirlanadi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda ta’lim va tarbiyaga ustuvor vazifa sifatida yondashilayotgani tahsinga sazovor. Zero, keyingi yetti yil ichida milliy ta’lim tizimining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan mustahkam zanjir yaratildi. O‘zbekistonda birgina 2023/2024-o‘quv yilida 414 mingdan ortiq 11-sinf o‘quvchisi maktabni tamomlagani buni yaqqol tasdiqlab turibdi.

Yanada muhimi, O‘zbekistonni yirik ta’lim markaziga aylantirish maqsadida yurtimizda dunyodagi nufuzli oliygohlarning filiallari ochilmoqda. Yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, tajriba orttirib, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘lagan yoshlarimizga “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.

Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishlari, kasb egallashlariga alohida e’tibor qaratilayotgani tahsinga sazovor. Zero, ulug‘larimiz ta’biri bilan aytganda, o‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi; qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi!

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech