G‘ulom MIRZO – 1964-yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) o‘zbek filologiyasi fakulteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Uning “Oyparast dil”, “Taayyun raqamlari”, “Otamning bog‘i”, “Qalb tomchilari”, “Oftobga qaytaman”, “Unutilgan hur”, “Yaxshiyam siz borsiz” she’riy kitoblari, shuningdek, “Ey, darvesh” qissasi hamda o‘ndan ortiq publitsistik va tarjima kitoblari nashr etilgan.
Munojot
Tuproq bo‘lib, yo‘lga sochilsam –
qiyomatda yo‘ldan tiklaysen.
Suvdek singsam, guldek ochilsam –
tomir, barg va guldan tiklaysen.
Qochsam – quvgan va yetgan O‘zing,
ummon bo‘lsam – qalqitgan O‘zing,
qotsam muzdek – eritgan O‘zing,
yonsam – meni kuldan tiklaysen.
Nimalarga sochmay o‘zimni,
yo‘qota olmayman izimni.
Yulduzdan yasaysen ko‘zimni,
yanog‘imni gildan tiklaysen.
Adirlardan o‘rib kelgaysen,
satrlardan o‘qib kelgaysen,
faqirlardan ko‘rib kelgaysen,
haqirlardan uqib kelgaysen,
mening borcha gunoh-savobim,
mangu huzur yoki azobim;
agar yolg‘on bo‘lsa javobim –
qalb, qo‘l, oyoq, tildan tiklaysen.
Pulsirotdan qo‘yib yuborsang,
ko‘zlarimni o‘yib, yuborsang…
Magar qildek qirq ming bor yorsang –
so‘ng qirq mingta qildan tiklaysen.
O‘zing Qodir, O‘zing G‘ani Sen!
G‘ulomingni qo‘lla qani, Sen!..
Manzardagi bir juft qushga bag‘ishlov
Meni kutib yashagay mudom,
irodasi – po‘latdan mahkam.
Kuni tug‘gay, ko‘rinsa G‘ulom;
kuni o‘tgay ko‘rinmasam ham.
Ishim jadal, lek sust xotiram;
qaramayman ko‘p-da oynaga.
Derazadan ikki mohporam –
qushlar poylagani-poylagan.
Qor yog‘gay va ayozlar qisgay,
muzxonaga do‘ngay qush-uya;
shunday kezlar menday “mahbus”ga
hurriyatni eslatib qo‘yar –
Derazamni chertadi tiq-tiq,
ko‘zlarida o‘tinchmas, da’vat.
Derlar: “O‘g‘lon, tashqariga chiq;
dunyo to‘la erk, parvoz, shafqat”.
Meni kutib yashagay mudom…
29 fevral
So‘ng bor boshim siladi,
g‘amimni yedi yana.
Kamroq qayg‘u tiladi,
meni o‘yladi, onam:
To‘rt yilda bir keladi
onam jon bergan sana…
Tuproq haqida eski falsafa
Egalari singari
uylar o‘tar olamdan.
Tuproqda odam qarir,
tuproq qarir odamda.
Otam joni uzildi,
qurgan uyi buzildi.
Tuproqdan yaralgan, boq –
baribir, bo‘ldi tuproq.
Ko‘ziga chang kirganda,
xarxasha qilar banda.
Illo, fursat yetgan dam
tuproqqa kirar ko‘z ham.
Behuda suv va hammom,
taning tozarmas tamom;
ishqalaysan – loy chiqqay,
chunki asling balchiq, hey!
Loydan yaralgan inson,
loydan irganar, nodon.
Loy yemasang-yemabsan,
loy seni yegay, inon.
Tuproqda odam qarir,
tuproq qarir odamda…
Alpomishning aytganlari
Dostonni tinglab
Qora botir, do‘stsan – aziz,
xorimni senga bermasman.
Menga zahrin sochgan tiz-tiz –
morimni senga bermasman.
Seni qadrlayman doim,
senga – uy to‘ridan joyim.
Qo‘pganda qiyomat-qoyim,
zorimni senga bermasman.
Olgin, senga ko‘m-ko‘k yaylov;
soylar to‘la suv ham siylov.
Lek pand yesam, o‘tga qalov –
qorimni senga bermasman.
Bir o‘q otdim raqibimga;
ikki o‘q ot, beray senga.
Ey, do‘st, ko‘nglim qo‘nar simga –
torimni senga bermasman.
G‘animlar tutdi-ku, netay;
zindonband etdi-ku, netay?
Erkin ul, sadag‘ang ketay, sorimni senga bermasman.
Qorajon, ko‘zlarni yoshlading,
zindonga uzun ip tashlading.
Bilmadim, ne xo‘rlik boshlading – orimni senga bermasman.
Arqonni kesgayman, kechir;
zindonda to‘zgayman, kechir.
Do‘stlikni buzgayman, kechir –
borimni senga bermasman.
Orimni senga bermasman…
*
Ko‘ksimda ko‘zim bor –
ko‘r, mana.
Ko‘zimda yuzim bor –
zo‘r, mana.
Yuzko‘rarga kelgan
ey, zorim,
qarashlaring menbop
ko‘rmana.
*
Dilingni g‘amlardan uzoq qil,
qabul et ishq bo‘yli gulimni.
Lablaring tilimga tuzoq qil,
sayd ayla shu erka dilimni.
Dudoqdan – tirnoqqa qadarlik
ey, qiyg‘os gullagan gultanim.
Sen – sevgi misoli xatarlik,
yoqimli yoqasan, gulxanim.
Ko‘rinmas sayroqi qushdaysan,
firoqlar ichida ushlaysan.
Men Sendan og‘ushlar so‘rasam,
tilimning uchidan tishlaysan.
Umrim ham oqmoqda soylarday,
Oy kabi nihonsan qaylarda?
Vaslingdan tuyadigan huzurim
tobakay izlayman maylardan?..
Ey, qiyg‘os gullagan gultanim…
***
Avvalboshda qoshlaringni uchirding,
kipriging-la shamollarni ko‘chirding,
lablaringdan boda-yu bol ichirding.
So‘ng – Sen tayron bo‘lding,
men hayron bo‘ldim.
Ko‘zlaringni suzding – jonim suzildi,
taqdirimni tuzding – umrim buzildi,
nechuk ko‘ngil uzding – ko‘nglim ezildi.
So‘ng – Sen kamon bo‘lding,
men qurbon bo‘ldim.
Karashma aylading – san’atmi dedim,
muattar bo‘ylaring – jannatmi dedim,
jonga ishq joylading – bid’atmi dedim.
So‘ng – Sen jayron bo‘lding,
men sarson bo‘ldim.
Sensiz dunyolarda fusun ko‘rmadim,
fasllar almashar – husn ko‘rmadim,
firoqingdek g‘amnok huzn ko‘rmadim.
So‘ng – Sen armon bo‘lding,
men somon bo‘ldim.
Baxtsizlik – qismatda bori ekan-da,
Xudo ham baxtlining yori ekan-da,
dilda alam o‘sdi – sevgi egganda.
So‘ng – Sen fig‘on bo‘lding,
men nolon bo‘ldim.
Uzoqdan malomat aylading nechuk?
Yana ko‘zlarimni boylading nechuk?
Nechuk qismatlarga shaylading… Nechuk?
So‘ng – Sen xoqon bo‘lding,
men zindon bo‘ldim.
So‘ng – Sen cayron bo‘lding,
men vayron bo‘ldim…
Izhori dil
Kelsang – uchib ketmaslik uchun,
o‘zimni kursiga bog‘layman.
Bilsang, cho‘chib ketmasliging-chun –
yuzimni kulguga chog‘layman.
Sobitlikda sokin tog‘ edim,
ko‘klamni jim kutgan bog‘ edim.
Qaydan ham uchratdim, voh, endi –
bunchalar uchmoqni xohlayman.
Vaslingga shunchalik xumorman, –
Sen ketgan ondanoq bemorman;
(Beorman, eh, buncha beorman!)
kelsang hamki, na bir sog‘dayman.
Farishtalar ila bahs etgan,
yuragimga ishqni naqsh etgan
va ruhimga qanot baxsh etgan
parivash, Seni ardoqlayman!…
*
Seni ko‘rsam, jodulanib qolaman.
Yana xursand, yog‘dulanib qolaman.
Ko‘zing bulog‘idan
ishq ichsam, ohu,
sayyodmanu –
ohulanib qolaman…
O‘q manzumasi
Kamondan nishonga uchdi o‘q,
makondan makonga uchdi o‘q.
Borguncha oqargay sochlari –
zamondan zamonga uchdi o‘q.
Tinch turgan edi-ku sadoqda,
nechuk bu suronga uchdi o‘q.
Yoy ipi jim qoldi titroqda,
sernavo davronga uchdi o‘q.
Kamalakka ketdi rang istab,
bo‘y izlab rayhonga uchdi o‘q.
Baxilning bog‘idan buriqsab –
gullagan bo‘stonga uchdi o‘q.
Dumli yulduz singari – olov,
samodan insonga uchdi o‘q.
O‘q tanho, qurboni mo‘l, ammo;
borutli do‘konga uchdi o‘q.
O‘lmoq – tez, tug‘ilmoq – to‘qqiz oy;
nahotki osonga uchdi o‘q?
Baliqlar, baliqchi, uyg‘on, hoy!
Bexabar ummonga uchdi o‘q.
Vovaylo, qazoga turdik shay;
yashashdek imkonga uchdi o‘q.
Tomirlarga tegsa – zanglagay,
ming yillik pok qonga uchdi o‘q.
Ko‘zga – ko‘z, o‘qqa – o‘q, demakki
kamondan kamonga uchdi o‘q.
Qasoskor o‘qlardan yeb dakki,
xaloskor qalqonga uchdi o‘q.
Kim – saydu kim – sayyod, ayting, hay!
Nodondan nodonga uchdi o‘q.
Diydorga u yelgay, ne bilgay –
ayroliq tomonga uchdi o‘q.
Kim otsa, zabunlikka otgan
(o‘ylarki, osmonga uchdi o‘q).
O‘q otgan – ko‘p narsa yo‘qotgan!
Chunki ruh va jonga uchdi o‘q.
Qalb-chi, qalb – o‘n sakkiz ming olam;
bilmas ul, qayonga uchdi o‘q.
Qilko‘prik uzilmas, voh alam –
buzgali, rizvonga uchdi o‘q.
Qobildan Hobilga tegib sang,
so‘ng Iqlimaxonga uchdi o‘q.
Noumid shaytondir va bilsang:
umiddek, shaytonga uchdi o‘q.
So‘zdek talx, qarg‘ishdek zahar ham –
zabondan zabonga uchdi o‘q.
Qush kabi jon bergay patqalam,
qachonki dostonga uchdi o‘q.
Ahli Yer, dunyoni asraylik!
Jahldan irfonga uchdi o‘q.
Yo‘l aro yitsin, so‘ng aytaylik:
“Ignadek, somonga uchdi o‘q…”
*
Hademay
kun chiqar qinidan –
qilichdek yarqirab.
Halitdan
oqarib bormoqda
Yer yuzi…
- Qo'shildi: 09.09.2024
- Ko'rishlar: 737
- Chop etish