15-sentyabr – Xalqaro demokratiya kuni
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2007-yildagi rezolyutsiyasiga muvofiq har yili 15-sentyabr – Xalqaro demokratiya kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu xalqaro sananing belgilanishiga Parlamentlararo Ittifoq tomonidan Demokratiya to‘g‘risidagi umumjahon deklaratsiyasi 1997-yilning aynan 15-sentyabr sanasida qabul qilingani asos bo‘lgan.
Demokratiya – xalq hokimiyati demakdir. Ya’ni davlat boshqaruvida ham, jamiyat hayotidagi munosabatlarni tartibga solishda ham xalqning bevosita yoki o‘zi saylagan vakillari orqali ishtirok etishi, davlat boshqaruvi xalqning xohish-irodasiga asoslangan bo‘lishi demokratik siyosiy tuzumning mohiyatini tashkil etadi.
Demokratik davlatning Konstitutsiya va qonunlarida inson huquqlari hamda erkinliklari kafolatlangan bo‘lishi zarur. Har bir fuqaro davlat va jamiyat hayotiga daxldor ekanini anglab, o‘z huquqlaridan mone’liksiz foydalana olishi demokratiyaning asosiy sharti hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, jamiyatda inson huquqlarini ta’minlamay turib, demokratiyani mustahkamlab bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda ham “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda. 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlariga oid normalar uch barobarga ko‘paygani fikrimizning yaqqol tasdig‘idir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 13-moddasida belgilanganidek: “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”. Shuningdek, 54-moddada insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekani qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida 2017-yilda boshlangan, insonparvar va demokratik huquqiy davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar bugungi kunda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida izchil davom ettirilmoqda. Islohotlar markazida, eng avvalo, inson qadrini yuksaltirish, aholining turmush farovonligini oshirish, xalqimizni rozi qilishdek oliy maqsad mujassam.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “Biz O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom bo‘lishi barchamizga ayon. Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz”.
Shuningdek, 2020-yil 22-iyunda davlatimiz rahbari farmoni bilan mustaqil mamlakatimiz tarixida ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi qabul qilindi. Mazkur Milliy strategiyaning bosh maqsadi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari va vazifalarini belgilab olishdan iborat. Bunda 2020 – 2025-yillarga mo‘ljallangan vazifalar aniq qayd qilingan va izchil ijro etilmoqda.
Mamlakatimiz inson huquqlari sohasida xalqaro miqyosda ham faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatib, salmoqli muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Jumladan, 2020-yil 13-oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston 2021 – 2023-yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylandi.
2024-yil 29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan saylovda O‘zbekiston vakili tarixda birinchi marta Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga saylandi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov 2025 – 2028-yillarga mo‘ljallangan BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.
Shuningdek, mamlakatimizda 2018-yilda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi, 2019-yilda Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining yillik 6-seminari, 2020-yilda Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi, 2022-yilda “Inson huquqlari sohasida ta’lim” mavzusidagi Global forum, 2024-yilda “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusidagi inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi kabi nufuzli xalqaro anjumanlar o‘tkazildi.
Albatta, inson huquqlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda erishilayotgan muvaffaqiyatlar mamlakatimizda demokratiyani yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishi shubhasiz.
Zero, milliy mentalitet, davr va zamon talablari ta’sirida vaqt o‘tib demokratiyaning ko‘rinishlari va shakllari o‘zgarishi mumkin, ammo qaysi davrda va qanday ko‘rinishda bo‘lmasin, uning tub mohiyatida, eng avvalo, inson huquqlari mujassamligicha qoladi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 13.09.2024
- Ko'rishlar: 860
- Chop etish