O‘ZBEKISTONDA TARJIMONLAR KUNINI TA’SIS ETISH:
Uchta amaliy taklif va hayotiy mulohazalar
30-sentyabr – Xalqaro tarjima kuni
Ushbu sanani dastavval 1991-yilda Xalqaro tarjimonlar federatsiyasi (FIT) ta’sis etgan. O‘z navbatida, 2017-yilda professional tarjimaning xalqlar birdamligi, o‘zaro hamjihatlik, tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash yo‘lidagi muhim ahamiyati xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etildi.
Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasi 71-sessiyasining maxsus rezolyutsiyasiga ko‘ra, 30-sentyabr – Xalqaro tarjima kuni deb e’lon qilindi va BMT shafeligida keng nishonlanadigan bo‘ldi. Mazkur xalqaro sana O‘zbekistonda ham har yili tarjimonlarning kasb bayrami sifatida kutib olinadi.
Tarjima sohasida Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-iyunda qabul qilingan “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ayni shu xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025-yildan boshlab har ikki yilda bir marta muayyan yo‘nalishlarda o‘tkaziladi. Oltita yo‘nalish bo‘yicha aniqlangan g‘oliblarning har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Ushbu o‘ta muhim ma’naviy-ma’rifiy tashabbus o‘zining teran va mustahkam asoslariga ega. Chunki yurtimizning badiiy tarjima sohasi ko‘p asrlik rivojlanish tarixi, salmoqli samaralari va yorqin namoyandalari bilan alohida ajralib turadi.
Xususan, Ogahiy, Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroiy kabi buyuk ajdodlarimiz bundan bir necha asrlar ilgari tarjimachilik va tarjima nazariyasi sohasida jiddiy tadqiqotlar olib borgan. Birgina Muhammad Rizo Ogahiy Sharq olamining yigirmadan ortiq she’riy va nasriy asarlarini, jumladan, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, “Yusuf va Zulayxo”, Zaynuddin Vosifiyning “Badoye’ ul vaqoye’” asarlarini turkiy-o‘zbek tiliga o‘girib, tengsiz tarjima maktabini barpo etgan.
Bunga qadar o‘z zamonasining malikul-kalomi – so‘z sultoni bo‘lgan mavlono Lutfiy atoqli muarrix Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarini forsiydan turkiyga o‘n ming bayt bilan nazmiy tarjima qilganlar, deb qayd etadi taniqli adib va alloma Mirzo Kenjabek. Lekin, hazrat Navoiy aytganlaridek, bayozga, ya’ni oqqa ko‘chirib kitob qilmaganlari uchun xalqning e’tiboriga tushmay qolgan. Bu haqda Alisher Navoiy bobomizning “Majolis un-nafois” asarida aniq ma’lumotlar mavjud.
O‘z navbatida, sho‘rolar zamonida sobiq ittifoqda birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda milliy tarjimashunoslik maktabiga asos solingan. Bu o‘rinda atoqli olim hamda hassos publitsist, yurtimizdagi ko‘pchilik jurnalist va tarjimonlar, olim va adiblarning ustozi – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor G‘aybulla Salomovning tarjimashunoslik sohasini shakllantirish va rivojlantirish bobidagi alohida xizmatlari haqida so‘z bormoqda.
Shunday qaltis va og‘ir vaziyatda O‘zbekistonda tillardan tillarga tarjimaning ilmi va amaliyotiga tayanguvchi Tarjima nazariyasi kafedrasini tashkil qilish uchun mardona ish olib borilgan. Ustoz G‘aybulla Salomovning bevosita sa’y-harakatlari bilan 1969-yili o‘sha paytdagi ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) negizida sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib “Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi” tashkil etilgan.
Keyinchlik yangi tarjimachilik ixtisosi respublikamizning oliy maktablari bo‘ylab keng yoyildi. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz hayotining yetakchi sohalarida necha minglab professional tarjimonlar samarali faoliyat olib bormoqda. Qanchadan-qancha yetuk badiiy asarlar o‘zbek tilidan – xorijiy tillarga, shuningdek, jahon adabiyotining sara namunalari – o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda va nashr etilmoqda.
Prezidentimizning ushbu qarori samarali ijod qilayotgan ana shu mohir tarjimonlarni munosib rag‘batlantirishga qaratilgani bilan juda dolzarbdir. Yanada muhimi, ayni qaror badiiy tarjimaning saviyasini tubdan oshirish, o‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotining sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
“Tarjimonlar kuni” bayrami bizda nega yo‘q?
O‘zbekistonda jurnalistlar, o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqa turli soha vakillarining alohida bayram kunlari belgilanganu, nega tarjimonlarning kasb bayrami kuni mavjud emas, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Fikrimizcha, bu savol nafaqat dolzarb, ayni chog‘da, mantiqan o‘rinli hamdir. Chunki:
bir tomondan, Ogahiy, Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroiy kabi buyuk ajdodlarimiz bundan bir necha asrlar ilgari tarjimachilik va tarjima nazariyasi sohasida jiddiy tadqiqotlar olib borgan;
ikkinchi tomondan, hali sho‘rolar zamonidayoq sobiq ittifoqda birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda milliy tarjimashunoslik maktabiga asos solingan;
uchinchi tomondan, hozirgi vaqtda mamlakatimiz hayotining yetakchi sohalarida necha minglab professional tarjimonlar samarali faoliyat olib bormoqda.
Shu o‘rinda o‘zimning uchta mulohazamni mamlakatimizda “Tarjimonlar kuni” bayrami sifatida nishonlash uchun tasdiqlash nuqtayi nazaridan muhokamaga tavsiya etmoqchiman.
Birinchi mulohaza: Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari tarjima san’atining ahamiyatiga to‘xtalib, bunday mehnatni munosib rag‘batlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish tashabbusini ilgari surgandi. Shu ma’noda, O‘zbekistonda 22-dekabr – Tarjimonlar kuni sifatida e’lon qilinishi taklif etiladi.
Ikkinchi mulohaza: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2024-yil 4-iyunda “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarorini qabul qildi. Binobarin, mamlakatimizda 4-iyun – Tarjimonlar kuni, deb e’lon qilinishi maqsadga muvofiqdir.
Uchinchi mulohaza: 2022-yil 11-dekabrda o‘zbek tarjimashunoslik maktabi asoschisi – yurtimizdagi ko‘pchilik jurnalist va tarjimonlar, olim va adiblarning ustozi – atoqli olim hamda hassos publitsist G‘aybulla Salomov (taxallusi: G‘aybulloh as-Salom) tavalludining 90-yilligi nishonlandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor G‘aybulla Salomovning yurtimizda tarjimashunoslik sohasini shakllantirish va rivojlantirish bobidagi xizmatlariga bag‘ishlangan bir qancha kitoblar nashr etildi.
Aytmoqchimizki, yurtimizda o‘zbek tarjimashunoslik maktabiga asos solgan olimning tavallud sanasi, ya’ni 11-dekabrni – Tarjimonlar kuni, deb e’lon qilish uchun barcha asoslar yetarli. Shu haqda quyida muxtasar to‘xtalamiz.
O‘zbek tarjimashunoslik maktabi:
mohiyati, ahamiyati, ilmiy tamoyillari
“Yaxshidan bog‘ qoladi”, deydi xalqimiz. Yaxshi olimdan-chi? Albatta, avvalambor, ko‘z nuri va qalb qo‘rini, aqlu zakovatini, ta’bir joiz bo‘lsa, butun umrini sarflab yaratgan o‘ziga xos ilmiy maktabi qoladi. Ustoz G‘aybulla Salomov o‘zidan ayni shunday maktab qoldirgan mavlono zotlardandir.
O‘zbek olimi sobiq tuzum davridayoq asos solgan tarjimashunoslik maktabining dovrug‘i nafaqat yurtimiz, balki dunyo miqyosida, xususan, Fransiya, Bolgariya, Slovakiya, Turkiya, Rossiya, Belarus, Ukraina, Armaniston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston mamlakatlari ilmiy doiralarida e’tirof etilgan.
Akademik Akmal Saidov Domlaning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maqolasida ta’kidlaganidek, “G‘aybulla Salomovning o‘zbek tarjimashunosligi maktabi” deya nom olgan ilmiy maktab mamlakatimiz, hattoki jahon ilm-fani ravnaqida beqiyos o‘ringa ega. Bu maktab istiqlol yillarida adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va tarjimachilik sohalari taraqqiyotiga ayniqsa munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Taniqli olimlar Abduzuhur Abduazizov va Najmiddin Komilov o‘z davrida haqli ravishda qayd etganlaridek, G‘aybulla Salomovning ilm-fan rivoji yo‘lidagi samarali xizmatlari tufayli tarjimashunoslik — ikki tildagi matnni chog‘ishtirish yoki bir tildagi ma’noning ikkinchi tilda aks etishini aniqlashgina emas, balki o‘zbek tilining salohiyati, boyligi va imkoniyatlarini ko‘rsatish, jahon adabiyotini milliy zaminda qayta yaratish ekani tan olindi. Tarjimashunoslik shu jarayonni umumfilologik ko‘lamda tadqiq qiladigan fan ekanligi aniqlandi. Tarjima – Vatan adabiyotini boyitish, o‘zaro ma’naviy qadriyatlar, fikr-g‘oyalar almashish vositasi, tarjimon esa chinakam ijodkor adib deb qaraladigan bo‘ldi.
O‘tgan davrda fidoyi shogirdlar professor G‘aybulla Salomov ilmiy maktabiga xos asosiy prinsiplarni chuqur o‘rgandilar. Bular quyidagilardan iborat:
birinchi prinsip – tarjima va xalqaro adabiy aloqa, qiyosiy adabiyotshunoslik birga o‘rganilishi lozim;
ikkinchi prinsip – bu jaryonda qiyosiy tilshunoslik yutuqlariga tayanilishi, til va adabiyot hodisalari birgalikda olib qaralishi shart;
uchinchi prinsip – tarjimashunoslikda uslublar chog‘ishtiriladi, muallif uslubi va tarjimon uslubi to‘qnash keladi, yozuvchi uslubi tarjimon uslubi orqali reallashadi;
to‘rtinchi prinsip – tarjima keng ma’nodagi ijodkorlikdir, ammo u asarni o‘zgartiradigan ijodkorlik emas. Bu “o‘zgalar orqali o‘zini va o‘zi orqali o‘zgalarni namoyon etish” san’atidir;
beshinchi prinsip – badiiy tarjimada ichki sharh — interpretatsiya bo‘lib turadi, biroq bunda me’yorni saqlash darkor;
oltinchi prinsip – tarjimashunoslik umumfilologik ilm bo‘lib, uni bir soha bilan chegaralab qo‘yish noo‘rindir.
Shu bilan birga, sohaning piri bo‘lmish G‘aybulloh as-Salom fikricha, tarjimashunoslik – qomusiy fan. U o‘z tarkibiga tarix, nazariya va tanqid, adabiyot nazariyasi, qiyosiy adabiyotshunoslik va tipologiya, til, grammatika, uslubiyot, lug‘at, xalq og‘zaki ijodi, atamashunoslik, iborasozlik (frazeologiya), maqolshunoslik va matalshunoslik (paremiologiya), falsafa, mantiq, etnografiya, ruhshunoslik (psixologiya), bayon va insho, matnshunoslik, mamlakatshunoslik kabi fanlarni qamraydi.
Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi:
tarixi va buguni
Ustoz G‘aybulla Salomov bevosita sa’y-harakatlari bilan o‘sha paytdagi ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) negizida sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib “Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi” tashkil etilgandi. Domla bu xususda, jumladan, shunday xotiralar bitib qoldirgan:
“...Biz uch kishi edik. Men, Najmiddin Komil va Tilak Jo‘ra. Tarjimashunoslik kafedrasining o‘q poyasi – men. O‘ng biqinimda – Najmiddin afandi, chap biqinimizda – ardoqli shoir Tilak. Biz xuddi Don-Kixotlar singari, o‘ta xayolparastlik bilan, ilmiy bid’at va qizil xurofotga tayangan, milliy qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga ters yo‘nalishda charxpalak bo‘lib aylanayotgan dahshatli shamol tegirmoni – ta’lim-tahsil fundamentalizmiga qarshi kurashga otlangan edik”.
Bu fikrlar bugun kimlargadir andak mubolag‘ador tuyulishi mumkin, ammo o‘sha davr muammolaridan xabardor kishilar uchun bunday emas. Muammolardan biri – o‘sha zamonlarda O‘zbekistonning sobiq ittifoqqa tobe respublika sifatida hamma masalalarda, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zbek o‘z hovlisida tovuq katagi yoki bog‘ida chorpoya qurishi uchun ham “markaz”dan ijozat olishi talab etilgan.
Yanada yomoni, mustamlakachilik zamonida barcha milliy tillar qatori o‘zbek tilining ham yo‘qolib ketishiga qaratilgan siyosat olib borilgan. Shuning uchun turg‘unlik davri deb atalmish o‘sha yillarda o‘zbek tili asosan badiiy adabiyot va matbuot tili bo‘lib, ijtimoiy hayot, oliy maktab, fan va texnika sohalarida uning faoliyati toraya boshlagan.
Holbuki, ayni xuddi shu jabhalarda keng qo‘llanilishga u juda muhtoj edi. Chunki tilga ishlov bermay, uning qo‘llanilishini cheklab turib, o‘sha tilda katta zamonaviy madaniyat, fan va texnika asarlari yaratib bo‘lmaydi. Shunday qaltis va og‘ir vaziyatda O‘zbekistonda tillardan tillarga tarjimaning ilmi va amaliyotiga tayanguvchi Tarjima nazariyasi kafedrasini tashkil qilish uchun mardona ish olib borilgan.
Ustoz G‘aybulla aka qayd etganidek, “Mavjud barcha falokatlarning ustiga-ustak, tarjima san’ati va ilmiga sobiq mamlakat oliy ta’limida «attorning qutisida» ham joy yo‘q edi. Qiyosi yo‘q kafedra. Uni biz, aslida, bo‘sh-taqir joyda yaratgandik. Butun sobiq SSSRda bunaqa kafedra bo‘lmagan o‘sha davrda. Shuning uchun ham biz bamisoli qonunsiz tug‘ilgan o‘gay soha kishilariga aylanib qolgandik. Sovet oliy maktabi esa har qanday yangilikdan o‘lguday qo‘rqardi”.
Intilganga tole yor, deydilar. Bu ezgu kurash yo‘lidagi turli g‘ov-to‘siqlar G‘aybulloh as-Salom va shogirdlarini sindira olmadi. Aksincha, tobladi, chiniqtirdi. Natijada 1969-yilda Toshkent Davlat universiteti qoshida Tarjima nazariyasi kafedrasi rasman ochildi.
Keyinchlik yangi tarjimachilik ixtisosi respublikamizning oliy maktablari bo‘ylab keng yoyildi. Xususan, ToshDUning beshta fakulteti — o‘zbek va rus filologiyasi, jurnalistika, roman-german va sharq filologiyasi fakultetlarida tarjimachilik ilmi va amaliyotidan darslar o‘tila boshlandi. Bu ma’rifiy jarayon umumiy nazariy tahsil bilan birga maxsus kurslarni ham qamrab oldi.
Bularning barchasi yurtimizda tarjima ishidagi ahvol keng ma’noda yaxshilanib, tarjimon kadrlar tayyorlash masalasida muzlar eriy boshlashiga olib keldi. Xususan, tarjima tahsili bilan bir qatorda, katta tarjima adabiyoti nashrlari, tarjimonlar bilan ish olib borish, o‘zbek tiliga hamda o‘zbekchadan boshqa tillarga o‘girish, tarjima va tahrir, yosh tarjimonlar tayyorlash, safdagi tarjimonlarning malakasini oshirish masalalarida muhim natijalar qo‘lga kiritildi.
G‘aybulloh as-Salomning ilmiy va ma’naviy merosi
G‘aybulla Salomov yurtimizning atoqli va zabardast olimlaridan biridir. Ustoz 1982-yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga, 1984-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan. Domla 1993-yili yuksak davlat mukofoti – “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni bilan taqdirlangan.
G‘aybulloh as-Salom mamlakatimizda eng ko‘p shogirdlar tarbiyalagan zahmatkash olimlardan biridir. Ustoz 1996-yili chiqqan “Tolibnoma” kitobida: “Ilmiy rahbarligim va mutasaddiyligimda 67 kishi fanlar nomzodi, jumladan, 8 kishi fanlar doktorligi ilmiy darajalarini xatm qilishdi”, deb yozgani bejiz emas. Domlaning shogirdlari orasida mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan fan va madaniyat xodimlari, jamoat arboblari bor.
Xuddi shu ishonchli manba dalolatiga ko‘ra, G‘aybulloh as-Salom 20 dan ziyod kitoblar, darsliklar, risolalar, 200 ga yaqin maqolalar muallifi hamdir. Jumladan, «Maqol va idiomalar tarjimasi» (1961), «Til va tarjima» (1966), «Tarjima nazariyasiga kirish» (1978), «Do‘stlik ko‘priklari» (1979, N.Komilov bilan hamkorlikda), «Adabiy an’ana va badiiy tarjima» (1980), «Tarjima tashvishlari» (1981), «Tarjima nazariyasi asoslari» (1983) kabi kitoblari tadqiqotchilar, o‘qituvchi va talabalar uchun muhim hamda qiziqarli manbalar hisoblanadi.
Ustozning badiiy tarjimachilik va tarjimashunoslikka doir ilmiy-nazariy asarlari kutubxonalarda, Internet sahifalarida dunyo miqyosida faol izlab-topib o‘qilayotgan nashrlar sirasiga kiradi. Ushbu asarlar O‘zbekistonda keyingi chorak asrdan buyon deyarli qayta nashr etilmadi. Albatta, taniqli jurnalist va olim Xayrulla Hamidov sa’y-harakatlari bilan 2015-yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti chop ettirgan “Tarjima nazariyasiga kirish”darsligining qayta ishlangan nashri bundan mustasno.
Domla mohir tarjimon va munaqqid, publitsist va shoir ham edi. Buni u kishining G‘aybulloh as-Salom taxallusi bilan bitilgan “Ey, umri aziz”, “Armon”, “Vahiydan kelar bir sado”, “Tolibnoma”, “Ezgulikka chog‘lan, odamzod”, “Halollik bozorda sotilmaydi”, shuningdek, “Jahongashta “Boburnoma” (N.Otajonov bilan hammualliflikda), “Fozil inson qissasi” kabi ma’naviyat va ma’rifat, tarix va madaniyat masalalariga oid bir qator asarlari yaqqol tasdiqlaydi.
Yana bir ahamiyatli jihat – G‘aybulla Salomov rus, tojik, ozarboyjon tillarida yoza olgan va shu tillarda maqolalar chop ettirgan. Domlaning xorijiy davlatlarda doimiy aloqada bo‘lgan hamkasblari, do‘stlari ham ko‘p bo‘lgan. Zero, Ustoz ta’kidlaganlaridek, “Tarjima do‘stlik daraxtidir. Shoir va tarjimon bu daraxtni birgalashib kitobxon qalbiga o‘tqazadi. Uning ildizlari qanchalik mahkam bo‘lsa, mevasi shuncha mo‘l va shirin bo‘ladi”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 30.09.2024
- Ko'rishlar: 680
- Chop etish