Buyuk shaxsni buyuk ona tarbiyalaydi, deydi donishlarimiz. Buyuk onalarni tarbiyalash esa oila atalmish muqaddas dargohning muhitiga bevosita bog‘liqdir. Ona hurmat topgan oilada farzand ham oqil bo‘lib o‘sadi.
Dunyoning boshqa mamlakatlari qatori yurtimizda ham yana bir umumbashariy bayram – Xalqaro qishloq ayollari kuni nishonlanmoqda. Binobarin, BMT Bosh Assambleyasi 2007-yil 18-dekabrda qabul qilgan "Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash to‘g‘risida"gi rezolyutsiyaga muvofiq, 15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan.
BMT mazkur sanada qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga e’tibor qaratishga chaqiradi. Bu o‘rinda, albatta, qishloq ayollarining ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.
Jahon qishloq xo‘jaligi tizimida qishloq ayollarining o‘rni beqiyosdir, ular qishloqda ishchi kuchining muhim qismini tashkil etadi va ular qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish, oziq-ovqat va uning xavfsizligida muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, Xalqaro qishloq ayollari kunining asosiy maqsadi qishloq ayollarining qimmatli mehnatini e’tirof etish va ularning mavjud muammolariga jahon hamjamiyatini e’tiborini qaratishdir.
Shuni ham ta’kidlash joizki, ayni sanani nishonlash tashabbusi ilk bor BMTning 1995-yilda Pekinda o‘tkazilgan 4-Ayollar anjumanida ilgari surilgan. Har yili Xalqaro ayollar kuni bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari davomida qishloq xo‘jaligining rivojlanib borishi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloqlarning obodligi va farovonligini oshirishda ayollarning qo‘shayotgan hissasi va o‘rniga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu xalqaro sana doirasida mamlakatimiz qishloqlarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar hamda madaniy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bunday tadbirlarda qishloqlarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar hayotidan hikoya qiluvchi filmlar namoyish qilinib, kuy-qo‘shiqlar ijro etilmoqda.
Shuningdek, mahalla va xotin-qizlar faollari “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan opa-singillarimizning xonadonlarida bo‘lib, ularning yashash sharoitini o‘rganmoqda. Ehtiyojmand oilalar va xotin-qizlarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berilmoqda.
Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev butun dunyo mamlakatlari uchun dolzarb bo‘lgan tashabbuslarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan muntazam ilgari surib kelmoqda. Milliy, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega ushbu tashabbuslar nafaqat yurtimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash masalasiga alohida yuksak e’tibori ham shunday muhim tashabbuslar sirasiga kiradi. Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish borasida erishilgan yutuqlar dunyo ahli ibratu namuna olishiga munosibdir.
Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston va BMTning bu boradagi maqsad-muddaolari mushtarak. Zero, gender tenglik, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining asosiy tamoyillaridan biridir.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ta’biri bilan aytganda, qayerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda iqtisodiyot o‘smoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda.
O‘z navbatida, Prezidentimiz O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni BMT tavsiyalariga mos darajaga yetgani, mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlari soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarilganini g‘urur bilan ta’kidlagani bejiz emas. Binobarin, 2024 yilgi parlament saylovi yakunlari bo‘yicha bu borada yangi, yanada yuqori ko‘rsatkichga erishilishi kutilmoqda.
Shu kunlarda yurtimiz faollari paxta yig‘im-terimida ixtiyoriy tarzda qatnashayotgan qishloq ayollarining holidan muntazam xabar olmoqda. Terimchilar uchun dasturxon yozilib, bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Peshqadamlarga sovg‘alar ulashilmoqda.
Aslida ham, soddadil, samimiy, mehnatsevar va g‘ayrat-shijoatga boy qishloq ayollari bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka hamisha munosibdir. Ayniqsa, bugungi kunda ularning farzand tarbiyasi, uy-ro‘zg‘or ishlariga chalg‘ib qolmay, serqirra faoliyat bilan mashg‘ul ekani, natijada qishloq ayollari orasidan ham taniqli olima va shifokorlar, muallima va tadbirkorlar yetishib chiqayotgani har qancha tahsinga loyiq.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 15.10.2024
- Ko'rishlar: 898
- Chop etish