Yurtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan navbatdagi saylovlarga ham sanoqli kunlar qoldi.
27-oktyabr kuni oʻtkaziladigan ushbu siyosiy jarayonlarda nogironligi boʻlgan fuqarolarga yaratilgan sharoitlar xususida Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek ISʼHOQOVning fikrlariga qiziqdik.
– Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksida saylov uchastkalarida nogironligi boʻlgan shaxslarning ovoz berishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi shart ekanligi belgilangan, – deya fikrini boshlaydi Oybek Isʼhoqov. – Saylov uchastkalari hududini obodonlashtirish, fuqarolar, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklatilgan.
– Zarur sharoitlar deganda nimalar tushuniladi?
– 2021-yil may oyida Markaziy saylov komissiyasi bilan Nogironlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Uning asosiy maqsadi saylov uchastkalarida toʻsiqsiz muhit yaratish orqali barcha toifadagi nogironligi boʻlgan shaxslarning saylov huquqlarini amalga oshirishni taʼminlashdan iborat.
Saylov uchastkalari barcha toifadagi nogironlar uchun qulaylikni hisobga olgan holda tashkil etilishi muhim. Siyosiy partiyaning va deputatlikka nomzodlarning bosma, koʻrgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishi orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda nogironligi boʻlgan saylovchilarning alohida ehtiyojlarini inobatga olishi lozim.
Bunda imo-ishora tili, subtitr yozuvi, brayl alifbosi va, albatta, ommaviy axborot vositalari, internet va mobil aloqa imkoniyatlaridan foydalanishi kerak.
Bundan tashqari, taktil belgilari ham muhim. Bu kirish, oʻtish joylari va asosiy hududlarni koʻrsatish uchun lozim.
Saylov jarayonida audio gid ham muhim. Audio maʼlumot – hududga qanday borish va nima qilish kerakligini tushuntiruvchi audio qoʻllanma tizimidir.
Taktil elementlari va koʻzi ojizlar uchun ochiq ovoz berish tizimiga ega kabinalar hamda xodimlarning yordami ham muhim. Boisi maxsus oʻqitilgan xodimlar koʻzi ojiz saylovchilarga kerakli hududlarda yordam beradi va ularni yoʻnaltira oladi.
Koʻzi ojizlar qulay formatdagi maʼlumotlarga ham ehtiyoj sezadi. Bunda saylov byulletenlari va koʻrsatmalar audio yoki katta harfda taqdim etilishi lozim.
– Eshitish qobiliyati boʻlmagan nogiron shaxslar uchun saylov uchastkasi nima bilan taʼminlash kerak?
– Bunda, avvalo, muhim hudud va marshrutlarni koʻrsatuvchi aniq koʻzga tashlanadigan vizual belgilar lozim. Shu bilan birga, ovoz berish jarayonida saylovchilarga koʻmaklashuvchi surdo tarjimon yordami zarur boʻladi.
Shuningdek,videolarda subtitrlardan foydalanish va koʻrsatmalar bilan matnli materiallar ham lozim sanaladi.
Shovqinni minimallashtirish, axborotni vizual idrok etishni osonlashtirish uchun qulay akustik muhit yaratilishi zarur.
– Tayanch-harakat tizimida muammolar boʻlgan nogironlar uchun saylov uchastkasida qanday qulayliklar yaratilishi lozim?
– Saylov uchastka binosiga kirishda tayanch-harakat tizimida muammosi boʻlgan nogironlar uchun usti sirpanmaydigan pandus hamda eshiklar, yoʻlaklar va ovoz berish kabinasi keng boʻlishi kerak. Bu nogironlar aravachasi foydalanuvchisi uchun qulaylik yaratadi.
Nogironligi bor saylovchilarning qulay ovoz berishlari uchun kabinalar past stollar bilan jihozlanishi, bino ichida erkin harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilishi kerak.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, 2021-yilda Oʻzbekiston Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan. Konvensiyaning 29-moddasida “Davlat nogironlarning siyosiy huquqlarini va ulardan boshqa fuqarolar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlaydi” deyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasida nogironligi boʻlgan shaxslar oʻzlarining konstitutsiyaviy huquqlarini, jumladan, saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yil “Nogironligi boʻlgan shaxslarning saylov huquqlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi.
Unga koʻra, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi saylovchilar oʻz xohish-irodasini mustaqil ifoda eta olishlari uchun har bir saylov uchastkasi saylov byulletenini toʻldirishda foydalaniladigan Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar bilan taʼminlanadi.
Saylov uchastkalarida nogironligi boʻlgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirilishi, saylovchilar roʻyxatida koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi saylovchilar mavjud boʻlgan saylov uchastkalarida optik lupalar hamda qoʻshimcha yoritkichlar boʻlishi taʼminlanadi.
Uchastka saylov komissiyasi binosiga kirish joyi nogironlar aravachasiga moslashtirilgan panduslar bilan jihozlanganligi xatlovdan oʻtkazilishi, nogironligi boʻlgan saylovchilar saylov uchastkalarida maʼlumotlar, siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning axborot materiallari (plakatlari) bilan tanishishi hamda oʻzlari munosib deb topgan nomzodga, siyosiy partiyaga erkin ovoz berishi uchun sharoit yaratilishi belgilandi.
Saylovchilar bilan uchrashuvlarda nogironligi boʻlganlarning ishtirokini taʼminlash va ularning binolarga kirishlari uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan, tadbirni tashviqot olib borish uchun tanlangan binoning birinchi qavatida oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Bosma, koʻrgazmali, audiovizual hamda boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda nogironligi boʻlgan saylovchilarning alohida ehtiyojlari inobatga olinadi.
Jumladan, imo-ishora tili, surdo tarjima, subtitr yozuvi, Brayl alifbosi va ommaviy axborot vositalari, internet va mobil aloqa imkoniyatlaridan keng foydalanish koʻzda tutilgan.
Ovoz berish binolariga yaqin boʻlgan avtomobillar toʻxtab turish joylarida nogironligi boʻlgan saylovchilarning avtotransport vositasi uchun toʻxtab turish joylarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Bu galgi siyosiy jarayonda ham saylov uchastkalarida nogironligi boʻlgan shaxslarning ovoz berishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani eʼtiborga molik.
OʻzA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 25.10.2024
- Ko'rishlar: 899
- Chop etish