2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendum orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va qat’iy intilishining yaqqol namunasi bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a emas.
Yangi darslik
Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda milliy davlatchilik rivojining muhim bosqichiga xos bo‘lgan xalqchil taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy mexanizmlari belgilanishi barobarida davlat va jamiyat hayoti rivojining ustuvor prinsiplari qamrab olingan.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga “yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida yangi o‘quv dasturlari, darsliklar va boshqa qo‘llanmalarni tayyorlash bo‘yicha ilmiy-metodik chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish” vazifasi belgilangan.
Tajribali huquqshunos olim va mohir pedagog, yuridik fanlar doktori, professor Ozod Husanov tomonidan nashrga tayyorlanib, yaqinda chop etilgan “Konstitutsiyaviy huquq” fanidan oliy o‘quv yurtlari uchun darslik Prezidentimiz Farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan.
Mazkur kitobda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini ilmiy anglash, shuningdek, yoshlar ongiga ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplarini singdirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari, konstitutsiyaviy asoslarini o‘qitishga zamonaviy yondashuv aks etgan.
Akademik A. Saidov mas’ul muharrirligida nashr qilingan ushbu darslikda “Konstitutsiyaviy huquq” fani predmeti doirasiga kiruvchi mavzular yoritilgan bo‘lib, unda Asosiy Qonunimizga kiritilgan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar e’tiborga olingan.
2024/2025 o‘quv yili boshida qayta nashr etilgan mazkur darslikning yana bir o‘ziga xos xususiyati shundaki, unda avvalgi darslikdagi ayrim juz’iy kamchiliklar bartaraf qilinib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan inson huquqlari, jumladan, siyosiy huquqlar, prokuratura, advokaturaga oid mavzular yangitdan to‘ldirildi. Aralash saylov tizimiga kiritilgan o‘zgartirish, qo‘shimchalar, mahalliy hokimiyat faoliyatini kuchaytirishga tegishli yangiliklar (masalan, “mahalla yettiligi”) o‘z o‘rnini topdi.
Shu ma’noda, Bosh qomusimizda mustahkamlangan normalar hamda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan muhim hujjatlar ijrosi doirasida tayyorlangan “Konstitutsiyaviy huquq” darsligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda g‘olib topilishi hamda vazirlik tomonidan nashrga tavsiya etilib, qisqa muddatlarda chop qilinishi ayni muddao, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Darslik tushunarli, sodda tilda yozilgani, fanning eng zarur va birlamchi fundamental bilimlarni berishni nazarda tutgani, qamrovi fan dasturi doirasidan chiqib ketmagani bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, uni o‘rganishga kirishgan o‘quvchini “Konstitutsiyaviy huquq” fani bo‘yicha mustaqil bilim olish va amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga yo‘naltira olishi bilan ham ahamiyatlidir. Darslikda bugun mamlakatimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, xususan, davlat funksiyalarining zamon talablariga mos o‘zgarib borishi, davlat organlari va mansabdor shaxslarning mas’uliyati kuchaytirilishi kabi qator demokratik yangilanishlarga alohida urg‘u berilgan.
Darslik, asosan, oliy o‘quv yurti talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, undan barcha ta’lim turi va bosqichlarida Konstitutsiyani o‘rganishda muhim qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin.
Abdumannob RAHIMOV,
Akmal RAHMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyalari, yuridik fanlar nomzodlari.
«Xalq so‘zi» gazetasining 2024-yil 24-oktyabr kungi 217 (8840)-soni
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 881
- Chop etish