O‘ZGALARGA QUVONCH VA MEHR ULASHING!
Zero, bu saxovatingiz albatta o‘zingizga ham qaytadi
29-oktyabr – Xalqaro g‘amxo‘rlik va
qo‘llab-quvvatlash kuni
“Ba’zida inson hayotini o‘zgartirish uchun bir dona mehribonlik va g‘amxo‘rlik yetarlidir”.
Jeki Chan
Odamzod nasli yer yuzidagi barcha mavjudotlar orasida eng ulug‘i, ya’ni hazrati insondir. Bu ulug‘lik va buyuklik faqat uni asrab-avaylash, ijtimoiy himoya qilish bilangina mukammal bo‘lishi mumkin.
Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi, davlat ham, jamiyat ham, avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilishi, uning haq-huquqlarini himoya etishi Konstitutsiyamizda aniq belgilab qo‘yilgan.
Qur’oni karimning “Rahmon” surasida “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir” oyati zikr etilgani bejiz emas. Muhtojlarga mehr-muruvvat, keksalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.
Bugun dunyo miqyosida 29-oktyabr – Xalqaro g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlash kuni insonparvarlik va ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida nishonlanmoqda. Ma’lumki, ushbu xalqaro sana 2023-yil 24-iyulda BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida rezolyutsiya bilan ta’sis etilgan. Rezolyutsiyaning asosiy maqsadlari:
- ijtimoiy adolatni ta’minlash va mustahkamlash;
- har bir insonning huquq va imkoniyatlarini tenglashtirish;
- odamlarning ehtiyojlari, xususan, moddiy, emotsional va psixologik yordamga muhtoj bo‘lganlarini aniqlash va ularga yordam berishga doir mexanizmlarni rivojlantirish;
- jamiyatda g‘amxo‘rlik va yordam ko‘rsatishni rag‘batlantirish;
- insonlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash;
- har bir insonning huquqlari, farovonligi va qadr-qimmati har qanday sharoitda himoya qilinishiga erishish;
- jamiyatning barcha a’zolarining o‘zaro hamkorligi va hamjihatligini ta’minlashdan iborat.
Davlat va jamiyatning barcha a’zolari ijtimoiy mas’uliyatni qabul qilishi va uni amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilishlari kerak. Xalqaro g‘amxo‘rlik kuni doirasida jamoatchilik va davlat tashkilotlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda turli tadbirlar, seminarlar, konferensiyalar o‘tkazilishi taqozo etiladi.
Ijtimoiy adolat, g‘amxo‘rlik va insonparvarlik tamoyillari yoshlarga o‘rgatiladigan bunday tadbirlar ta’lim dasturlarini rivojlantirish kabi vazifalarni o‘zida aks ettirgan bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Ularning mazmun-mundarijasi jamiyatdagi ijtimoiy adolat va inson qadrini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni hal qilishga, ehtiyojmandlarga yordam berishga, inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lishi lozim.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyunda qabul qilingan “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda mazkur sohani har tomonlama rivojlantirish uchun xuquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani ayni muddaodir.
Shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari va tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi. Yangi tizimning maqsadi aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini muvofiqlashtirib borishdir.
Ijtimoiy himoyaning yangi tizimi inson qadrini ta’minlashga xizmat qiladi. Binobarin, davlatimiz rahbari ushbu tizimni tubdan isloh qilish, ijtimoiy yordamning manzilliligi va natijadorligini ta’minlash zarurligini ta’kidlagani bejiz emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Bu sohada umumiy ishlab bo‘lmaydi. Har bir oila va inson taqdiriga alohida, professional yondashish lozim. Ijtimoiy xizmat to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, ehtiyojmand fuqarolar jamiyatda o‘z o‘rnini topadi”.
Xalqaro g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlash kuni – xayrli ishlar qilish, insonlarga yordam berish, jamiyatdagi ijtimoiy adolatni mustahkamlash uchun harakat qilish kunidir. Har birimizning ko‘rsatgan g‘amxo‘rligimiz, jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Keling, bu kunni faqat nishonlash emas, balki undan unumli foydalanishni, insonlarga yordam berishni o‘zimiz uchun vazifa qilib olaylik. Ushbu kunni nishonlash, bizning hamma uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratishimiz, insonparvarlik, mehr-oqibat, va g‘amxo‘rlik asosida hamjihatlikni mustahkamlashimizga xizmat qilsin.
Inchunun, “Yaxshi so‘zlar qisqa va yengil bo‘lishi mumkin, ammo ularning aks sadosi haqiqatan ham cheksizdir”, degandi Tereza ona.
Malika TALIPOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi yetakchi mutaxassisi
"Ma’rifat" gazetasi 2024-yil 30-oktyabr №44(9525)
- Qo'shildi: 29.10.2024
- Ko'rishlar: 899
- Chop etish