Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Axborot-resurs markazi negizida “Inson huquqlari uyi” faoliyat boshlashi munosabati bilan 3-dekabrda bo‘ladigan rasmiy ochilish marosimiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shu o‘rinda “Inson huquqlari uyi” shakllanishi jarayoni Milliy markazning tarixi va chorak asrdan ortiq davrdagi rivojlanish bosqichlari bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidlash lozim.
Dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 31-oktyabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini tuzish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Milliy markazning Axborot-huquq bo‘limi huzurida kutubxona tashkil etilgan.
O‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘sha kutubxona – Axborot-resurs markaziga aylantirilgan.
Bu borada O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 25-martda “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsad inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazaning tizimli shakllantirilishini tashkil etishdan iboratdir.
Qarorda, shuningdek, 2021-2023-yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashida O‘zbekiston Respublikasining a’zoligi samarali amalga oshirilishini ta’minlash doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilashga doir amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutildi.
Prezidentining 2022-yil 25-martdagi qarori ijrosi doirasida, jumladan, Milliy markazda Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – "Inson huquqlari uyi” tashkil etildi.
Prezident qarori bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga qo‘shimcha asosiy vazifalar ham yuklatildi. Xususan, Milliy markaz inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish, o‘quv, ilmiy-uslubiy va ommabop nashrlar hamda xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari doimiy chop etilishini ta’minlash bilan shug‘ullanishi belgilandi.
Endilikda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning solnomasini yuritish, fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish masalalari bo‘yicha ham Milliy markaz mas’ul hisoblanadi.
Shuningdek, Milliy markaz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasi va Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi doirasida mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish bilan izchil shug‘ullanmoqda. Zero, Inson huquqlari sohasidagi ta’lim O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Milliy markaz zimmasidagi yana bir muhim vazifa – inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishdir. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda birlamchi ahamiyat kasb etadi. Bunday ta’lim demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab yetish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.12.2024
- Ko'rishlar: 525
- Chop etish