Mustaqillik yillari mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish yo‘lida hayotbaxsh islohotlar izchil va tadrijiy asosda amalga oshirilmoqda. Istiqlol sharofati bilan davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Asosiy qonunimizga kiritildi, mazkur tizimning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va konstitutsiyaviy maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari asosida keyingi sakkiz yilda mahalla institutining konstitutsiyaviy-huquqiy maqomi tubdan mustahkamlandi. Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli birinchi fundamental asarida, jumladan, konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirish zaruratining tub sabablari ochib berilgan.
Konstitutsiyaviy islohot obyektiv zaruratining asosiy sabablaridan biriga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning dolzarb muammolarini hal qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati va rolini oshirish kerak. Shu bilan birga, mamlakatimiz hayotining eng dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy masalalari yechimida mahalla institutining o‘rni beqiyos. Ayni paytda ushbu noyob tuzilma ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati izchil kuchaytirilishi, ko‘plab boshqaruv funksiyalarining aksariyati xalqning o‘ziga, fuqarolik jamiyati institutlariga berilishida faol ishtirok etmoqda, deb ta’kidlangan Prezidentimizning kitobida.
Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli navbatdagi salmoqli siyosiy asari nashrdan chiqdi. Kitobning “Mahalla – Vatan ichra mo‘jaz vatan” degan alohida faslida qayd etilganidek, “jamiyat va davlatning taraqqiyotini “inson – xonadon – mahalla – tuman – viloyat – respublika” prinsipiga asoslangan barqaror rivojlanish orqali ta’minlash mumkin”.
Davlatimiz rahbarining konstitutsiyaviy islohot boshidayoq bildirgan bir qator takliflari erkin va adolatli fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarni o‘zida qamradi. Bunda xalqimiz uchun jamiyat, avvalo, mahalladan boshlanadi, degan ibratli aqidaga katta e’tibor qaratildi.
Prezidentimiz yangi tahrirdagi Konstitutsiyada: birinchidan, mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilab qo‘yish; ikkinchidan, mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etish bo‘yicha vakolatlari alohida belgilanishini taklif etdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston xalqi Konstitutsiyaga kiritish taklif etilgan shu kabi yangi norma va qoidalarni ongu tafakkuri, qalbidan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatini bildirdi.
Mahalla deganda, dunyoda kamdan kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uyg‘un va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradigan noyob ijtimoiy tuzilmani tushunamiz. Demak, mahallani davlat organi emas, balki fuqarolik jamiyati instituti sifatida e’tirof etish lozim.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasida davlatimiz rahbarining ayni shunday yondashuvi quyidagi normada o‘z aksini topdi: “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”.
Ya’ni, bir tomondan, Asosiy qonunimizga “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritildi. Ikkinchi tomondan, mahallalar va ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etildi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining maqomi konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarilishi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, butun davlat boshqaruv tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga – “Yangi shaxs”, “Yangi fuqarolik jamiyati”, “Yangi demokratik boshqaruv tizimi” darajasiga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Akademik Akmal Saidovning e’tirof etishicha, Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.
Ma’lumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston – dunyoviy davlat, deb belgilandi. Dunyoviy davlat – diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan, davlat boshqaruvi diniy qoidalar bilan emas, Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan davlat hisoblanadi.
Dunyoviy davlat vijdon va din erkinligining mavjudligi, davlatning jamiyat hayotida fuqarolar tomonidan e’tiqod qilinayotgan dinlarga teng va birdek betaraf munosabatda bo‘lishi hamda hech qaysi dinning davlat dini sifatida o‘rnatilmasligi bilan tavsiflanadi. Fuqarolarning bu boradagi huquq va erkinliklariga amal qilinishi mahalla hayotida, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi.
Konstitutsiyaviy islohot natijasida barcha masalalar yechimi chinakam xalq ovozi bo‘lgan mahalla darajasiga tushirildi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi belgilab qo‘yildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mazkur kafolatning belgilanishi:
· mahallalarga o‘z hududini mustaqil boshqarish;
· aholi manfaatlaridan kelib chiqib davlat bilan sheriklik asosida muammolarni hal etib borish;
· hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish;
· samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
· aholi farovonligini ta’minlash uchun muhim imkoniyatlarni taqdim etadi.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahallalarga aholining kundalik muammolarini hal qilish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatlarini berish, buning uchun tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratish belgilandi. Bularning barchasi, davlat hokimiyatida hisobdorlik, shaffoflik, samarali qaror qabul qilish va uning natijadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Eng asosiysi, davlatimiz rahbarining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” g‘oyasi asosida joriy yil 2-5-oktyabr kunlari Samarqandda “Aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusidagi Birinchi xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Ushbu xalqaro anjumanda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalarda mahallaning ishtiroki, “mahalla yettiligi” faoliyati atroflicha tahlil qilindi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha BMTning yurtimizdagi vakolatxonasi va boshqa hamkor xalqaro tashkilotlar tomonidan yakuniy Deklaratsiya imzolangandi. Yaqinda BMT Bosh qarorgohida mazkur Deklaratsiya 194 davlat vakillari tomonidan rasmiy hujjat sifatida qabul qilindi.
BMTning oltita rasmiy tilda e’lon qilingan hujjatda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahalla institutining jamiyatdagi mavqeini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotganligi ta’kidlangan. Mahalla tizimining rolini kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Deklaratsiyada konferensiya xulosalari sifatida xalqaro tashviqotni kuchaytirish va jahon hamjamiyatini O‘zbekistonda mavjud o‘zini o‘zi boshqarishning o‘ziga xos “mahalla” tizimi bilan tanishtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek:
· xalqaro o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash;
· mahalla tizimi xodimlari faoliyatini davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
· fuqarolar o‘rtasida tinchlik, millatlararo do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida xalqaro tashkilotlar va O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, hujjatda bugungi tez o‘zgaruvchan va xavfli dunyoda YUNICEF mahallani Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirishning kuchli platformasi sifatida ko‘rishi bayon qilingan.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mahallalarni fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida e’tirof etishi va ularni tenglik asosidagi dasturlar orqali qo‘llab-quvvatlashi bildirilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashaydigan har bir insonning muammolarini aniqlash va hal qilishga ko‘maklashish g‘oyasi Yangi O‘zbekiston uchun eng ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun joylarda xonadonbay, mahallabay ishlash, mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi izchil kuchaytirilmoqda.
Shunday qilib, xalqimiz uchun mahalla Vatanning aziz parchasi, doimo ardoqlab-e’zozlanadigan go‘sha hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Mahalla biz barpo etayotgan yangi jamiyat – inson qadri ulug‘lanadigan, huquq va erkinliklari ta’minlangan, qonun ustuvorligi mustahkam qaror topadigan ochiq va adolatli fuqarolik jamiyatining asosidir”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 03.12.2024
- Ko'rishlar: 496
- Chop etish