Har qanday davlat huquqiy tizimi asosini normalari boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga nisbatan ustun sanalgan hamda oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan Konstitutsiya tashkil etadi. Shuningdek, mamlakat qomusi nafaqat fuqarolar va davlat o‘rtasidagi, balki xalqaro munosabatlarga oid asosiy yo‘nalishlarni ham tartibga soluvchi hujjat hisoblanadi. Zero, aksar davlatlar konstitutsiyasida tashqi siyosatning asosi va ustuvor yo‘nalishlari, davlat idoralarining xalqaro munosabatlar sohasidagi vakolati, qonunchilikning xalqaro huquq normalari bilan o‘zaro munosabati belgilab beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi “Muqaddima”sida “Konstitutsiya xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda” qabul qilingani qayd etilgan. Shu o‘rinda savollar tug‘iladi: Nima sababdan mamlakat Konstitutsiyasi xalqaro huquq normalariga asoslanishi kerak? Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari nimalardan iborat? Bizning qomusimizda ham bu aks etganmi? Quyida shu va boshqa masalalar yuzasidan fikr yuritamiz.
O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridan boshlab xalqaro munosabatlarda to‘la huquqli sub’ekt sifatida ishtirok eta boshladi. Davlatlar bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi, xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ldi, ko‘plab xalqaro shartnomalarga qo‘shildi. Bularning bari yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishda respublikamizni xalqaro huquq normalari bilan bog‘ladi. 1992 yil qabul qilingan Konstitutsiya “Muqaddima”sida ham O‘zbekiston “xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olishi” belgilangan.
Milliy va xalqaro miqyosda qonun ustuvorligi ta’minlanishi xalqaro va milliy huquqiy tizimlar uyg‘un rivojlanishini taqozo etadi. Ayni jarayon samaradorligi ushbu ikki huquq tizimining o‘zaro ta’siriga bog‘liq. Davlatlar o‘rtasidagi munosabatda xalqaro tartib va muvozanatni shakllantirish tomonlar o‘z xalqaro-huquqiy majburiyatini bajarib, milliy darajada amalga oshirishini talab qiladi. Ushbu vazifani xalqaro huquqiy normalarni amalga oshirishning milliy mexanizmini yaratmasdan samarali hal qilib bo‘lmaydi. Xalqaro huquqqa nisbatan munosabat esa Konstitutsiyada ifodalanadi.
Konstitutsiyamizning 15-moddasida shunday deyilgan:
– O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasi qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llanadi.
Mazkur norma respublikamizning xalqaro huquq normalariga nisbatan munosabatini belgilaydi. Ya’ni, O‘zbekiston jahon hamjamiyatining ajralmas qismi sifatida xalqaro huquqqa xayrixoh munosabatda bo‘lish zaruratidan kelib chiqib, xalqaro normalarning yuqori maqomi hamda huquqiy tartibga solishdagi muhim rolini Konstitutsiya darajasida mustahkamlagan.
Ushbu norma xalqaro huquq normalarini amalga oshirishning zarur konstitutsiyaviy kafolatini yaratish barobarida milliy huquqiy tizimning bir bo‘lagiga aylangan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariга ustunlik ham beradi. Bunda xalaro va milliy huquq normalari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelsa, xalqaro huquq normalari qo‘llanishi tushuniladi.
Qayd etish joiz, shu kabi normalar yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan qabul qilinishidan oldin ham milliy qonunchilikda mavjud edi. Ya’ni, aksariyat qonunlarda “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoida belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidasi qo‘llanishi” to‘g‘risida norma bor. Yuqoridagi norma Konstitutsiya darjasida belgilanishi xalqaro huquq normalari ahamiyatini belgilash bilan birga, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga ham xuddi shunday maqom berdi.
Mazmuniga ko‘ra, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari ustuvorligi to‘g‘risidagi band juda ko‘p davlatlar Konstitutsiyasida mavjud.
Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari to‘g‘risida xalqaro huquq nazariyasida va ko‘plab olimlar tomonidan turli fikrlar bildirilgan. Ushbu manbalardan anglashiladiki, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari deganda xalqaro shartnomalar, xalqaro tashkilotlar ustavlari, xalqaro sudlar qarorlari, shuningdek xalqaro odatlardagi xalqaro huquqning asosiy imperativ hamda fundamental normalari, barcha davlatlar xalqaro hamjamiyati tomonidan qabul qilingan va tan olingan, chetga chiqish mumkin bo‘lmagan normalar tushuniladi.
Bunday me’yorlar eng yuqori yuridik kuchga ega bo‘lib, barcha normalar shu hujjatlarga muvofiq bo‘ladi, barcha davlatlar va xalqlar, umuman xalqaro hamjamiyatning asosiy manfaatlarini aks ettiradi.
An’anaviy ravishda xalqaro huquqda 1945 yil 26 iyunda qabul qilingan BMT Ustavi, 1970 yil tasdiqlangan Xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda 1975 yil qabul qilingan YeXHKning Xelsinki Yakuniy aktida mustahkamlangan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan 10 prinsipi ajratib ko‘rsatiladi.
Xalqaro huquq prinsiplari to‘g‘risidagi deklaratsiyada Xalqaro munosabatlarda kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik, Nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, Davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, Davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hamkorlik, Xalqlarning teng huquqliligi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, Davlatlararo munosabatlarda suveren tenglik, Davlatlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni vijdonan bajarish singari asosiy tamoyillar belgilangan.
1975 yilda qabul qilingan YeXHK Xelsinki Yakuniy aktida esa quyidagi asosiy shartlar belgilangan: Chegaralar buzilmasligi, Davlatlarning hududiy yaxlitligi, Inson huquqlarini hurmat qilish.
Ma’lumki, Xelsinki Yakuniy akti rasman xalqaro shartnoma hisoblanmasa-da, qabul qilingandan so‘ng, nafaqat Yevropa, balki dunyoning aksariyat mamlakatlari rahbarlari
ushbu hujjatning yuridik majburiy qoidalarini tan olgani to‘g‘risida rasmiy bayonot berishgan.
Qayd etish joiz, yuqoridagi hujjatlarda sanab o‘tilgan umume’tirof etilgan prinsiplarning aksariyati BMT Ustavi 1-2-moddalarida aksini topgan. Keyinchalik shu Ustav yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlardan tashqari, boshqa hujjatlarda ham ushbu tamoyillar belgilanishi uchun asos vazifasini o‘tagan.
Xususan, 1969 yil qabul qilingan Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risidagi Vena konvensiya 26-moddasida “Pacta sunt servanda” prinsipi, ya’ni “har bir amaldagi shartnoma ishtirokchilar uchun majburiy va vijdonan bajarilishi kerak”ligi belgilangan. Bu shart BMT Ustavi 2-moddasi 2-bandidagi “BMTning barcha a’zolari ushbu Ustav bo‘yicha zimmalariga olgan majburiyatini vijdonan bajaradilar” qoidasidan kelib chiqqan.
Shu nuqtai nazardan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalarining quyidagi belgi va xususiyatlarini ko‘rsatish mumkin:
- ushbu prinsiplar barcha yoki deyarli barcha davlatlar tomonidan tan olingan;
- prinsiplar superimperativ yoki yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan “jus cogens” (imperativ) normalar xususiyatiga ega;
- mazkur prinsiplar ham xususiy, ham ommaviy munosabatlarni tartibga soladi;
- ushbu prinsiplarni buzish xalqaro-huquqiy xarakterdagi sanksiyalarni qo‘llash uchun asos bo‘lishi mumkin.
Mazkur xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari O‘zbekiston Konstitutsiyasining asosiy prinsiplaridan biri etib belgilangan “Tashqi siyosat” bobida o‘ziga xos tarzda sanab o‘tilgan. Xususan, 17-moddada “O‘zbekiston tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar buzilmasligi, davlatlar hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillari hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi”, deb belgilangan.
Ushbu moddada xalqaro huquqning O‘zbekiston tashqi siyosatidagi eng ustuvor 6 tamoyili keltirilgan. Shuningdek, mamlakatning tashqi siyosati ushbu normada nazarda tutilmagan boshqa prinitsip va normalarga ham asoslanishi belgilanmoqda. E’tiborli jihati shundaki, Konstitutsiyaning 1992 yil qabul qilingan tahririda mazkur moddada “davlatlarning hududiy yaxlitligi” tamoyili nazarda tutilmagan. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada ushbu prinsip qo‘shilgan.
Bundan tashqari Konstitutsiyaning 18-moddasida O‘zbekistonning davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosat amalga oshirishi, davlatning, xalqning oliy manfaatlaridan, farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklar va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi hamda bunday tuzilmalardan chiqishi mumkinligi belgilangan. Ushbu norma ham mohiyati nuqtai nazaridan, garchi
17-moddada sanab o‘tilgan tamoyillar qatorida bo‘lmasa-da, “davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro hamkorlik” prinsipini ifodalaydi.
Bundan tashqari “inson huquqlarini hurmat qilish” tamoyili 17-moddada keltirilmagan bo‘lsa-da, Konstitutsiyaning “Inson va fuqaroning asosiy huquqi, erkinligi va burchi” nomli ikkinchi bo‘limidagi 40 ta modda shu masalaga bag‘ishlangan. Mazkur moddalar mazmunidan tushunish mumkinki, O‘zbekiston nafaqat ichki, balki tashqi siyosatda ham inson huquqlarini hurmat qilish prinsipiga qat’iy amal qiladi.
Xalqaro munosabatlarda yoki tashqi siyosatda ayni tamoyillar mazmunan bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq. Ba’zilarini inkor etish boshqalarini ham to‘laqonli amalga oshirish imkonini yo‘qqa chiqaradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalarini ifodalagan, deyarli, barcha universal shartnomalarni ratifikatsiya qilgan. Ushbu hujjatlar O‘zbekiston uchun amal qiladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir kuchiga ega. Bu mamlakatimiz xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalariga amal qilishga nisbatan xayrixohligi dalilidir.
Rustam Atovulloyev,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
bosh yuriskonsulti
O‘zA
- Qo'shildi: 04.12.2024
- Ko'rishlar: 511
- Chop etish