12-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasining a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov Rossiya Milliy tadqiqot universiteti “Iqtisodiyot oliy maktabi” tomonidan tashkil etilgan “Mediahuquq – 2024” mavzuidagi XXXIII xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada onlayn tarzda ishtirok etdi.
Tadbirda Rossiya Federetsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va Davlat Dumasi a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha vakili, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari olimlari, ommaviy axborot vositalari hamda bir qator mamlakatlarning jamoat va siyosiy arboblari ishtirok etdi.
Konferensiya davomida A.Saidov “Sun’iy intellekt va raqamli parlamentning kelajagi: hozirgi kun muammolarini global tartibga solishda parlamentariylarning roli” mavzusida nutq so‘zladi.
Ta’kidlanganidek, parlament amaliyotida sun’iy intellektdan foydalanish qonun loyihalarini yanada samarali boshqarish, majlis transkripsiyasini avtomatlashtirish, qonun loyihasiga oid turli materiallarni tez tarjima qilish kabi ijobiy jihatlarga ega. Shu bilan birga sun’iy intellekt fuqarolarning fikr-mulohazalarini kuzatish va parlament faoliyatiga oid tizimlarning kiberxavfsizligini ta’minlashga katta texnik ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada, shuningdek, globallashuv va texnologik rivojlanish davrida algoritmlarning shaffofligini ta’minlash, fundamental huquq va erkinliklarni himoya qilish, kamsitish va ma’lumotlarni suiiste’mol qilishning oldini olish, demokratik institutlarga nisbatan jamoatchlik ishonchini saqlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanishda milliy parlamentlar o‘rtasidagi global axloqiy-huquqiy munosabatlarni o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi.
Yanada tinch va barqaror kelajak uchun fan, texnologiya va innovatsiyalardan foydalanish to‘g‘risidagi Jeneva deklaratsiyasi, “Sun’iy intellektning demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga ta’siri to‘g‘risida”gi rezolyutsiya hamda Parlamentlararo Ittifoqning Fan va texnologiyalar etikasi to‘g‘risidagi xartiyasida belgilangan normalar ushbu yo‘nalishdagi parlamentlararo aloqalarning kun tartibini tartibga soluvchi muhim hujjatlar ekanligiga e’tibor qaratildi.
Sun’iy intellekt kabi yuqori texnologiyalarning rivojlanib borayotganligining ijobiy tomonlari ko‘p. Shu bilan bir qatorda, ulardan parlament faoliyati, xususan, qonun ijodkorligi sohasida mas’uliyat bilan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Buning uchun, eng muhimi, aholi va saylovchilarning parlamentga bo‘lgan ishonchi va parlament faoliyati shaffof tarzda yo‘lga qo‘yilganligini ta’minlash maqsadida, avvalambor, sun’iy intellektdan foydalanish etika va ko‘nikmalarini shakllantirish, diskriminatsiyaning oldini olish, algoritmlarning tenglik tamoyillariga rioya qilishi va ijtimoiy tengsizlik kuchayishiga olib kelmasligi kabi dolzarb masalalarni yuridik jihatdan tartibga solish lozimligi qayd etildi.
Tadbir yakunida tomonlar sun’iy intellektdan foydalanishda parlamentariylarning mas’uliyatini oshirishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashib borishga kelishib oldilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.12.2024
- Ko'rishlar: 231
- Chop etish