Tillar – jahon madaniyatining oliy yutug‘i

21-fevral — Xalqaro ona tili kuni

 

YUNESKO tashkiloti tomonidan 21-fevral – Xalqaro ona tili kuni deb e’lon qilingan. Mazkur sana 2001-yildan buyon xalqaro miqyosda keng nishonlab kelinmoqda.

Ona tili – har  bir  elatning, xalqning,  millatning  o‘z  tili.  Ona tili lug‘at tarkibi, asosan, shu tilga mansub xalqning  turmushi,  madaniyati va an’analarini ifodalaydigan so‘z va tushunchalardan iborat bo‘ladi. Ona tili taraqqiyoti har bir elat, xalq va millatning ijtimoiy rivojlanishi bilan uzviy bog‘liqdir.

Xalqaro ona tili kunining mazmun-mohiyatida har bir xalqning o‘z milliy tafakkuri, ma’naviyati, ruhiyatining o‘zagini tashkil etadigan tilga alohida muhabbatning belgisi o‘z aksini topadi. Mazkur kun ona tili bayrami sifatida nishonlanar ekan, bu bayram munosabati bilan har bir insonning o‘z Vatani va ona tiliga bo‘lgan muhabbat, ehtirom, qadr hamda e’zoz tuyg‘ulari yangilanadi.

Manbalarga ko‘ra, ushbu xalqaro sana 1952-yil 21-fevralda hozirgi Bangladesh poytaxti Dakka shahrida sodir bo‘lgan voqealarni xotirlash uchun tanlangan. O‘sha qayg‘uli kunda bengal tilini himoya qilish va davlat tillaridan biri sifatida tan olinishi uchun namoyish o‘tkazgan talabalar politsiya o‘qlaridan nobud bo‘lgan.

Shuning uchun 21-fevral – Bangladeshda bengal lisoniga davlat tili maqomini berish uchun harakat (Bengali Language Movement Day) kuni ham hisoblanadi.

Ayni sana dunyoning turli davlatlaridagi til bilan bog‘liq boshqa ayrim voqealarga ham daxldor. Xususan, 1990-yil 21-fevral – Estoniyada til to‘g‘risida qonun qabul qilingan kundir.

YUNESKO hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyodagi taxminan 6 ming tilning yarmi yaqinda o‘z ona tilida so‘zlashuv imkoniyatini yo‘qotishi mumkin. Chunki hozir har ikki haftada dunyoda bitta til yo‘qolib bormoqda.

Tillar yo‘qolib ketishining asosiy sabablaridan biri – ularning o‘z eltuvchilar soni notekis taqsimlanganidadir. Jumladan, jahon axolisining 80 foiz ulushiga 80 ta til to‘g‘ri keladi, 3 ming 500 ta tilga esa – Yer yuzidagi aholining atigi 0,2 foizi to‘g‘ri keladi.

Tillar yo‘qolib borishining yana bir asosiy sababi – globallashuv va migratsiya jarayonlaridir. Odamlar qishloqlardan shaharlarga ko‘chib ketadi va oqibatda o‘z millati tilini yo‘qotadi.

Akademik Akmal Saidovning fikricha, tillar – jahon madaniyatining oliy yutug‘i bo‘lib, insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy kamoloti tarixini aks ettiruvchi ko‘zgudir. Albatta, har bir shaxs o‘z tilini tanlash huquqiga, xohlagan tilda muomala qilish va ta’lim olish huquqiga ega. Lekin millat bunday huquqqa ega emas.

Millat uchun tilni tanlash huquqi yo‘q. Uning uchun faqat bir asosli til borki, bu tilning yo‘qolishi millatning o‘zining yo‘q bo‘lishi bilan barobar.

Shu o‘rinda “millat” va “til” tushunchalarining o‘zaro munosabatiga to‘xtalish lozim. Millat (lotincha: “natio” – “qabila”, “xalq” so‘zidan) – industrial davrning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-siyosiy va ma’naviy mushtarakligidir.

“Millat” tushunchasiga quyidagi ikki asosiy yondashuv mavjud:

birinchidan, muayyan davlat fuqarolarining siyosiy mushtarakligi;

ikkinchidan, yagona til va tafakkurga ega etnik mushtaraklik (bitta yoki bir nechta birgalikda yashaydigan etnoslar turmush kechirishining shakli).

Xalqaro huquqda millat – milliy davlatning sinonimi hisoblanadi.

Yana bir jihat: til – millatni farqlaydigan universal belgi hisoblanmaydi. Ya’ni, millatning noyobligi til noyobligi bilan albatta bir xil bo‘lishi shart emas.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech