Bugun Kinochilar uyida atoqli olim, arxeolog, akademik, tarix fanlari doktori, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarda» loyihasining ilmiy rahbari E.V. Rtveladze tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjaxon jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomnidan tashkil etildi, tadbir homiysi - «Eriell Group» neft-servis kompaniyasi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjaxon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov “Edvard Rtveladze xotirasi” nomli xotira kitobining dastlabki pilot nashrini taqdim etdi. Kitob olimning hamkasblari, do‘stlari, oila a’zolari va yaqinlari tomonidan yozilgan 50 dan ortiq maqolani o‘z ichiga olgan.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoev, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi tahririyat kengashi raisi, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjaxon jamiyati boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, Gruziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Zurab Abdushelishvili ishtirok etishdi va marhumni yod olib so‘zga chiqishdi.
Edvard Vasilevich Rtveladze Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatining ulkan qatlamlarini, Buyuk Ipak yo‘lining eski va yangi yo‘llarini tadqiq etgan. Olim O‘zbekistonda va xorijda chop etilgan 800 dan ortiq ilmiy maqolalarga mualliflik qilgan.
Ilmiy faoliyati davomida turli mukofot va ordenlar bilan taqdirlangan, jumladan, 1985 yilda Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti, 2001 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni, 2003 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2017 yilda “El-yurt xurmati” orden. Bundan tashqari, Gruziya Respublikasining sharaf ordeni - "Girdebis Oredeni" bilan taqdirlangan.
Edvard Rtveladzening so‘nggi yillardagi eng mashhur arxeologik kashfiyotlardan biri miloddan avvalgi IV oxirida asos solingan Oks Aleksandriyasidir. Qadimiy shahar milodiy I asr boshlarigacha Surxondaryo hududida mavjud bo‘lgan.
Olim O‘rta Osiyo va Shimoliy Kavkazda 100 dan ortiq arxeologik ekspeditsiyalarda qatnashgan. Rtveladze 1990 yillar oxirida Toxariston arxeologik ekspeditsiyasini tuzib, qadimiy Kampirtepa manzilgohida tadqiqotlarni qayta tiklagan, bu yerda O‘rta Osiyo arxeologik amaliyotida birinchi marta aholi punktining to‘liq ochilishi amalga oshirilgan, uning joylashuvi va Kushonlar davriga oid shahar tuzilmasi aniqlangan.
So‘nggi yillarda E.V. Rtveladze “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining ilmiy rahbari vazivasini bajargan. Uning rahbarligida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumiga oid 50 ta kitob-albom nashr etilgan.
O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjaxon jamiyati loyihalari doirasida “O‘zbekistonning me’moriy epigrafikasi”, “Tarixiy kutubxona”, “O‘zbekistonning atoqli olimlari” turkum kitoblari ustida ham ishlagan.
Afsuski, 2020 yil aprel oyida olimning rafiqasi - arxeolog va arxivchi Lidiya Rtveladze vafot etdi. Edvard Vasilevich Rtveladze o‘zining yaqinda nashr etilgan "Lidiya Lvovna Rtveladze. Hayot, iml, oila” kitobini rafiqasining xotirasiga bag‘ishlagan edi.
Edvard Rtveladze joriy yilning 10 fevralida vafot etgan edi.
- Qo'shildi: 17.05.2022
- Ko'rishlar: 5137
- Chop etish