“Xalqaro minbar” loyihasida Ijtimoiy rivojlanish va xalqaro munosabatlar bo‘yicha saudiyalik mutaxassis, Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Senior Women Talent Pipeline” loyihasi a’zosi, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Ijtimoiy va oilaviy masalalar bo‘yicha direktori lavozimida ishlagan Maha Oqil xonimning ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusiga oid maqolasi taqdim etilmoqda.
Juda ko‘p mamlakatlarda iqtisodiy taraqqiyot sekinlashayotgani, ishsizlik darajasi va inflyatsiya o‘sishi ortidan ayollar ishdan bo‘shatilish va maosh qisqarishidan jiddiy aziyat chekmoqda. Qolaversa, bir xil vazifani bajarish asnosida, negadir, ayollar erkaklarga nisbatan kam haq oladi. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab ayollar erkaklarga to‘lanadigan har bir dollardan o‘rtacha atigi 51 sent ishlaydi. Iqtisodiyotning ayollar ustunlik qiladigan tarmoqlari past baholanib, kam haq ajratiladi, ba’zan umuman pul to‘lanmaydi.
O‘tgan oy Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan G20 sammiti ochilishida Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva ochlik va qashshoqlikka qarshi global alyans ishga tushganini e’lon qildi. Mazkur tashabbus hozirgacha 87 davlat, 66 xalqaro tashkilot tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ayni jarayonda 2030 yilga qadar naqd pul o‘tkazmasi yoki ijtimoiy himoya dasturlari orqali yarim milliard odamni oziqlantirish maqsad qilingan. Xususan, 150 million maktab o‘quvchisini ovqat bilan ta’minlash, olti yoshgacha bolalar va 200 million ayolni qamrab olish, qo‘shimcha 100 million kishi, ayniqsa ayollar uchun ijtimoiy-iqtisodiy inklyuzivlik yaratish ko‘zda tutilgan. Kichik xo‘jalik va oilaviy dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish, suvdan oqilona foydalanish kabi muhim dasturlar asosida mamlakatlar milliardlab dollar miqdorida qo‘shimcha moliyalashtiriladi. Bu loyiha 2030 yilgacha mo‘ljallangan qashshoqlik va ochlikka barham berish bo‘yicha Barqaror rivojlanish maqsadi doirasida amalga oshirilmoqda.
Erkaklarga qaraganda, ayollar yer, tabiiy resurs va moliyaviy aktivga kamroq ega. Iqlim o‘zgarishi ta’siridan esa, aksincha, ko‘proq aziyat chekadi.
2022 yil e’lon qilingan BMT hisobotida yerga egalik qilish va tuproqdan foydalanishda ayollar erkaklar bilan bir xil qonuniy huquqqa ega bo‘lgan mamlakatlarda ham fermer xo‘jaliklarining faqat 15,6 foizi ayollar qo‘lida ekani ta’kidlangan. Butun dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligidagi ishchi kuchining qariyb 43 foizini ayollar tashkil etadi. Afsuski, MENA (Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika) mintaqasida xotin-qizlarning atigi 4 foizi yer egasi huquqiga ega.
Huquqiy tizimlar va yerni boshqarishdan tashqari, merosga doir qonun va amaliyot ayollarning yerga egalik qilishiga to‘sqinlik qiladi. Turmush o‘rtog‘ini merosdan mahrum qilish holatlari hamon 96 mamlakatda mavjud. Ayolning eri mulkiga egalik qilishi huquqi 102 mamlakatda odat, diniy yoki an’anaviy qonun va amaliyotga binoan rad etilgan. 103 davlatda mulkka egalik yoki merosni tortib olish jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.
BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasida ayollar xabardorligini oshirish, muayyan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, zarur qarorlar qabul qilish, mavjud salohiyatni oshirish, ta’lim tizimini takomillashtirish kabi muhim vazifalar belgilangan.
Ma’lumki, aktivlarni diversifikatsiya qilish uchun resurslardan foydalanish imkoniyati pastligi sababli ayollar iqlim ta’siriga ko‘proq moyil hisoblanadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita gender kamsitish yoki istisno qilish holatlari tez-tez uchrashi ayollarga qaror qabul qilish, kredit, ma’lumot, xizmat va texnologiyadan foydalanishda to‘siqlar hosil qiladi.
Ayni payt keng tarqalgan zo‘ravonlik va mojarolar halokat va qashshoqlik keltirib chiqarishi ayon. Bu omil ham xotin-qizlarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Aniqroq aytganda, dahshatli jarayon – urush, ko‘chish va qochish oqibatida yuzaga keladigan qashshoqlik gender asosidagi zo‘ravonlik xavfini kuchaytiradi, ayollarni yanada qashshoq va zaif qiladi.
25 noyabrdan boshlab ayollarga nisbatan zo‘ravonlik kuchayib borayotganiga e’tibor qaratish, aybdorlarni jazoga tortish va javobgarlikka chorlash maqsadida 10 dekabr – Inson huquqlari kuniga qadar Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha 16 kunlik faollik joriy etildi.
Qashshoqlik ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik xavfini oshiradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, kambag‘al qizlarning bolaligida turmushga chiqish ehtimoli 2,5 barobar yuqori ekan. Ya’ni, ular maktabni erta tark etishadi. Kabag‘al, nochor yashaydigan xotin-qizlarda odam savdosiga moyillik kuchli bo‘ladi. Daromad, resurs yetishmasligi yoki huquqiy himoyadan mahrumlmik bois zo‘ravon oila munosabatiga duch kelish holati juda ko‘p uchraydi.
Demak, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashda, eng avvalo, qashshoqlikka barham berish zarur.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA
- Qo'shildi: 10.12.2024
- Ko'rishlar: 335
- Chop etish