Joriy yilning 2-5 oktyabr kunlari Samarqandda “Aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusidagi I xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” g‘oyasi asosida tashkil etilgan tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), BMT Bolalar jamg‘armasi (UNISEF), AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) kabi xalqaro tashkilotlar va yigirmadan ortiq davlat vakillari, xorijiy mamlakatlarning yurtimizdagi elchilari, bir qator vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etgandi.
Anjumanda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalarda mahallaning ishtiroki, “mahalla yettiligi” faoliyati atroflicha tahlil qilingandi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha BMTning yurtimizdagi vakolatxonasi va boshqa hamkor xalqaro tashkilotlar tomonidan yakuniy deklaratsiya imzolangandi.
Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida mazkur deklaratsiya 194 davlat vakillari tomonidan rasmiy hujjat sifatida qabul qilindi.
– Ushbu deklaratsiyaning BMT tomonidan rasmiy hujjat sifatida qabul qilinishi, avvalo, mazkur anjuman nufuzini bildiradi, – deydi O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sherali Yo‘ldoshev. – Asosiysi, bu orqali O‘zbekistondagi mahalla tizimi boshqaruvi, mazkur tuzilmaning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni e’tirof etildi, deyish mumkin. Mazkur hujjatda O‘zbekistonning mahalla tizimi, bu borada so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ishlar bilan birgalikda mahallalar uyushmasining hamkor tashkilotlar bilan birgalikda kelgusida hayotga tatbiq etiladigan rejalari aks etgan. Olti rasmiy tilda e’lon qilingan hujjatda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahallaning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, uning rolini kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari sifatida faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tashkil etilishi va “Mahalla yettiligi” faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan mahalla raisi, hokim o‘rinbosari, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha faol, yoshlar yetakchisi, soliq inspektori va ijtimoiy xodimning hamkorlikda ishlashi e’tirof etildi. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va jadal islohotlar, jumladan, mahallaning roli sezilarli darajada oshgani, uning mahalliy muammolarni hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida faoliyat ko‘rsatayotgani, shuningdek, mustaqil va adolatli tuzilmaga aylantirilgani yuksak baholandi.
Deklaratsiyada konferensiya xulosalari sifatida xalqaro tashviqotni kuchaytirish va jahon hamjamiyatini O‘zbekistonda mavjud o‘zini o‘zi boshqarishning o‘ziga xos “Mahalla” tizimi bilan tanishtirish, shuningdek, xalqaro o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, mahalla tizimi xodimlari faoliyatini davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, fuqarolar o‘rtasida tinchlik, millatlararo do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida xalqaro tashkilotlar va O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etiladi.
Shuningdek, hujjatda bugungi tez o‘zgaruvchan va xavfli dunyoda YUNICYeF mahallani Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirishning kuchli platformasi sifatida ko‘rishi bayon qilinadi. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi esa mahallalarni fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida e’tirof etishi va ularni tenglik asosidagi dasturlar orqali qo‘llab-quvvatlashi bildirilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri
- Qo'shildi: 25.11.2024
- Ko'rishlar: 643
- Chop etish