Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida mahallalarda bandlikni ta’minlash va mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Bandlik va aholi daromadini oshirish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Shu maqsadda ko‘plab iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar amalga oshirilmoqda. Yangi-yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilishga keng yo‘l ochilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, barcha hududlarda Sayxunobod tajribasi amalga oshirilayotir. Mutasaddilar bu boradagi ishlarning tuman va mahallalar kesimidagi ijrosi yuzasidan axborot berdi.
Qayd etilganidek, har bir mahallaga iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlari biriktirilgan. Ular u yerdagi kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlab, odamlarning daromadini oshirishga ko‘maklashmoqda. Buning uchun arzon kreditlar, subsidiya va imtiyozlar yo‘naltirilayapti. Agrosanoat mutaxassislari bilan birga, aholi tomorqalarida serdaromad ekinlar ekilayapti.
Prezidentimiz ishlar hamma joyda ham birdek tashkil qilinmayotganini ko‘rsatib o‘tdi. Bugungi murakkab vaziyatda odamlarni ishli va daromadli qilishning yagona yo‘li ichki imkoniyatlarni to‘la safarbar etish ekanini ta’kidladi.
Fuqarolarni chet elda ishlashga tartibli va xavfsiz jo‘natish, yurtimizga qaytganlarning bandligini ta’minlash ham muhim vazifalardan. Shu bois Bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati isloh qilinmoqda. Barcha hududlarda “Xorijga ish – mahalladan” tamoyili yo‘lga qo‘yilmoqda.
Yetarli malakasi bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga qo‘shimcha o‘qitiladi, xorijlik ish beruvchilar talabiga qarab maqsadli tayyorlanadi. Shu asosida yaqin muddatlarda 150 ming kishi daromadi yuqori mamlakatlarga yuborilishi mo‘ljallangan.
Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga ham alohida e’tibor qaratiladi. Sayxunobod tajribasi asosida ularga tomorqada mahsulot yetishtirish, tadbirkorligini ochishga tashkiliy-moliyaviy ko‘mak beriladi.
Davlatimiz rahbari fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.
Migratsiya bo‘yicha yagona axborot platformasini yaratib, “mahalla yettiligi” tizimi bilan integratsiya qilish, xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zA
- Qo'shildi: 13.05.2024
- Ko'rishlar: 1572
- Chop etish