Bu qoida amalda qanday ishlamoqda?
Ma’lumki, parlament – xalq vakilligi instituti hisoblanadi. Demak, parlament xalq nomidan ish yuritib, har qanday sohani nazorat qilishi aholi va jamiyat manfaatlarini ta’minlashi kerak.
Parlamentning quyi bo‘g‘inlari bo‘lgan mahalliy kengashlar esa o‘z hududlari doirasida aholi manfaatlarini himoya qilishi, mansabdorlarni, hatto hokimlarni savolga tutishi darkor.
Lekin hech kimga sir emaski, ilgari mahalliy kengashlarga hokimlar raislik qilib kelgan. Bu esa, o‘z-o‘zidan, qonuniy muvozanat buzilishiga olib kelgani sir emas. Chunki mahalliy kengash a’zolari bo‘lgan deputatlar o‘z raislariga qarshi bora olmasligi kunday ravshan edi.
Shu sababli, bu masala doimiy ravishda tanqidlar nishonida edi. Bu holatni davlatimiz rahbari ham tanqid qilib, mahalliy kengashlarga hokimlar raislik qilishi amaliyotiga barham berish zarurligini ko‘p ta’kidlagan.
Faqat yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratildi.
Bu hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ijrosini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini xalqning haqiqiy «ovoziga» aylantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini transformatsiya qilib, hududiy boshqaruvni «aholi manfaatlariga xizmat qilish» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 2-fevraldagi «Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida bu jarayonning huquqiy asoslari yanada kengroq mustahkamlandi.
Mazkur farmon bilan qo‘yilgan vazifalar va ularning ijrosi bo‘yicha Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Bu farmonda davlat hokimiyatini xalqqa yaqinlashtirish yoki xalqchil davlat hokimiyatini yaratish masalasi qo‘yildi. Davlatimiz rahbari deputatlar kengashini kuchaytiraman va ular bilan ishlayman, degan fikrni bildirgan edi. Buning amaldagi ifodasi farmon bilan joriy etildi.
Farmon bilan davlat hokimiyati organi ikkiga bo‘lindi. Buning birinchisi – davlat ijro hokimiyati, bunga hokim rahbarlik qiladi. Ikkinchisi mahalliy kengash bo‘lib, unga deputatlar ichidan rais saylanadi.
Ularning vazifasi ham albatta, ikki xil. Davlat ijro hokimiyati ijro bilan bog‘liq vazifani amalga oshiradi. Xalqni o‘ylantirgan masalalar yechimini, davlat dasturlari ijrosini ta’minlaydi. Mahalliy kengashlar bu vazifalar ijrosi bo‘yicha nazorat funksiyani amalga oshiradi. Muhimi, farmon bilan mazkur institutlar funksiyalari tizimlashtirildi.
Xalqni o‘ylantirayotgan masalalarni deputatlar joylarda o‘rganadi va buni ijro hokimiyatiga ma’lum qiladi. Masalan, ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni deputat o‘rganadi, muammolarni xalq bilan kelishgan holda mahalliy kengashga olib chiqadi. Boshqa muammoli masalalar haqida ham shunday deyish mumkin.
Ko‘tarilgan masalalar yechimini topmasa, mahalliy kengash masalaning qonuniy yechimi bo‘yicha harakat qilishi, uni yuqori organlarga taqdim etishi ham mumkin.
E’tiborli jihati, bu me’yorlar amalda allaqachon ishlamoqda. Chunki bu jarayon uzoq kutilgan va amalda bunga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilgan.
Endilikda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mahalliy kengashlar faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda vazifalarni mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida aniq belgilash amaliyoti joriy etildi.
Ayni paytda Oliy Majlis Senati tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.
Norgul Abduraimova,
Yoqub Meliboyev (video),
O‘zA muxbirlari.
- Qo'shildi: 26.04.2024
- Ko'rishlar: 1721
- Chop etish