Mahkumlarga videouchrashuvdan foydalanish huquqi beriladi – loyiha

Amaldagi Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga ularning yaqinlari bilan suhbatlashishga doir o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. 

Qayd etilishicha, mazkur Kodeksga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan mahkumlarning oila a’zolari va yaqinlari bilan doimiy aloqalarini ta’minlash orqali oilaviy munosabatlarini saqlab qolish, tuzalish yo‘liga o‘tishiga ko‘maklashish hamda ijtimoiylashuvini jadallashtirish orqali ularda qonunga itoatkorlik xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, ijtimoiy qoidalar va an’analarga nisbatan hurmat hissini shakllantirish yoki saqlab qolish kabilar maqsad qilinmoqda.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarga ularning ixtiyoriga ko‘ra masofali videouchrashuvlar yoki telefon orqali so‘zlashuvlar huquqi beriladi.

Umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarda, tarbiya koloniyalarida, turmalarda va mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalarda jazoni o‘tayotgan mahkumlarning masofali videouchrashuvlari yoki telefon orqali so‘zlashuvlari muassasa ma’muriyati nazorati ostida o‘tkaziladi hamda ularning haqi mahkumning shaxsiy hisobvarag‘idan to‘lanadi.

Masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvlar miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Mahkumning iltimosiga ko‘ra, mahkum jazoni ijro etish muassasasiga yetib kelgandan keyin, shuningdek alohida hollarda unga qo‘shimcha ravishda masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvga ruxsat etilishi mumkin.

Intizomiy bo‘linmalarda saqlanayotgan mahkumlarga faqat alohida hollarda masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvga ruxsat etilishi mumkin.

Ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning masofali videouchrashuv yoki telefon orqali o‘zaro so‘zlashuvlari taqiqlanadi.

Mahkumlarga masofali videouchrashuv yoki telefon orqali so‘zlashuvga ruxsat etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.

Xabar.uz

Powered by GSpeech