Yurtimizda aholi orasida sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, xususan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning xavfsiz va sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-noyabrdagi «Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hamda 2021-yil 25-maydagi «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning xavfsiz va sog‘lom ovqatlanishini tashkil etish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi hamda ovqatdan zaharlanishlarning oldini olish choralari belgilangan.
Qarorda ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish hamda ovqatlanish xonalarining joylashishi, rejalashtirilishga oid sanitariya-epidemiologik talablar bilan birga to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etish va namunaviy taomnomani tuzish kabi ko‘plab muhim talablar keltirilgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: umumta’lim muassasalarida tayyorlanishi va sotilishiga ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlari nimalardan iborat?
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurmat Atabekov:
– «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari»ga ko‘ra, quyidagilar maktab oshxonalarida tayyorlanishi va sotilishi mumkin emas:
• Go‘sht qo‘shilgan, mayonez, ketchup va orasiga sabzavotlar solingan non mahsulotlari (gamburger, chizburger va xot-doglar);
• Sun’iy ta’m, hid beruvchi moddalar, bo‘yoqlar, aromatizatorlar qo‘shilgan qandolat mahsulotlari;
• Sun’iy konservantlari bo‘lgan «kiriyeshki», «xrustyashki» va chipslar, qurt, pista, donali uy sharoitida tayyorlangan shimiladigan shirinliklar;
• Rangli va rangsiz gazlangan ichimliklar;
• Veterinariya nazoratidan o‘tmagan go‘sht, baliq, parrandalar; jigar, til va yurakdan tashqari barcha kalla-pochalar;
• Tashqi qavati toza bo‘lmagan, singan, zarur talablarga javob bermaydigan tuxumlar;
• Bankalarning germetikligi buzilgan, bombajli, zanglagan, shakli o‘zgargan, yorlig‘i bo‘lmagan va ishlab chiqarish vaqti hamda yaroqlilik muddati belgilanmagan, ayniqsa, uy sharoitida tayyorlangan har-xil turdagi konservalar;
• Turli aralashmalar yoki ombordagi zararkunandalar bilan zararlangan yorma, un, quritilgan mevalar va boshqa mahsulotlar;
• Kremli qandolat mahsulotlari (tort va pishiriqlar);
• Xolodes, parranda va tuyoqli hayvonlar oyog‘idan tayyorlangan hamda kalla go‘shti ruletlari, o‘pka-jigarli va qondan qilingan kolbasalar;
• Pasterizatsiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan, idishda saqlangan tvorog va qaymoq, qo‘lbola qatiq, epizootik noxush xo‘jaliklardan olingan, shuningdek dastlabki ishlov berilmagan va pasterizatsiya qilinmagan sut va sut mahsulotlari, qimiz va tarkibida etanol bo‘lgan (0,5 foizdan ortiq) boshqa achitilgan sutli mahsulotlar;
• Qo‘ziqorinlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar;
• Kvas;
• Xom dudlangan go‘shtli gastronomik mahsulotlar va kolbasalar, shu jumladan, qaynatilgan kolbasa;
• Sirka, xantal, xren(yerqalampir), o‘tkir qalampir (qizil, qora) va boshqa o‘tkir ziravorlar;
• O‘tkir ta’mli souslar, ketchuplar, mayonez, konservalar, marinadlangan sabzavot va mevalar;
• Tabiiy kofe, tetiklantiruvchi va quvvatni oshiruvchi energetik va alkogol ichimliklar;
• Pazandalik moylari, cho‘chqa yog‘i, margarin va boshqa gidrogen yog‘lar;
• Danakli mevalarning mag‘zi, saqich, meva va rezavorlilardan tayyorlangan yaxna ichimliklar va morslar (termik ishlovsiz);
• Okroshka va sovuq sho‘rvalar, yog‘da qovurilgan tuxum, pashtet, go‘sht va tvorogli quymoqlar.
• Tez tayyorlanadigan quruq oziq-ovqat konsentratlari asosidagi birinchi va ikkinchi taomlar maktab oshxonalarida bo‘lishi taqiqlanadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 25.03.2024
- Ko'rishlar: 2070
- Chop etish