Statistika agentligi ma’lumotlariga asosan O‘zbekistonda Markaziy bank Mehnat bozori sharhida Mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiyalar) soni bilan o‘lchanadigan ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshdi.
Mamlakatimizda o‘tgan yilning ikkinchi yarim yilligidan boshlab mehnat bozori ko‘rsatkichlari yaxshilanishda davom etmoqda. 2023 yil yakuniga, yuqori investitsion faollik sharoitida jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,3 foizga oshdi.
Iqtisodiyotdagi ishsizlik darajasi sezilarli darajada kamayib, 6,8 foizni tashkil qildi. Bandlikka asosiy hissa qo‘shgan sohalar qurilish va savdo tarmoqlari bo‘lsa-da, qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar soni kamaydi.
Qayd etilishicha, ushbu davrda bo‘sh ish o‘rinlarining o‘rtacha soni qariyb 36,8 mingtani tashkil etib, 2023 yil dekabr oyi ko‘rsatkichlariga nisbatan 14 foizga oshgan. Eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari chakana savdo, qurilish, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va ta’lim sohalarida shakllanishda davom etmoqda.
Hududlar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlarining asosiy qismi Toshkent shahri (60 foiz atrofida), Samarqand (11 foiz) va Toshkent viloyatlariga (9 foiz) to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, yil boshidan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 8,2 foizga oshib, 262,8 ming kishini tashkil etdi. Tadbirkorlar asosan chakana savdo (+8,6 foiz) va maishiy xizmat ko‘rsatish (+18,9 foiz) yo‘nalishlarida ro‘yxatdan o‘tmoqda. Ushbu holat o‘zini o‘zi band qilganlar bilan ham kuzatilib, ularning soni yil boshidan 287 ming kishiga yoki 11,8 foizga oshgan (2,8 million kishi). Bo‘sh ish o‘rinlari va bandlik dinamikalari birgalikda joriy yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish yuqori bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Qurilish va xizmatlar sohasining o‘sishi kelgusida umumiy iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, chakana savdoda bandlikning yuqori sur’atlarda o‘sishi iqtisodiyotda talabning saqlanib qolayotganini bildiradi.
Ish qidirayotganlar orasida e’lonlarning salmoqli qismi transport, qurilish, buxgalteriya va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalariga to‘g‘ri kelmoqda. Mehnat bozorida talabning mavjudligiga qaramasdan, uning ishchi kuchi taklifi bilan ayrim tarkibiy nomutanosibliklari mavjud. Bu bir tomondan, oldingi davrlardagi bo‘sh ish o‘rinlari sonining sezilarli qismi saqlanib qolayotganida (dastlabki, T-1 davrida 64 foiz va T-2 davrida 55 foiz atrofida), boshqa tomondan esa, xususiy sektordagi yuqori va o‘rta malakali ishchilarning ish haqlari o‘rtasidagi tafovutda namoyon bo‘lmoqda.
Bunda maxsus ko‘nikmalar talab etiladigan axborot texnologiyalari, o‘zini-o‘zi band qilganlar yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘ng masshtab tibbiyot, ishlab chiqarish kabi sohalarda bo‘sh ish o‘rinlari o‘tgan davrlardan saqlanib qolayotgan bo‘lsa, maishiy xizmatlar, qo‘riqlash/xavfsizlik xizmatlari va talabalar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yuqori tezlikda yangilanib kelmoqda.
Ish haqi dinamikasi mehnat bozorining joriy holatini o‘zida aks ettirishda davom etmoqda. 2024 yilning birinchi choragida ish haqining nominal o‘sish sur’ati yillik 19,8 foizni, inflyatsiyani hisobga olgan holda esa 9,8 foizni tashkil etdi. Xususan, ishchi kuchiga bo‘lgan yuqori talab fonida, savdo (24,4 foizga) hamda axborot va aloqa (23,5 foizga) sohalarida yuqori ko‘rsatkichlar saqlanib qoldi.
Qurilish sohasida mehnat resurslari taklifining o‘sishi hisobiga ish haqi o‘sishi pastroq shakllanmoqda (6,6 foiz). Iqtisodiyotdagi bandlik va ishlab chiqarish darajasini inobatga olganda, xizmat ko‘rsatish sohalarining aksariyatida mehnat unumdorligi ish haqi o‘sishidan ortda qolib (1-ilova), bu xizmat ko‘rsatish sohasi tomonidan inflyatsiyaga bosim beruvchi omillardan biri bo‘lib qolmoqda.
Birinchi chorakda tashqi mehnat migratsiyasi tendensiyalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi. Bu birinchi navbatda, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,6 foizga oshgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari dinamikasida o‘z aksini topdi.
Joriy davrdagi pul o‘tkazmalarining o‘sish tendensiyasi so‘nggi pul-kredit siyosati sharhida taqdim etilgan bazaviy prognozlar doirasida shakllanmoqda. Ayni paytda, xorijiy davlatlar tomonidan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga bo‘lgan talab yuqori shakllanib kelmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi chorakda xorijiy bo‘sh ish o‘rinlari soni 46 mingdan ortiqni tashkil qilgan. Shu bilan birga, talab geografik jihatdan ham kengayib bormoqda. Xususan, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Vengriya, Belarus Respublikasi va boshqa davlatlar shular jumlasidandir.
Xorijiy bo‘sh ish o‘rinlarida ma’lum ko‘nikma va malakalarga bo‘lgan talab muhojirlarning ishga joylashishida asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, xususan, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish, migrantlarning malakasini hamda til bilish darajasini oshirish o‘rta muddatli istiqbolda mamlakatga qo‘shimcha mehnat dividendini oshirish imkonini beradi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 1580
- Chop etish