Xorazm viloyatining ko‘hna Xiva shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining ikkinchi parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari va delegatsiyalari, shu jumladan, yoshlar parlamenti va guruhlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.
Senat Raisi T.Norboyeva Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar rahbarlarining oliy darajada erishayotgan kelishuvlarini samarali amalga oshirish, hamkorlik formatlarini yanada rivojlantirishda parlamentlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Senat Raisi parlamentlararo hamkorlik doirasidagi ishlarni faollashtirish yuzasidan qator takliflar bildirdi. Shundan so‘ng har bir davlat delegatsiyasi rahbari o‘z kirish so‘zida forum ahamiyati, undan kutilayotgan natijalar, maqsad va vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etish joizki, forum Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari, davlat hokimiyati vakillik organlari, yoshlar parlamentlari hamda xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirishni maqsad qilgan.
Anjuman o‘z ishini 4 ta panel sessiya doirasida davom ettirdi. Forum natijalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikning yangi shakllari va yo‘nalishlari ishlab chiqildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda parlamentlararo komissiyalar, do‘stlik guruhlari va mahalliy vakillik organlarining ishtirokini kengaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar parlamentlari va guruhlarining mintaqa parlamentlari rahbarlariga murojaatlari yuborildi. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda xotin-qizlar va yoshlarning rolini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlarining parlamentlararo tashabbuslari doirasidagi hamkorlik va keyingi harakatlar uchun asos bo‘ladigan Xiva deklaratsiyasi qabul qilindi.
Norgul ABDURAIMOVA, Bekzodbek Saidov (surat), OʻzA muxbirlari
- Qo'shildi: 13.09.2024
- Ko'rishlar: 745
- Chop etish