Mamlakatimizda 530 dan ortiq nashriyot faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, matbaa korxonalari soni esa 1931 tani tashkil etadi. Sohadagi tadbirkorlik subyektlari soni 2020-yilga nisbatan qariyb 3,5 barobarga oshgan. Nashriyotlarning 59 tasi davlat ulushiga ega bo‘lsa, qolgan xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Noshirlik va matbaa sohalarini rivojlantirish, ular faoliyatini tartibga solish, kitobxonlikni yanada rivojlantirish yo‘nalishida o‘nta me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan.
O‘rganish va tahlillarga ko‘ra, nashriyotlar tomonidan 2022–2023-yillarda har yili o‘rtacha 7,5 ming nomda jami 35,8 million nusxada turli adabiyotlar nashr etilgan.
Bu Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.
Senatorlar, soha vakillari ishtirok etgan majlisda “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning ijrosi holati, qonunchilikdagi bo‘shliqlar va amaliyotdagi muammolar muhokama qilindi.
Matbaa sohasini va bosma mahsulotlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida mavjud korxonalarning faoliyati texnologik modernizatsiya qilingan. Matbaa korxonalari tomonidan umumiy qiymati 25,2 million AQSH dollariga teng jami 825 matbaa uskunasi olib kelingan va o‘rnatilgan.
Majlisda noshirlik va matbaa sohasida tizimli muammolar, muayyan kamchiliklar borligiga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, yuridik shaxslar muassisligida tashkil etilayotgan ayrim nashriyotlarda kitob mahsulotlarini tayyorlash jarayonlarida tahririyat faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq majburiyatlar yo‘qligi sababli qonunbuzilish holatlari ko‘paygan. 293 nomdagi kitobda qonunbuzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan 37 nashriyot rahbari va ularning muassislariga 46 taqdimnoma kiritilgan.
Bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan asarlarni yaratish bo‘yicha ijtimoiy buyurtmalarni shakllantirish hamda yozuvchi va shoirlarning faoliyatini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Nashriyotlar, Internet saytlari va boshqa foydalanuvchilar tomonidan asar mualliflarning (merosxo‘r) ruxsatisiz ularning asarlardan ochiqdan ochiq foydalanish holatlari odatiy tusga aylanib bormoqda.
Oqibatda tadbirkorlik subyektlari tomonidan yashirin daromad olish va mualliflik huquqi egalariga haq to‘lamaslik holatlari ko‘paygan. Bu esa ijodkorlarning yangi asarlar yaratish borasidagi ijodiy faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 111 holatda 162,7 million so‘mlik matbaa mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan. Nashriyotlar tomonidan mualliflik huquqlariga rioya etmasdan kitob nashr etish holatlari yuzasidan 11 holatda ma’muriy va fuqarolik sudlari tomonidan jami 472 million so‘m mablag‘ jarima sifatida mualliflar foydasiga undirilgan.
Noshirlik va matbaa sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha, xususan, kontrafakt va standart talablariga javob bermaydigan matbaa mahsulotlar aylanmasi bilan bog‘liq huquqbuzarlik yuzasidan ma’muriy chora qo‘llash mexanizmlari ishlab chiqilmagani majlisda aytib o‘tildi.
Chekka hududlarda kitob mahsulotlarni iste’molchilarga yetkazib berish va sotishga ixtisoslashgan do‘konlarning yetarli emasligi aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikning ommalashishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Majlisda milliy qadriyatlar, aholi mentalitetiga to‘g‘ri kelmaydigan, bolalar va o‘smirlar ongiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan noshirlik va matbaa mahsulotlarining kirib kelishiga chek qo‘yish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 01.05.2024
- Ko'rishlar: 1761
- Chop etish