Biz barpo etayotgan kelajakka yoshlar katta qiziqish va manfaatdorlik bilan qaramoqda, deb ta'kidladi BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel` Bachelet bugun Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga yo'llagan videomurojaatida.
"Men Xalqaro yoshlar kuni ilk bor nishonlanganiga 20 yil to'lgan sanada ushbu anjumanning virtual ishtirokchisi bo'lib turganimdan juda mamnunman. Koronavirus pandemiyasi va iqlim o'zgarishi - ana shu ikkita o'zaro bog'liq falokat barqaror rivojlanish yo'lidagi olg'a qadamlarimizni susaytirish bilan tahdid solayotgan va inson huquqlari sohasidagi ko'plab muhim maqsadlarimizni xavf-xatarga qo'yayotgan hozirgi davrda navqiron insonlarning barcha faoliyat sohalarida va ijtimoiy hayot yo'nalishlarida yanada keng ishtirok etishini kuchaytirish uchun ish olib borishimiz hayotiy muhim hisoblanadi", deb qayd etdi M.Bachelet.
Aynan yoshlar, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissarining fikricha, umumjahon inson huquqlarini himoya qilish, barqaror rivojlanishga erishish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishning oldingi marralaridadir. "Butun dunyodagi hukumatlar yoshlarga xos bunday faollikning qadr-qimmatini tan olishlari va ularning afzalliklaridan to'la foydalanishga intilishlari lozim", deb ta'kidladi u.
Mishel Bachelet, shuningdek COVID-19 pandemiyasi bugungi yoshlarga vayronkor ta'sir ko'rsatishining ko'plab alomatlari mavjudligiga e'tiborni qaratdi. Ta'lim, kasbga tayyorlash tizimi va mehnat bozoriga jiddiy ziyon yetkazilgan. Bu muammolarga yechim topish uchun tengsizlik va taraqqiyot taqchilligiga barham berish hamda bu muammolarning oldini olishga qaratilgan samaralari choralar orqali COVID-19 pandemiyasiga munosib javob qaytarish taqozo etiladi. Ayni chog'da, aksariyat mamlakatlarda navqiron insonlar o'zlarining jamiyatlarida pandemiyaga qarshi kurashish uchun tibbiyot va ijtimoiy sohalar xodimlari bilan birlashib ish olib borayotganlari ta'kidlandi.
«Mazkur Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi - mintaqaning barcha navqiron insonlari uchun o'z tajribalarini o'rtoqlashishga qulay imkoniyat bo'lsa, hukumatlar vakillari uchun - ana shu yoshlarni tinglash
imkoniyatidir. Bu barcha ishtirokchilar uchun barqaror rivojlanishga erishishda yoshlarning rolini oshirish yo'llarini izlash, bunda siyosat yoshlarning ehtiyojlari va ovozlarini hisobga olishini ta'minlash imkoniyati hamdir. Men teran, ochiq va samarali munozaralar uchun shunday sharoitni taqdim etgani uchun hukumat vakillariga minnatdorchilik bildiraman", deb ta'kidladi o'z murojaatida BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari.
"Biz inson huquqlari, ayniqsa, navqiron avlod huquqlari kundalik voqelikka aylanishiga erishmog'imiz uchun hali oldimizda olis yo'l turibdi", deb hisoblaydi YUNESKO Bosh direktori Odri Azule. "Ushbu huquqlarni hayotga joriy etish, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish – YUNESKOning kelajak avlodga sodiqligi zamirida ayni shu haqiqatlar mujassam. Bu, birinchidan, ta'lim olish orqali yoshlarning o'z salohiyatini to'liq namyon etish imkoniyatini nazarda tutadi. YUNESKO, sizga ma'lumki, ushbu huquqni, ayniqsa, aholining zaif qatlamlari - yoshlar, qizlar, ayollar, qochoqlarning bu boradagi huquqini rag'batlantarishning qat'iy tarafdoridir", deb qayd etdi Odri Azule bugun Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi ishtirokchilariga yo'llagan videomurojaatida.
Uning fikricha, navqiron insonlar ertangi dunyoda - raqamli istiqbollar va atrof muhitni himoya qilish muammolari haddan tashqari dolzarblik kasb etadigan dunyoda erkin olg'a yurishlari uchun ularni maqbul vositalar bilan ta'minlash zarur. YUNESKO ushbu sohalarda yoshlarning zarur ko'nikmalarini oshirish borasida izchil ish olib bormoqda. Shuningdek, yoshlar shunchaki tomoshabinlariga emas, balki faol ishtirokchilarga aylanishlari uchun bu boradagi siyosatni ishlab chiqishda yoshlarning ishtiroki keng qo'llab-quvvatlanmoqda.
"Parlamentlararo ittifoq kabi, mening o'zim ham navqiron yigit va qizlarning shiddat-shijoatiga astoydil ishonaman", dedi Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong. Ma'lumki, Parlamentlararo ittifoq global parlament tashkiloti bo'lib, 179 ta milliy parlament unga a'zodir.
"Shuni faxr bilan ayta olamanki, yoshlarning siyosiy hayotda ishtirok etishi bizning strategik ustuvor maqsadlarimizdan biri hisoblanadi. Bugun biz insoniyat tarixidagi hal qiluvchi damlarda uchrashib turibmiz. Bu damlar xotiramizda ham, shuningdek bizdan keyingi ko'plab avlodlar saboq oladigan maktab darsliklarida ham saqlanib qoladi. Bizning mazkur virtual shakldagi uchrashuvimiz - g'ayriodatiy davrimizdan guvohlik berib turibdi", deb ta'kidladi Parlamentlararo ittifoq rahbari.
Uning qayd etishicha, "jahon hamjamiyati kutilmagan muammolarni hal etishga harakat qilayotgan hozirgi davrda dunyoning ko'proq innovatsiyalar, ko'proq shiddat-shijoat va ko'proq g'oyalarga ehtiyoji kuchlidir. Yoshlarda ayni shu omillarning barchasi mavjud. Shu ma'noda, aytmoqchimanki, yoshlarning siyosatda ishtirok etishi - bu nafaqat amalga oshirilishi zarur bo'lgan huquq, ayni chog'da, bizning yalpi kelajagimizga tikadigan sarmoyamiz hamdir".
Parlamentlararo ittifoqning yoshlarni qo'llab-quvvatlash sohasidagi faoliyati haqida so'z borganda, shuni ta'kidlash joizki, Parlamentlararo ittifoq "yosh deputatlarning rahbarlik lavozimlariga saylanishiga, shuningdek parlament tarkibidagi yoshlar fraktsiyalari va qo'mitalari kabi yoshlar faoliyati bilan bog'liq mexanizmlar tatbiq etilishiga ko'maklashadi".
Tabiiyki, anjumanga "Yoshlar 2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusini tanlagan xalqaro forum ishtirokchilari Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiya loyihasini ham muhokama qildilar. Mazkur xalqaro konventsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMTning 72-sessiyasida ilgari surilgan.
Samarqand forumi davomida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, bunday Konventsiyaning zarurati bugungi kun voqeliklari va talablari, sohada o'z yechimini kutayotgan masalalar bilan o'zaro bog'liq va hamohangdir.
Birinchidan, yoshlarning hozirgi avlodi dunyo tarixi bo'yicha olib qaraganda eng ko'p sonlisi hisoblanadi, ammo ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ta'minlashga yetarli e'tibor qaratilmayapti.
Ikkinchidan, yosh avlod ijtimoiy sub'ekt sifatida davlat va jamiyatning har tomonlama — yoshlarni rivojlantirishga yo'naltirilgan muayyan resurslarni ajratish, davlat yoshlar siyosatining inson huquqlari bilan bog'liq zamonaviy infratuzilmasini yaratish kabi qo'llab-quvvatloviga muhtoj.
Uchinchidan, aholining yoshlar qatlami uchun yosh chegarasining xalqaro mezonlarini ishlab chiqish va buni yoshlar huquqlari hamda ularni ta'minlash bo'yicha davlat majburiyatlari o'rnatilgan xalqaro hujjatda belgilash muhim ahamiyatga ega bo'lgani holda, hozirgacha bunday hujjat mavjud emas.
To'rtinchidan, bugungi kunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda BMTning “Yoshlar — 2030” yoshlar strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Lekin hamon belgilangan aniq maqsadlar va mezon ko'rsatkichlari bo'yicha yoshlarning rivojlanish istiqbollarini namoyon etuvchi zamonaviy xalqaro model` yaratilmagan.
Shu ma'noda, O'zbekiston Prezidentining Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi ishtirokchilariga tabrigida "bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qo'llab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini o'z amaliy takliflari bilan boyitadilar", deb ishonch bildirilgani bejiz emas.
Shuni ham qayd etish kerakki, Samarqand forumining asosiy milliy tashkilotchisi O'zbekiston Hukumati hisoblanadi. Xalqaro anjumanni o'tkazish mas'uliyati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan.
Forum BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda ushbu Boshqarmaning Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi, BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari bo'yicha byurosi, YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert fondi kabi bir qator xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda o'tkazilmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.08.2020
- Ko'rishlar: 4089
- Chop etish