MSK majlisida saylov natijalari rasman tasdiqlandi

2024 yil 27 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar yuqori darajada tashkil etildi. Davlatimiz tarixida birinchi marotaba aralash saylov tizimi asosida o‘tgan parlament saylovlari xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham alohida e’tirof etildi.

Amaliyotimizga aralash saylov tizimining joriy etilishi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, jamiyatimizdagi demokratik muhitga yangi quvvat bag‘ishlagani saylovoldi tashviqoti davomida yaqqol namoyon bo‘ldi. Saylovni 65 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchilar, 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi, 1 000 dan ortiq mahalliy va xorijiy OAV vakillari keng yoritishda ishtirok etdi.  

Joriy yilning 28 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning dastlabki natijalari e’lon qilindi. Shundan kelib chiqib, bugun, 29 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.  

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi Raisi saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning 74,72 foizi ishtirok etgani hamda saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning har biri saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yetti foizidan ko‘p ovoz to‘plaganini qayd etdi. Shu sababli 2024 yil 27 oktyabrda o‘tkazilgan yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi o‘tgan va haqiqiy deb topildi.  

Majlisda shuningdek, hududiy saylov komissiyalarining siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarni aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalariga asosan yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov natijalarini aniqlash va deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.  

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylov natijalari va deputatlik o‘rinlarini siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash Saylov kodeksining 96/1-moddasiga asosan amalga oshirildi. Ya’ni, saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining yetti va undan ko‘proq foizini olgan barcha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar soni yetmish beshga bo‘lingan holda saylov koeffitsiyenti aniqlanib, siyosiy partiyalar to‘plagan ovozlar soni  saylov koeffitsiyentiga bo‘lindi.  

Shundan kelib chiqib, yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi saylovida deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 26 ta deputatlik o‘rni, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 14 ta deputatlik o‘rni, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 13 ta deputatlik o‘rni, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik o‘rni, O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 10 ta deputatlik o‘rni.  

Majlisda yuqoridagi taqsimotga asosan Markaziy saylov komissiyasining bayonnomasi rasmiylashtirilib, qaror bilan tasdiqlandi.  

Bundan tashqari, qaror bilan deputatlik mandatlari taqsimlangan siyosiy partiyalar va partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan deputatlarga xabarnomalar yuborish belgilandi.  

Shundan so‘ng, Markaziy saylov komissiyasi ularni Qonunchilik palatasi deputati etib ro‘yxatga oladi.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA

Powered by GSpeech